Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Hasan Ibrohim: Yosh parlamentariylar huquqlarni oddiy so‘zlardan real hayotdagi haqiqatga aylantirishga intiladi

Samarqandda Yosh parlament a’zolarining XII global konferensiyasi o‘z ishini davom ettirmoqda.

Parlamentlararo ittifoqning Yosh parlamentariylar byurosi a’zosi Hasan Ibrohim o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:        

– Ushbu muhim konferensiyaning tashkil etilishida tashabbus ko‘rsatgani uchun O‘zbekistonga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.

Bu yilgi inson huquqlarini qayta tiklashga bag‘ishlangan konferensiya mavzusi nihoyatda dolzarb. Biz yangi mojarolar, iqtisodiy noaniqlik, jadal texnologik o‘zgarishlar va yana bir qator jiddiy inqirozlar davrida yashamoqdamiz. Ammo barcha ushbu murakkabliklar zamirida yana bir inqiroz bor, u haqda ham gapirishimiz kerak – bu umid inqirozi. Bugun juda ko‘p yoshlar ertangi kun bugungidan yaxshiroq bo‘lishiga shubha qila boshlamoqda. Ular ta’lim olishmoqda, ammo bu ta’lim ularga munosib ish topish imkonini beradimi, degan savol bilan yashamoqda. Ular mehnat qilmoqda, ammo bu mehnat ularga munosib va farovon hayot qurish imkonini beradimi, deb o‘ylamoqda. Ular texnologiyalar dunyoni qanday o‘zgartirayotganini kuzatmoqda, ammo bu o‘zgarishlardan kimlar foyda ko‘rishi, kimlar esa chetda qolib ketishidan xavotirlanmoqda.

Yoshlar kelajakka bo‘lgan ishonchini yo‘qota boshlaganda, biz nimanidir, juda muhim narsani yo‘qotgan bo‘lamiz. Chunki umid – bu shunchaki his-tuyg‘u emas, balki inson huquqlari bilan chambarchas bog‘liq. Huquqlarimiz ta’minlanganida esa umid ham ortadi.

sTk1B3CUndUYrXom0w0EOZKMxRi4HePR_front

Ta’lim olish huquqi – kelajagingizni qurish uchun zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lish demak. Qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish huquqi esa sizning ovozingiz borligini va kelajagingizga ta’sir qiladigan qarorlarda fikringiz inobatga olinishini anglatadi.

Parlamentariylar sifatida bizning vazifamiz – huquqlarni oddiy so‘zlardan real hayotdagi haqiqatga aylantirish. Yosh parlamentariylar sifatida biz yoshlarga yetarlicha yaqinmiz – ularning tashvishlari va orzu-umidlarini tushunamiz. Shu bilan birga, biz bu muammolarni hal etish uchun harakat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan institutlarda faoliyat yuritamiz.

Biz qonunlarni o‘zgartirishimiz mumkin. Biz byudjetlarni shakllantirishga ta’sir ko‘rsatishimiz mumkin. Biz parlamentlarimizni yoshlar uchun yanada ochiq muloqotga tayyor institutlarga aylantirishimiz mumkin.

                                                         Norgul Abduraimova,

Alisher Isroilov (surat),

O‘zA

Nashr sanasi 04.09.2026 Ko'rishlar 40
Ulashish