Mask: sun’iy intellekt odamlarni iqtisodiy mehnat zaruratidan ozod qiladi

Tadbirkor Nixil Kamatning podkastida chiqish qilar ekan, Ilon Mask sun’iy intellekt (SI) va robototexnika sohasida tez sur’atdagi olg‘a siljish yaqin ikki yigirma yil ichida an’anaviy mehnatni talab etilmaydigan holatga keltirishi mumkinligini aytdi.

Maskning taxminiga ko‘ra, mashinalar tez orada ishlarning katta qismini bajaradi, odamlarga esa faqat o‘z xohishi bilan ishlash imkoniyati qoladi.

 

Suhbat davomida u SI tizimlari va universal robotlarning imkoniyatlari tobora kengayib, oxir-oqibat zarur vazifalarning barcha turlarini qamrab olishini, shu tariqa inson mehnatini iqtisodiy zaruratdan shaxsiy tanlovga aylantirishini ta’kidladi.

«20 yildan ham kamroq vaqt ichida ish majburiy bo‘lmaydi. Umuman ishlash shart bo‘lmaydi. Xobbi sifatida, xolos», — dedi Mask.

Kamatning bunday kelajak ulkan ishlab chiqarish samaradorligi hisobiga yuzaga keladimi, degan savoliga javoban Mask bu fikrga qo‘shildi va odamlar baribir ishlashni istasa, ishlashi mumkinligini qayd etdi. U kelgusi bandlikni uy sharoitida bog‘ parvarishlashga qiyosladi — odamlar o‘z zavqi uchun shunday ish bilan shug‘ullanishi mumkin, garchi oziq-ovqatni do‘kondan sotib olish ancha oson bo‘lsa ham.

Ilon Mask o‘z bayonotining juda jasur ekanini tan oldi va 20 yildan keyin odamlar orqaga nazar tashlab, uning adashganini aytishi mumkinligi haqida hazil qildi. Shunga qaramay, milliarderning ta’kidlashicha, SI va robototexnika rivojlanish sur’atini inobatga olganda, bunday ssenariy unda aytilgan muddatdan ham avval amalga oshishi ehtimoldan xoli emas.

«Albatta, 20 yildan keyin yozuvni qo‘yib, “Qarang, Ilon mana bunday ahmoqona prognoz bergan edi, lekin u amalga oshmadi”, deyish mumkin. Lekin, menimcha, u baribir rost bo‘ladi: 20 yildan ham kamroq vaqt ichida, ehtimol, 10–15 yilda SI va robototexnikadagi o‘zgarishlar ishni ixtiyoriy mashg‘ulotga aylantiradi», — dedi Mask.

Ilon Maskning bu so‘zlari uning 2025 yilda Tesla aksiyadorlarining yillik yig‘ilishida aytgan fikrlari bilan uyg‘un. O‘shanda u Optimus roboti oxir-oqibat kambag‘allikni yo‘qotishi mumkinligini ta’kidlagan edi. Shuningdek, Mask kelajakda Optimus kabi robotlar butun dunyo bo‘ylab odamlarga yanada yaxshi tibbiy ko‘mak ko‘rsatish imkonini berishi mumkinligini aytib o‘tgan.

Kun.uz

Powered by GSpeech