O‘zbekiston bag‘rikenglik siyosatida dunyoga ibrat bo‘lmoqda
Ilm-ma’rifat insoniyatni ezgulikka boshlovchi qudrat manbaidir. Shu boisdan ham ilm ahliga yuksak ehtirom ko‘rsatiladi, ilm dargohlari alohida qadrlanadi.
Zotan, mamlakatning ilmiy salohiyati uning tashqi imijida muhim ahamiyat kasb etadi. Bu ilmiy muassasalarning boy merosi, an’analari, olimlarning nufuzi va tadqiqotlarning natijadorligi bilan belgilanadi.
Bugun O‘zbekistonning xalqaro maydonda erishayotgan yutuqlari e’tirofida ham ilm-fan taraqqiyotiga qaratilayotgan e’tiborning katta ahamiyati bor. Quvonarlisi, bu boradagi amaliy ishlar tizimli va izchil olib borilmoqda. Yurtimizda tarix, bugungi kunimiz va kelajakni uyg‘unlashtirgan zamonaviy ilm-ma’rifat markazlari bunyod etilmoqda, tadqiqotlar uchun zarur sharoit yaratilib, izlanuvchilar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Joriy yilda poytaxtimizda bunyod etilgan va o‘z faoliyatini boshlagan Islom sivilizatsiyasi markazi bu borada fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Islom sivilizatsiyasi markazi timsolida bugun mamlakatimizda ilm-ma’rifat, ma’naviy komillikka bo‘lgan e’tibor eng yuksak darajaga yetganini ko‘rish mumkin. Yurtimizning diniy-ma’naviy, ma’rifiy sohadagi salohiyati va boy merosini namoyon etuvchi ushbu markaz yangi tadqiqotlar uchun shubhasiz, katta ilmiy baza vazifasini o‘taydi.
Shu bilan birga, diniy sohada ilmiy tadqiqotlar va kadrlar tayyorlash bo‘yicha xalqaro hamkorlikka ham katta e’tibor qaratilib, islom olamining taniqli ilm-ma’rifat markazlari bilan uzviy hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Xususan, dunyodagi eng qadimiy va nufuzli islom ta’lim markazlaridan biri bo‘lgan Misrning Al-Azhar universiteti bilan hamkorlik rivojlanib bormoqda.
Misrning Al-Liwaa Al-Islami gazetasi chop etgan maqolada O‘zbekiston va Al-Azhar universiteti o‘rtasidagi ilmiy va ta’lim hamkorligi, xususan, akademik aloqalarni mustahkamlash, bilim almashish bo‘yicha yangi qo‘shma tashabbuslarga e’tibor qaratilgan.
Qayd etilishicha, tomonlar ilohiyot, islom tadqiqotlari, mutaxassislar tayyorlash va akademik almashinuvlarni qamrab olgan qator qo‘shma ilmiy va ta’lim loyihalari, ekstremizmga qarshi kurashish, ma’rifiy islom g‘oyalarini targ‘ib qilish va madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.
Shuningdek, maqolada diniy ta’limga vazmin va zamonaviy yondashuvi bilan O‘zbekiston Al-Azharning Markaziy Osiyodagi muhim hamkoriga aylanayotgani e’tirof etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaning kuni kecha Qohirada Misr bosh imomi, “Al-Azhar” majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyib bilan o‘tkazgan uchrashuvi hamkorlik rishtalarini faollashtirishga qo‘shimcha turtki berdi.
Uchrashuvda hamkorlikka doir bir qator masalalar muhokama qilinib, qo‘shma ilmiy loyihalar, akademik almashinuv dasturlari, talabalar va mutaxassislar uchun qo‘shimcha grantlar ajratish, ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish borish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
11-12 dekabr kunlari Rimda Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik-2026” mukofoti hay’atining yakuniy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etdi.
2019 yilda ta’sis etilgan Shayx Zayd nomidagi “Insoniy birodarlik” xalqaro mukofoti har yili 4 fevral – Xalqaro inson birodarligi kunida insonlar o‘rtasidagi birodarlikni mustahkamlash, bag‘rikenglik, tinchlik, insonparvarlik va madaniyatlararo muloqotni targ‘ib qilishda alohida xizmat ko‘rsatgan shaxslar va tashkilotlarga topshiriladi.
Ҳайъат yig‘ilishi doirasida Saida Mirziyoyeva Rim papasi Leo XIV bilan uchrashib, mukofotning madaniyatlar va dinlararo anglashuvni kengaytirishdagi hissasi haqida suhbatlashdi. Uchrashuvda O‘zbekistonda turli konfessiyalar vakillarining totuvlik va bag‘rikenglik muhitida yashayotgani alohida e’tirof etildi.
Ushbu uchrashuv timsolida O‘zbekistonda Davlatimiz Rahbari tomonidan olib borilayotgan diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik siyosatiga bo‘lgan yuksak e’tirof hamda xayrixohlikni ko‘rishimiz mumkin.
Mazkur xalqaro mukofotning “Insoniy birodarlik” deb nomlanishi bejiz emas.
Darhaqiqat, insoniylik – eng aziz qadriyat, eng nozik va bebaho xislat. Tinchlik, totuvlik, birdamlik, hamjihatlikni ta’minlovchi, hurmat va muhabbat, mehr-oqibat tuyg‘ularini o‘zida mujassam etgan kuchdir.
Shu ma’noda, inson qadri ulug‘lanayotgan, totuvlik va bag‘rikenglik muhiti shakllangan yurtimiz xalqaro maydonda bu borada o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda.
Abdumutallib O‘KTAMOV,
Demokratik jarayonlarni
tahlil qilish markazi eksperti
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский