Prezident nutqi O‘zbekistonning YeOII bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasini ifoda etdi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi ishtiroki va unda qilgan nutqi mamlakatimizning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikka nisbatan ochiq, pragmatik va uzoq muddatli strategiyaga ega ekanini yaqqol namoyon etdi.
Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Odiljon Mamatkarimov shu haqda munosabat bildirdi:
– Jahon siyosiy va iqtisodiy tizimida integratsion birlashmalarning o‘rni tobora ortib borayotgan hozirgi davrda mintaqaviy iqtisodiy ittifoqlar xalqaro munosabatlarni shakllantirishda muhim omilga aylanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) doirasida faoliyat yurituvchi Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi global va mintaqaviy jarayonlarga ta’sir ko‘rsatuvchi nufuzli institut sifatida alohida ahamiyat kasb etadi. Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining eng yuqori boshqaruv organi hisoblanib, u YeOIIning strategik rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish, umumiy bozorni shakllantirish va tashqi iqtisodiy aloqalarni muvofiqlashtirish kabi muhim vazifalarni amalga oshiradi.
Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishlari nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Chunki, mazkur maydon a’zo davlat rahbarlari o‘rtasidagi strategik muloqot, ishonchni mustahkamlash va umumiy pozitsiyalarni muvofiqlashtirish uchun qulay imkoniyat yaratadi. Yig‘ilishlar davomida qabul qilinadigan qarorlar YeOII makonida barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bilan bir qatorda, tashqi siyosiy muhitda ittifoqning umumiy pozitsiyasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Hozirgi global iqtisodiy beqarorlik va xalqaro bozorlardagi murakkab jarayonlar sharoitida bu kabi mintaqaviy integratsiya tuzilmalari bilan hamkorlik qilish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, davlatimiz rahbarining Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishidagi ishtiroki va unda qilgan nutqining ahamiyati beqiyos.
Yurtboshimiz o‘z nutqida global bozorlardagi murakkablashuv, logistika zanjirlaridagi uzilishlar va investitsiya oqimlarining qayta taqsimlanishi sharoitida YeOII mamlakatlari O‘zbekiston uchun strategik va tabiiy sheriklar ekanini alohida ta’kidladi. Bu yondashuv O‘zbekiston tashqi iqtisodiy siyosatining asosiy tamoyili – o‘zaro manfaatli va amaliy hamkorlikka tayanishini ko‘rsatadi. Bunda, savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish, investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda transport-logistika infratuzilmasini uyg‘unlashtirish orqali har ikki tomon uchun aniq va o‘lchab bo‘ladigan natijalarga erishish maqsad qilib qo‘yilgan.
Keyingi to‘rt yil davomida kuzatuvchi davlat maqomida amalga oshirilgan hamkorlik natijasida O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasining qariyb ikki barobar oshgani muhim makroiqtisodiy natija sifatida namoyon bo‘ldi. Ayniqsa, savdo tarkibida yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushining ortib borishi hamda sanoat kooperatsiya loyihalarining kengayishi mintaqaviy ishlab chiqarish zanjirlarining mustahkamlanayotganidan dalolat bermoqda.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida O‘zbekiston bilan Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi o‘rtasida savdo, sanoat, moliya, agrar sektor va transport sohalarini qamrab olgan uch yillik hamkorlik rejasi amalga oshirilayotganini qayd etib o‘tdi. Shuningdek, elektron savdo, yuk tashishni raqamlashtirish va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha tarmoq dasturlarida ishtirok etish O‘zbekistonning zamonaviy integratsiya yo‘nalishlariga faol qo‘shilayotganini ko‘rsatadi. Bojxona chegaralari orqali tovarlar va transport vositalari haqida axborot almashish to‘g‘risida bitim bo‘yicha muzokaralarni boshlash haqidagi tashabbus esa, logistika jarayonlarini soddalashtirish va Yevroosiyo transport yo‘laklariga integratsiyani kuchaytirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga qo‘shilishi haqida ham alohida ta’kidlab o‘tdi. Bu qadam infratuzilma, energetika, metallurgiya, kimyo va boshqa strategik tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun moliyaviy asos yaratdi. Davlat rahbari bankni faqat moliyalashtirish manbai emas, balki integratsiya loyihalariga investitsiyalarni jalb qiluvchi muhim katalizator sifatida ko‘rish mumkinligini qayd etib o‘tdi.
Xulosa qilib aytganda, Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishlari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasida integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish, a’zo davlatlarning iqtisodiy va siyosiy manfaatlarini uyg‘unlashtirish hamda ittifoqning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Shu o‘rinda, Prezidentimizning nutqi O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan aniq, tizimli va uzoq muddatli strategiyasini ifoda etadi. Ushbu nutq mamlakatimizning mintaqaviy integratsiya jarayonlarida faol hamkor sifatida ishtirok etuvchi davlat sifatidagi nufuzini yanada mustahkamlaydi.
N.Abduraimova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский