Buxoroda profilaktika inspektorlari uchun seminar-trening o‘tkazildi

22-iyun kuni Buxoro shahrida huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, shuningdek, ichki ishlar organlari va mahalla tizimi o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan seminar-trening tashkil etildi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan o‘tkazilgan ushbu tadbir mahalla fuqarolar yig‘inlari (MFY) profilaktika inspektorlari uchun “Xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusiga bag‘ishlandi.

Seminar-treningda asosiy e’tibor profilaktika inspektorlarining huquqiy bilim va kasbiy salohiyatini oshirish, inson huquqlariga oid xalqaro standartlar hamda milliy qonunchilik normalarini amaliyotda to‘g‘ri qo‘llash ko‘nikmalarini mustahkamlashga  qaratildi. Shuningdek, mahallalarda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha samarali yondashuvlarni joriy etish masalalari alohida diqqat markazida turdi.

Tadbirni Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i, podpolkovnik Avazbek Inomov ochdi. U profilaktika inspektorlarining jamiyatda huquq-tartibotni ta’minlashdagi o‘rni haqida so‘z yuritar ekan, mahalla instituti bilan hamkorlikning ahamiyati hamda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish zarurligini ta’kidladi.

Seminarda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev so‘zga chiqib, Buxoro viloyatida inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, aholining huquqiy ongini oshirish borasidagi ishlar haqida to‘xtaldi. Shuningdek, u “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro va milliy standartlar” mavzusida ma’ruza qildi.

Tadbirda huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish, jamoat tartibini saqlash va fuqarolar bilan manzilli ishlashda faollik ko‘rsatgan 13 nafar MFY profilaktika inspektori faxriy yorliq bilan taqdirlandi. Ularga Milliy markaz tomonidan nashr etilgan huquqiy adabiyotlar taqdim etildi.

Seminarda, shuningdek, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning mintaqaviy vakili Mirshod Ochilov “Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar” mavzusida ma’ruza qildi. U bolalar huquqlarini himoya qilishda davlat organlari va jamoatchilik hamkorligining ahamiyatiga alohida e’tibor qaratdi.

Buxoro davlat universiteti Yurisprudensiya kafedrasi dotsenti, yuridik fanlar nomzodi Sharif Rajabov “Inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish — davlat va jamiyatning oliy burchi” mavzusida chiqish qildi. Ma’ruzada inson qadr-qimmatiga hurmatni ta’minlashning huquqiy asoslari tushuntirib berildi.

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Davlat va huquqiy fanlar hamda inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi dotsenti podpolkovnik Umid Fozilov “Qiynoqlarga qarshi kurash va uning ichki ishlar organlari faoliyatidagi ahamiyati” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzada huquqni muhofaza qilish tizimida insonparvarlik tamoyillarini mustahkamlash masalalariga e’tibor qaratildi.

Seminar-trening ishtirokchilar uchun nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, balki amaliy faoliyatda uchraydigan muammolar yuzasidan fikr almashish, tajriba bo‘lishish va kelgusidagi vazifalarni belgilab olish imkonini ham berdi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Powered by GSpeech