7-avgust kuni poytaxtimizda turkiyalik taniqli adib, olim va jamoat arbobi, doktor Kemal Yavuz Atamanning «Men tanigan O‘zbekiston» kitobi taqdimoti bo‘ldi. Unda mamlakatimizning boy tarixi va ma’naviy merosi, jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi o‘rni hamda Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarga xorijlik muallif nigohi aks etgan asar keng jamoatchilikka taqdim etildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov kitob muallifini va ushbu asar dunyo yuzini ko‘rishiga hissa qo‘shgan noshirlar, matbaachilar, dizaynerlar, homiylar hamda barcha xayrixoh insonlarni yangi nashr bilan tabrikladi. O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik, mushtarak tarixiy va ma’naviy qadriyatlar, Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar hamda «Ma’rifat elchilari» loyihasi doirasida o‘zbek va turk tillarida nashr etilgan mazkur kitob mamlakatimizni xalqaro maydonda xolis va haqqoniy tanitishda muayyan o‘rin tutishiga ishonch bildirdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar umumiy tarix, mushtarak ma’naviy qadriyatlar va o‘zaro ishonch tamoyillari asosida yangi bosqichga ko‘tarilgan. Bu jarayonda ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yaqin muloqot hamda ilmiy-ma’rifiy hamkorlik aloqalarining kengayishi muhim omil bo‘lmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’naviy-ma’rifiy islohotlar, boy tarixiy va madaniy merosni asrash hamda targ‘ib etishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar O‘zbekistonning xalqaro nufuzini yanada mustahkamlamoqda.
Akademik A.Saidov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Prezidenti xorijiy davlatlar rahbarlariga, taniqli davlat va jamoat arboblari, ilmu ma’rifat namoyandalariga kitob tuhfa etishdek ibratli ishni amalga oshirib kelmoqda. Bu ma’naviy-ma’rifiy tuhfalarning barchasi ushbu davlatlar bilan o‘zaro madaniy aloqalarni rivojlantirish va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Yanada e’tiborlisi, Prezidentimiz 2020-yil 20-fevralda Anqara shahrida Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida ishtirok etar ekan, yangi kutubxona fondiga turli mavzudagi 350 dan ziyod kitob sovg‘a qildi.
Davlatimiz rahbari o‘sha tashrifi chog‘ida e’tirof etganidek, “Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda o‘zining intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda”.
Taqdimot davomida mazkur asarda O‘zbekistonning qadimiy tarixi, boy ma’naviy merosi, turkiy-islom sivilizatsiyasi taraqqiyotidagi beqiyos o‘rni, buyuk allomalari va davlatchilik an’analari haqida so‘z yuritilgani qayd etildi. Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan davlat siyosati hamda mamlakatimiz taraqqiyot yo‘li haqidagi muallifning xolis fikr-mulohazalari bayon etilganiga urg‘u berildi.
Ishtirokchilarning fikricha, muallif o‘zining ko‘p yillik kuzatuvlari, ilmiy izlanishlari va O‘zbekistonga tashriflari asosida mamlakatimizning kechagi tarixi, bugungi taraqqiyoti va istiqboldagi maqsadlarini xorijlik ziyoli nigohi orqali yoritgan. Binobarin, ushbu kitob yurtimizni dunyoga xolis va haqqoniy tanitish, uning bugungi taraqqiyotini xalqaro jamoatchilikka yetkazishda muhim manba hisoblanadi.
Taqdimot doirasida Kemal Yavuz Ataman O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoligiga qabul qilindi.
Uyushma raisi Sirojiddin Sayyid O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi adabiy hamda ma’naviy aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, bunday ijodiy hamkorlik xalqlarimizni yanada yaqinlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi. Ushbu e’tirof ijodkorning o‘zbek xalqi tarixi, madaniyati va ma’naviy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish yo‘lidagi ko‘p yillik xizmatlari hamda ikki qardosh xalq o‘rtasidagi adabiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan munosib hissasining ifodasi bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
