“Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026”  forumi yakunida Qirg‘iziston delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi

Toshkentda 14-may kuni o‘z ishini yakunlagan “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumi doirasida 15-may kuni Qirg‘iziston Respublikasi delegatsiyasi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev g‘oyasi bilan barpo etilgan ushbu ulkan majmua milliy tariximizni zamonaviy taraqqiyot bilan tutashtiruvchi ilmiy-ma’naviy maskandir. Qirg‘izistonlik mehmonlar bu yerda O‘zbekistonning boy ma’naviy merosi va intellektual salohiyatini o‘zida mujassam etgan ekspozitsiyalar bilan tanishdilar.

Mehmonlarning asosiy e’tibori Shon-sharaf zali, Qur’oni Karim zali hamda islomgacha bo‘lgan davrni yorituvchi So‘g‘d zalidagi nodir tarixiy eksponatlarga qaratildi. Shuningdek, ularga “Bag‘rikenglik” maydonida dinlararo totuvlik an’analari, Baqtriya va Xorazm sivilizatsiyalari hamda Buyuk Ipak yo‘liga bag‘ishlangan bo‘limlar mazmun-mohiyati g‘oyat manzur bo‘ldi.

Qirg‘iz qardoshlarimizning ta’kidlashicha, bu yerdagi ilg‘or texnologiyalar bilan bezatilgan zallar Sharq Renessansi davri, islom ilmi va madaniyatining yorqin sahifalarini teran va jonli tarzda yetkazib berishi bilan alohida tahsinga loyiq.

Delegatsiya a’zolari ushbu maskan xalqlar o‘rtasidagi madaniy muloqotni mustahkamlashda muhim ko‘prik vazifasini o‘tashini alohida e’tirof etib, Markaz rahbariyatiga chuqur minnatdorchilik izhor qildilar. Qirg‘izistonlik mehmonlarning ushbu tashrifi forumning muvaffaqiyatli yakuniy tadbirlaridan biriga aylandi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech