Namanganda profilaktika inspektorlari uchun seminar-trening boshlandi

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan ichki ishlar organlari huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha mahalla fuqarolar yig‘inlari (MFY) profilaktika inspektorlari uchun o‘tkazilayotgan seminar-trening Namangan shahrida davom ettirildi. Ushbu ikki kunlik mashg‘ulotlar “Xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusida tashkil etilmoqda.

29-iyunda mazkur tadbirning birinchi kuni bo‘lib o‘tdi va unda 300 dan ortiq profilaktika inspektori ishtirok etdi. Tadbirda asosiy e’tibor profilaktika inspektorlarining huquqiy savodxonligini yanada oshirish, xalqaro standartlar va milliy qonunchilikdagi so‘ngi o‘zgarishlarni amaliyotga tatbiq etish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi.

Tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev va Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Oqil Iqbolov ochib berdi.

Ochilish marosimida Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilinganiga e’tibor qaratildi. Ayni seminar-trening ana shu hujjat talablarini izchil bajarish yo‘lida tashkil etilgani ta’kidlandi.

Tadbirga Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi Davlat va huquqiy fanlar hamda inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi boshlig‘i Dilorom Xudayberganova moderatorlik qildi.

Professor M. Tillaboyev “Xalqaro standartlar va mexanizmlar” mavzusida ma’ruza qilar ekan, inson huquqlarini himoya qilishning xalqaro mexanizmlari, xususan, BMTning inson huquqlari bo‘yicha shartnomaviy organlari va maxsus tartib-taomillari bilan hamkorlik qilishning amaliy ahamiyatiga alohida to‘xtaldi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan masalalar yuzasidan atroflicha so‘z yuritdi.

Ma’ruzachi 2026-yil – “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilingani munosabati bilan mahalla institutining yanada mustaqil va xalqchil tuzilmaga aylanishi, “mahalla yettiligi” faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, hududlarni kambag‘allik, ishsizlik, jinoyatchilik va oilaviy ajrimdan xoli hududga aylantirish borasidagi ustuvor vazifalarga to‘xtaldi. Mahalla — tuman (shahar) — viloyat — respublika tizimini takomillashtirish orqali aholi muammolarini o‘z vaqtida aniqlash va hal etish mexanizmlari, shu jumladan “Raqamli mahalla” elektron platformasi orqali murojaatlarni sun’iy intellekt yordamida saralash va ularning ijrosini nazorat qilish tizimining joriy etilishi muhim ahamiyatga ega ekani uqtirildi.

Seminar-trening doirasida inson huquqlarini himoya qilishning dolzarb masalalari yuzasidan yana bir qator keng qamrovli ma’ruzalar tinglandi.

Xususan, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakilining Namangan viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili Muzaffar Isayev “Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar” mavzusida ma’ruza qildi. Bunda mazkur sohada davlat organlari va jamoatchilik institutlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash zarurligiga qayd etildi.

Namangan davlat universiteti Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasi mudiri Ibrohim Atamirzayev “Inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish — davlat va jamiyatning oliy burchi” mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi inson sha’nini ulug‘lash nafaqat huquqiy, balki ma’naviy-axloqiy jihatdan ham jamiyat taraqqiyotining asosiy mezoni ekanligiga urg‘u berdi.

Seminar ishida maxsus subyektlar huquqlarini ta’minlash masalalari tahlili ham markaziy o‘rinda turibdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bosh mutaxassisi Husniddin Xolmamatov nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishda BMT Konvensiyasi normalarining profilaktika inspektorlari kundalik faoliyatidagi amaliy ahamiyatini yoritib berdi.

Shuningdek, Milliy markaz bo‘lim boshlig‘i Iqbolbek Abdumajidov hamda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi dotsenti, podpolkovnik Umid Fozilov qiynoqlarning oldini olish masalalariga to‘xtaldi. Ma’ruzachilar tomonidan huquqni muhofaza qilish tizimida insonparvarlik tamoyillarini joriy etish hamda xalqaro-huquqiy standartlarni milliy qonunchilikka yanada uyg‘unlashtirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.

Ushbu seminar-trening shunchaki nazariy muloqot bo‘lib qolmay, balki ishtirokchilar uchun amaliy faoliyatdagi muammoli vaziyatlarni tahlil qilish, tajriba almashish va kelgusidagi ustuvor vazifalarni belgilab olishda muhim platforma vazifasini ham o‘taydi.

Tadbir doirasida eng faol 10 nafar profilaktika inspektori sertifikat bilan taqdirlandi. Ishtirokchilarga seminar-trening bo‘yicha o‘quv qo‘llanma taqdim etildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Powered by GSpeech