O‘zbekiston va Serbiya Birinchi xonimlari "Imkon" bolalar bog‘chasiga tashrif buyurdi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva va Serbiya Respublikasi Prezidentining rafiqasi Tamara Vuchich birgalikda Toshkent viloyati Qibray tumanidagi reabilitatsiya markaziga ega bo‘lgan "Imkon" ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasiga bordi.

Mehmonlarni markaz mutaxassislari kutib olib, bu yerda alohida parvarishga muhtoj bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun yaratilgan sharoitlar haqida so‘zlab berishdi. "Imkon" markazi bolalar bog‘chasi, logopedik va psixologik yordam, shuningdek, tibbiy va ijtimoiy reabilitatsiyani o‘z ichiga oladi.

Tanishuv davomida Ziroat Mirziyoyeva va Tamara Vuchich bolalar, tarbiyachilar va ota-onalar bilan suhbatlashib, bunday muassasalarning inklyuziv jamiyatni mustahkamlashdagi ahamiyatini ta’kidladi.

O‘zbekiston Birinchi xonimi inklyuziv ta’lim tizimini rivojlantirish bolalar huquqlarini himoya qilishning muhim yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi. O‘z navbatida, Serbiya Prezidentining rafiqasi O‘zbekistonda alohida parvarishga muhtoj bolalarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan hayratda ekanini bildirdi hamda markaz faoliyatini yuqori baholadi.

O‘zA

Powered by GSpeech