“Xitoy – Markaziy Osiyo-2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi

24-aprel kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun  bilan uchrashdi. Suhbat chog‘ida tomonlar inson huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish borasidagi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlarini, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoyning tegishli tuzilmalari o‘rtasidagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish istiqbollarini muhokama qildi.

Mintaqaviy muloqotni mustahkamlash, tajriba almashish va huquqni himoya qilish kun tartibini ilgari surish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish maqsadida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Xitoy – Markaziy Osiyo-2026” forumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni mazmunan boyitish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, bo‘lajak tadbir inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilishning zamonaviy yondashuvlarini muhokama etish, ekspertlar hamkorligini kengaytirish hamda mintaqadagi gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan amaliy tavsiyalar ishlab chiqish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Tomonlar Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va Xitoy Xalq Respublikasining diplomatik missiyasi o‘rtasidagi konstruktiv va ishonchli muloqot qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mavzuga doir tadbirlarni o‘tkazish hamda inson huquqlari sohasida ilg‘or tajriba almashish uchun qulay sharoit yaratishini alohida qayd etdilar.

Uchrashuv yakunida tomonlarning o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga, shuningdek, “Xitoy – Markaziy Osiyo-2026” forumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni izchil davom ettirishga tayyorligi tasdiqlandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech