Yangi tartibga ko‘ra, ish o‘rinlari va mehnat sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirgan ish beruvchilarga har bir moslashtirilgan ish joyi uchun BHMning 40 baravarigacha subsidiya ajratiladi.
Shuningdek, bandlik bo‘limi yo‘llanmasi bilan ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlarini qoplash uchun 6 oy davomida har oy BHMning 4 baravari miqdorida mablag‘ beriladi.
Aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlam vakillarini belgilangan me’yordan ortiq ishga qabul qilgan ish beruvchilar esa 12 oy davomida har bir xodim uchun har oy BHMning 2 baravari miqdorida subsidiya oladi.
Jazonı ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga esa mazkur xodim 3 oydan ortiq ishlaganidan keyin bir martalik BHMning 3 baravari miqdorida to‘lov ajratiladi.
Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-yanvargacha o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro va milliy sertifikatlar olish uchun qilingan xarajatlarning 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha qoplab beriladi.
Bundan tashqari, malaka baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlarga baholash vositalari uchun sarflangan mablag‘ning 30 foizi, BHMning 200 baravarigacha bo‘lgan qismi subsidiya qilinadi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarga esa tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish, jihoz va xomashyo xaridi hamda internet xizmatlariga ulanish uchun 3 yilgacha muddatga, 6 oylik imtiyozli davr bilan BHMning 75 baravarigacha foizsiz ssuda ajratiladi.
Subsidiya va ssudalar uchun my.gov.uz, “Yagona milliy mehnat tizimi” hamda “Online mahalla” platformalari orqali murojaat qilish mumkin.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati
Ўзбекча
English
Русский