Namangan axborot-kutubxona markazi fondi inson huquqlariga oid yangi adabiyotlar bilan boyidi
29-iyun kuni Nodirabegim nomidagi Namangan viloyat axborot-kutubxona markaziga inson huquqlari va erkinliklarini targ‘ib etuvchi yangi kitoblar turkumi topshirildi. Ushbu ma’rifiy aksiya Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etildi.
Tadbir doirasida Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatilla Tillaboyev kutubxonadagi “Konstitutsiya va inson huquqlari burchagi” faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Kutubxona xodimlari bilan o‘zaro muloqot chog‘ida ushbu ma’rifat maskani nafaqat huquqiy savodxonlikni yuksaltirishda, balki milliy adabiyotimiz va boy madaniy merosimizni kelgusi avlodlarga bezavol yetkazishda ham muhim tayanch nuqtasi bo‘lib xizmat qilayotgani e’tirof etildi.
Milliy markazning ayni tashabbusi mamlakatimiz hududlarida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, aholi, ayniqsa, yoshlarning xalqaro va milliy qonunchilikka oid bilimlarini oshirishga qaratilgan. Joylardagi kutubxonalar fondiga tizimli ravishda taqdim etilayotgan adabiyotlar inson huquqlari, gender tenglik, bola huquqlarini himoya qilish, xalqaro huquq normalari hamda konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyatini yorituvchi dolzarb mavzularni qamrab oladi.
Ushbu yangi nashrlar nafaqat keng kitobxonlar ommasi, balki huquqshunoslik sohasi tadqiqotchilari, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun ham muhim ilmiy-manbaviy bazadir. Bu kabi adabiyotlarning kutubxona fondiga kiritilishi ilmiy izlanishlar olib borayotgan mutaxassislarga sohadagi eng so‘nggi yangiliklardan xabardor bo‘lish va huquqiy bilimlarni amaliyotda samarali qo‘llash imkonini beradi.
Namangan viloyat axborot-kutubxona markazi ma’muriyati tomonidan mazkur ma’rifiy tashabbus uchun minnatdorchilik bildirildi. Taqdim etilgan adabiyotlar bu yerda Milliy markaz tomonidan tashkil etilgan “Konstitutsiya va inson huquqlari” burchagi faoliyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский