Xotira va qadrlash kuniga mo‘jaz ma’rifiy tuhfa
7-may kuni O‘zbekiston Milliy kutubxonasida “O‘zarxiv” agentligi tomonidan tayyorlangan “O‘zbekiston – najot yurti” nomli tarixiy-hujjatli to‘plam taqdimoti o‘tkazildi. Taqdimot ishtirokchilari e’tiboriga to‘plamdan o‘rin olgan rasmlar ko‘rgazmasi ham havola etildi.
Ushbu arxiv hujjatlari to‘plami Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonga aholini evakuatsiya qilish tarixiga bag‘ishlangan ilk maxsus milliy nashrdir. Unga O‘zbekiston Milliy arxivi, O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari Milliy arxivi, Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari Milliy arxivi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi markaziy davlat arxivi, Toshkent shahar markaziy davlat arxivi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari davlat arxivlarida saqlanayotgan manbalar bo‘yicha izlanishlar natijasida aniqlangan tarixiy hujjatlar kiritilgan.
To‘plamda o‘zbek xalqining ko‘chirib keltirilgan aholi, bolalar va urush nogironlariga ko‘rsatgan beg‘araz yordami, fan, ta’lim, madaniyat va tibbiy yordam kabi sohalar ochib berilgan. Urush davriga oid hujjatlar son jihatdan ko‘pligini inobatga olib, mavzular bo‘yicha tanlab olingan.
O‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etilgan mazkur to‘plam tarixchi, arxivshunos, o‘qituvchi, talaba-o‘quvchilar hamda yurtimiz tarixiga qiziquvchi barcha kitobxonlarga mo‘ljallangan.
Taqdimotda so‘zga chiqqanlar to‘plamning yaratilishi, mazmun-mohiyati va tarixiy voqealarga daxldorlik darajasi haqida gapirdilar. Xususan, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov poytaxtimizdagi “G‘alaba bog‘i”da va xorijda yangi kitobning taqdimotlarini o‘tkazishni tavsiya etdi.
A.Saidovning e’tirof etishicha, mazkur nashr Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan aholi taqdiriga bag‘ishlangan bo‘lib, ilk bor keng qamrovli arxiv hujjatlari asosida tayyorlangan. Kitob 11 ta yirik bo‘limdan iborat va ayni bo‘limlarda evakuatsiya jarayonining barcha bosqichlari tizimli ravishda yoritilgan.
Og‘ir urush sharoitida O‘zbekiston o‘z uyidan ayrilgan minglab insonlar uchun haqiqiy najot maskaniga aylandi. Turli millat vakillari o‘zbek xalqi bilan birgalikda front ortida fidokorona mehnat qilib, yuksak insonparvarlik va bag‘rikenglik namunalarini namoyon etdilar.
Butun mamlakat uchun og‘ir bo‘lgan urush yillarida O‘zbekiston urush dahshatlaridan, o‘lim va vayronagarchilikdan, natsistlar genotsididan qochgan barcha insonlarni, dini va millatidan qat’i nazar, o‘z bag‘riga oldi. Agar xalqimiz shunday bag‘rikenglik va mehribonlik fazilatlarini ko‘rsatmaganida, urush qurbonlarining soni yanada ko‘paygan bo‘lur edi.
Ma’lumot uchun: Ikkinchi jahon urushi yillarida O‘zbekistonga 1,5 milliondan ortiq aholi evakuatsiya qilingan. Shularning 250 ming nafari bolalar bo‘lgan.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский