O‘zbekiston yoshlari nufuzli yoshlar sammitida qatnashmoqda
Ayni kunlarda Germaniyaning Myunxen shahrida dunyodagi eng yirik “One Young World 2025” yoshlar sammiti bo‘lib o‘tmoqda. Unda 190 dan ortiq mamlakat yoshlari qatorida mamlakatimizdagi mas’ul tashkilotlar vakillari va yoshlari ishtirok etmoqda.
Tadbirda qayd etilganidek, bu yilgi sammit asosiy e’tiborini aylanma iqtisodiyot, mas’uliyatli texnologiyalar, ta’lim, nafratga qarshi kurash hamda tinchlik va xavfsizlik masalalariga qaratgan.

Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Dilnoza Kattaxonova va BMT Volontyorlar dasturi ijrochi koordinatori o‘rinbosari Andrey Pogrebnyak o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bonn shahridagi BMT Volontyorlar dasturi Bosh qarorgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda 2026 yildan boshlab o‘zbekistonlik yoshlarni xorijiy mamlakatlardagi BMT ofislariga amaliyot dasturlari orqali yuborish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bu tashabbus yoshlarning xalqaro darajadagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishi, tajriba almashish hamda volontyorlik faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish imkonini beradi.
Shuningdek, O‘zbekistonda Xalqaro Milliy qo‘mita tashkil etish va Milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi.

Ushbu hamkorlik orqali O‘zbekiston yoshlarining xalqaro maydondagi faolligi ortadi, volontyorlik madaniyati esa yanada kengayadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA
Ўзбекча
English
Русский