Akademik Akmal Saidov “Dunyo mamlakatlari” ensiklopediyasini yuqori baholadi
12-iyun kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori va taniqli jurnalist Laziz Rahmatovning “Dunyo mamlakatlari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mamlakatimiz ilm-fani, madaniyati va adabiyoti namoyandalari, olimlar, shoir va yozuvchilar, shuningdek, turkiy dunyo xalqlarining mashhur ijodkorlari – 60 nafardan ortiq ziyolilar ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi, akademik Akmal Saidov so‘z olib, dastavval, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz miqyosida izchillik bilan amalga oshirilayotgan “Milliy kitobxonlik harakati” doirasida O‘zbekiston Milliy kutubxonasi va Milliy markazning o‘zaro hamkorlikdagi yangi kitoblar taqdimotlari mamlakatimizda ma’naviyat va ma’rifat, mutolaa va kitobxonlikni rivojlantirishdek ezgu maqsadlar ijobatiga qaratilganini qayd etdi. Bu borada muhtasham asar – “Dunyo mamlakatlari” ensiklopediyasining taqdimoti dunyodagi barcha davlatlarni o‘rganish sohasidagi o‘ziga xos ahamiyati bilan alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.
Akademik A. Saidov e’tirof etganidek, mutolaa va kitobxonlik insoniyat sivilizatsiyasi va milliy o‘zlikni anglashning asosidir. Bu borada xalqaro tajriba va milliy qadriyatlar uyg‘unligi, ayniqsa, muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, dunyo xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirishda kitob eng qudratli vosita hisoblanadi.
Bugungi globallashuv davrida, bir tomondan, jahonda mutolaa jarayonlarining bir qadar susaygani, ikkinchi tomondan, raqamli texnologiyalar asrida kitoblarning axborot makonidagi o‘rni va kitobxonlik odatlari o‘zgarayotganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi, albatta. Ammo, shunga qaramay, insoniyat uchun bosma kitobning intellektual salohiyatni oshirishdagi o‘rnini hech qaysi raqamli axborot almashtira olmasligi tayin.
Shu ma’noda, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan davlat siyosatida Yangi O‘zbekistonda aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida mutolaa madaniyatini yuksaltirish umummadaniy taraqqiyot konsepsiyasining ajralmas qismi sifatida baholanayotgani bejiz emas. Chunki kitob — bilim manbai. Ayniqsa, qomusiy kitoblarni o‘qish global dunyoni har tomonlama bilish va o‘rganish, g‘oyibona kashf etish uchun juda muhim.
Binobarin, 1 ming 168 betlik “Dunyo mamlakatlari” nomli ensiklopediya endilikda xuddi shunday maqbul va va foydali qomusiy manbalar qatoridan joy oldi. Kitob ilk bor 2019-yilda nashr etilgan bo‘lib, Yangi O‘zbekistonning jahonga ochiqlik siyosatiga oid qo‘shimcha ma’lumotlar bilan yanada boyitilgan holda, 2026-yilda yangidan nashr etilgani diqqatga sazovor.
Muallifning ushbu salmoqli kitobida jahondagi 236 ta mamlakat va o‘zini o‘zi boshqaruvchi hududlar haqidagi asosiy ma’lumotlardan tortib, boshqaruv shakli, ma’muriy bo‘linishi, joylashuvi, tabiati, tarixi hamda iqtisodiyotiga oid batafsil ma’lumotlar jamlangan. Global dunyoda tobora avj olayotgan beqarorliklar tufayli har bir mamlakat o‘z boshidan kechirayotgan turli sinovlar, yangi hukumatlarning yangicha siyosatlari, tashqi siyosati, O‘zbekiston bilan o‘zaro munosabatlari, e’tiborga molik qiziqarli ma’lumotlar ham nashrga kiritilgani uning dolzarbligini yanada oshirgan.
Ensiklopediyani chop etishda zamonaviy matbaa-noshirlik salohiyatidan samarali foydalanilgan. Sahifalardagi mingga yaqin rangli rasmlar kitobning ko‘rkam va rang-barang bo‘lishini ta’minlagan. O‘quvchilarga foydalanish qulay bo‘lishi uchun kitob ilk bor elektron formatda ham taqdim etilmoqda.
Akademik A. Saidov muallifning ushbu enitsiklopediyani har yili yangilab borish niyatini ma’qullar ekan, kelgusida nashrni “Kirish so‘zi” bilan to‘ldirish muhimligiga e’tiborni qaratdi. Shuningdek, qomusiy kitobning maktablar va mahallalar kutubxonalariga ham yetkazib berilishi muhimligi ta’kidlandi.
Ma’lumot uchun: ensiklopediya muallifi Laziz Rahmatov 1981-yil 21-aprelda tug‘ilgan. 2002-yilda O‘zbekiston Milliy universitetining jurnalistika fakultetini (bakalavr), 2011-yilda O‘zbekiston Davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakultetini (magistr) bitirgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini himoya qilgan. “Shuhrat” medali sohibi.
Turli yillarda “Fidokor” gazetasi, “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi”, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA va “Jahon” axborot agentligi, Prezident Administratsiyasida mas’ul lavozimlarda ishlagan.
Taniqli jurnalist va olim, tarjimon va dramaturg Laziz Rahmatov ijodi, ilmiy va jurnalistik faoliyatining eng ahamiyatli jihati – global siyosiy-geografik jarayonlar, xalqaro tajribalar va ijtimoiy masalalarni ilmiy va ilmiy-ommabop tarzda keng kitobxonlar ommasiga yetkazib berishi bilan ajralib turadi. U 10 ga yaqin ilmiy qo‘llanma, pesa va kitoblar muallifi hisoblanadi. Respublika miqyosidagi “Qanot” ijodiy loyihasi muallifi hamdir.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский