Maxsus komissiya: Sovuq ta’sirida zararli zarrachalar muallaq holda qolmoqda

So‘nggi kunlarda atmosferaga ta’sir ko‘rsatuvchi omillarni kamaytirish bo‘yicha katta hajmda ishlar amalga oshirildi va davom ettirilmoqda. Jumladan, Maxsus komissiya tomonidan Toshkent shahri va uning atrofida ifloslanish manbalarini bartaraf etish bo‘yicha keng ko‘lamli reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Maxsus komissiyaning axborotiga ko‘ra, 24–28 noyabr kunlari amalga oshirilgan tadbirlar natijasida jami 1 ming 449 ta issiqxona o‘rganildi. Ulardan 67 tasining faoliyati to‘xtatildi. 403 nafar shaxsga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. 19 ta xo‘jalikka gaz tarmoqlariga ulanish bo‘yicha texnik shartlar berildi.

Qurilish ob’ektlari bo‘yicha esa Toshkent shahrida jami 53 ta noqonuniy qurilish ob’ektlari aniqlandi. 34 ta ob’ekt faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Atmosfera ifloslanishi qayd etilgan 186 ta holat aniqlanib, 188 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi. 51 ta qurilish ob’ektiga suv purkagich o‘rnatildi.

Avtotransport vositalari bo‘yicha o‘rganishlar davomida yukni ochiq holda tashigan 837 ta haydovchi, atmosferaga me’yoridan ortiq zarar yetkazgan 206 nafar haydovchi jarimaga tortildi.

Shuningdek, ekologik vaziyatni yaxshilash maqsadida shahar bo‘ylab 77 ta ko‘cha va 165 ta jamoat joyi namlantirildi. 121 km ariqlar tozalandi. 126 ta favvora ishga tushirildi.

Toshkent viloyatidagi daryolardan noqonuniy qum-shag‘al qazib olish bo‘yicha 54 ta holat aniqlandi.

Ushbu kompleks choralar natijasida so‘nggi kunlarda havoning ifloslanish darajasi ma’lum darajada kamaydi. Xususan:

⁃ 24 noyabr PM2.5 — 171 mkg/m³,

⁃ 25 noyabr — 152 mkg/m³,

⁃ 26 noyabr — 140 mkg/m³,

⁃ 27 noyabr — 111 mkg/m³,

⁃ 28 noyabr — 97 mkg/m³ gacha pasaydi.

“Biroq, hozirgi vaqtda mamlakatimiz sovuq antitsiklon ta’sirida bo‘lganligi sababli inversiya hodisasi kuchayib, havodagi mayda zarrachalarning muallaq holda yig‘ilib qolishi qayd etilmoqda. Mazkur holat tabiiy meteorologik jarayon bo‘lib, havoning tozalanish tezligini pasaytiradi”, deyiladi Maxsus komissiya axborotida.  

Qayd etish lozimki, atmosferaga zararli tashlamalar chiqarayotgan manbalarni aniqlab, bartaraf etishga qaratilgan tadbirlar izchillik bilan davom ettirilmoqda.  

Muhtarama Komilova,

O‘zA

Powered by GSpeech