“Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026”: O‘zbekiston va Qirg‘iziston vakillari muloqoti
Toshkent shahrida 14-mayda bo‘lib o‘tgan “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumi ishtirokchilar uchun qamrovdor muloqot maydoniga aylandi. Forum doirasida ochilish marosimi, yalpi majlis, uchta panel yig‘ilishi, Memorandum imzolash tadbiri va “Toshkent tashabbusi” nomli Yakuniy hujjat taqdimotlari o‘tkazildi.
Forum muloqotlari hatto qisqa tanaffuslar paytida ham davom etdi va bunday jonli muloqotlar hamkorlarimizning ikki tomonlama va ko‘p tomonlama munosabatlari istiqbolini yanada aniq-puxta belgilab olishda o‘ziga xos ahamiyat kasb etdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidovning Qirg‘iziston delegatsiyasi vakillari bilan ikki tomonlama uchrashuvi shunday muloqotlar sirasiga kiradi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida boshqa sohalar qatori inson huquqlari sohasidagi hamkorlik ham izchil rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. Ikki mamlakat Prezidentlarining doimiy va samarali muloqotlari ushbu jarayon rivojida namuna bo‘lib xizmat qilayotgani e’tirof etildi. Davlatlarimizning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlari o‘rtasidagi ko‘p yillik hamkorlik holati yuqori baholandi.
Suhbat asnosida Qirg‘iziston Respublikasi Ombudsmani (Akiykatchi) instituti vakillari samimiy muloqot va forumda ishtirok etish imkoniyati berilgani uchun minnatdorlik izhor etdilar. Shuningdek, “Xitoy – Markaziy Osiyo – 2026” inson huquqlarini rivojlantirish forumi kun tartibiga kiritilgan masalalar g‘oyat muhim va dolzarb ekanligi ta’kidlandi.
Tomonlar hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan bir qator amaliy takliflarni muhokama qildilar. Jumladan, huquqni muhofaza qilish organlari va ijtimoiy soha mutaxassislari uchun qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish, migratsiya sharoitida ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirish fikr almashildi. Mazkur tashabbuslar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlab, mintaqaviy hamkorlik maydonini shakllantirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Milliy markaz direktori qo‘shni va qardosh mamlakat vakillarini joriy yil Samarqandda o‘tkaziladigan beshinchi Inson huquqlari forumiga taklif qildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский