Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun trening yakuni: kasbiy etika, muloqot va operativ amaliyot masalalari tahlili
24-iyun kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida «Inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlar va qamoqda saqlash joylarini boshqarishning ilg‘or amaliyoti» mavzusidagi uch kunlik treningning yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Trening Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi hamda Ichki ishlar vazirligining qo‘shma loyihasi doirasida, YEXHT loyihalarini O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirish bo‘yicha 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi» doirasida tashkil etildi. Uchinchi kun mashg‘ulotlari kasbiy etika, ushlab turilganlar bilan muloqot va operativ amaliyot masalalariga bag‘ishlandi.
Muloqot o‘tgan kunlar davomida ko‘rib chiqilgan masalalarga qisqacha tahliliy sharh bilan boshlandi. So‘ngra Buyuk Britaniyaning Metropolitan politsiyasi (Metropolitan Police) vakillari Filip Maykl Endryus va Jon Norton Danturn ishtirokida kasbiy etika, xizmat faoliyatidagi hisobdorlik hamda qamoqda saqlash sharoitida ruxsat etilmagan usullarning qo‘llanilishini bartaraf etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shunday qilib, mazkur trening qamoqda saqlanayotgan shaxslar huquqlarini himoya qilishning xalqaro standartlari va kafolatlari, ushlab turilganlarning himoyaga muhtoj toifalari va tibbiy kafolatlar, shuningdek kasbiy etika, muloqot va operativ amaliyot mavzularini qamrab oldi. Mashg‘ulotlar nazariy sessiyalar va amaliy ishlarni uyg‘unlashtirgan holda tashkil etilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining xalqaro standartlarga muvofiq amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratildi.
Tadbir doirasida muloqot texnikalari hamda ushlab turilgan shaxslar va advokat bilan o‘zaro samarali munosabatlarni o‘rnatish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar keskinlikni yumshatish va nizoli vaziyatlar kuchayishining oldini olish ko‘nikmalarini chuqurlashtirdilar. Shuningdek, hujjatlashtirish, hisob hujjatlarini yuritish va sodir bo‘lgan hodisalarni qayd etish tartibi qiynoqlar hamda shafqatsiz muomalaning oldini olishning muhim kafolati, nazorat va monitoring vositasi sifatida tahlil qilindi.
Kunning ikkinchi yarmi vaziyatli ssenariylarga asoslangan guruhli amaliy mashg‘ulotlarga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar shaxslarni qamoqda saqlash jarayonida yuzaga keladigan murakkab vaziyatlarda xodimlarning harakat algoritmlarini amaliy tarzda ishlab chiqdilar va modellashtirdilar. Mashg‘ulotlar asosida guruhlar bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazilib, operativ faoliyatni takomillashtirishga oid amaliy tavsiyalar berildi.
Trening yakunida ishtirokchilar va xalqaro ekspertlar tomonidan qamoqda saqlash amaliyotini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, xodimlarning kasbiy tayyorgarligini oshirish hamda inson huquqlari kafolatlarini mustahkamlashga qaratilgan bir qator aniq taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
Jumladan, ushlab turilganlarning huquqlari to‘g‘risida xabardor qilish tartiblarini takomillashtirish, tibbiy ko‘rik va hujjatlashtirish amaliyotini yagona standartlar asosida tartibga solish, shuningdek, xodimlar uchun muntazam o‘quv mashg‘ulotlari va malaka oshirish tizimini joriy etishga doir takliflar bildirildi. Mazkur takliflar kelgusida amaliy faoliyatga tatbiq etish va tegishli tavsiyalarni umumlashtirish maqsadida qayd etib borildi.
Yakuniy savol-javob sessiyasi va fikr-mulohazalar almashinuvidan so‘ng tadbirning yopilish marosimi bo‘ldi. Trening ishtirokchilariga sertifikatlar tantanali ravishda topshirildi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский