O‘zbekiston va Serbiya munosabatlarida yangi yo‘nalish va katta imkoniyatlar yo‘li ochilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
O‘zbekiston va Serbiya munosabatlari bugun yangi mazmun kasb etmoqda. Ikki davlat o‘rtasidagi muloqot nafaqat ikki tomonlama hamkorlik doirasida, balki keng mintaqaviy aloqalar tizimida muhim o‘rin tutmoqda.

Bu munosabatlar O‘zbekiston tashqi siyosatining muvozanatli va pragmatik yo‘nalishini yana bir bor namoyon etmoqda. Mamlakatimiz keyingi yillarda faqat an’anaviy hamkorlar bilan cheklanib qolmay, geografiya jihatidan uzoq, ammo iqtisodiy va madaniy jihatdan yaqin bo‘lgan davlatlar bilan ham munosabatlarni kengaytirishga katta e’tibor qaratmoqda. Serbiya bilan yaqinlashuv ham shunday yondashuvning amaliy ifodasidir. Bu siyosat nafaqat iqtisodiy manfaatlarga, balki mintaqalar o‘rtasidagi siyosiy barqarorlik va diplomatik tenglikka xizmat qiladi.
Iqtisodiy jihatdan qaralganda, O‘zbekiston – Serbiya hamkorligi ikki tomon uchun ham yangi bozorlar eshigini ochadi. Mashinasozlik, farmatsevtika, axborot texnologiyalari va agrosanoat sohalaridagi sheriklik loyihalari iqtisodiy integratsiyaning muhim nuqtasi bo‘ladi.
Kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari faqat iqtisod bilan cheklanmaydi. Ta’lim, fan, madaniyat va sport sohalaridagi qo‘shma dasturlar xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlaydi. Bu jarayonda O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiq yondashuvi yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Oliy martabali mehmon 28 oktyabr kuni “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi.
Majmua bilan qisqacha tanishuv asnosida Serbiya delegatsiyasi vakillariga mazkur ansambl mazmuni va me’moriy yechimlari haqida ma’lumot berildi.

“Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik monumenti istiqlolimizning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan. Uch ming yildan ziyod davr – ona Vatanimiz hududidagi milliy davlatchilik tarixi ildizlari shu qadar teran. Monumentga e’tibor qaratgan kishi mana shu zalvorli o‘tmishning badiiy ifodasiga guvoh bo‘ladi.
Oliy martabali mehmonlar, rasmiy xorijiy delegatsiyalarning mamlakatimizga tashrifi doirasida bu yerdagi monumentga gul qo‘yish an’anaga aylangan.
Delegatsiya a’zolari majmuada aks ettirilgan allomalar, buyuk sarkarda va jahongirlar, jadid bobolarimizning siymolariga alohida e’tibor qaratdi. Tinchlik, erkinlik, ezgulik timsoli bo‘lgan Humo qushi tasviri majmuaning bamisoli gultojiday ko‘rinishi e’tirof etildi.
Shundan so‘ng Ko‘ksaroy qarorgohida Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichni rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif etdi.
Ikki davlat madhiyalari yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar. Rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
So‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada mustahkamlash istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari Serbiya yetakchisini samimiy qutlar ekan, hamkorlik davridagi birinchi sammit tarixiy ahamiyatga ega bo‘lishini va O‘zbekiston – Serbiya munosabatlarini sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqishini ta’kidladi.
– Diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanayotgan yilda rasmiy tashrifingiz tarixiy voqeadir. O‘zbekistonda Serbiyaga katta xayrixohlik bilan qarashadi. Xalqlarimizni mustahkam do‘stlik rishtalari va o‘xshash mentalitet bog‘lab turadi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Muzokaralarda alohida e’tibor tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, axborot texnologiyalari va raqamlashtirish, agrosanoat majmui, turizm hamda ko‘plab boshqa muhim tarmoqlarda keng ko‘lamli kooperatsiya dasturini tayyorlash masalalariga qaratildi.
“Markaziy Osiyo – Bolqon” yo‘nalishida yangi transport yo‘laklarini, jumladan, Transkaspiy koridori doirasida rivojlantirish muhimligi qayd etildi.
Hamkorlikning iqtisodiy kun tartibini ilgari surish maqsadida kelgusi yilda Toshkent shahrida Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishini o‘tkazishga kelishib olindi.
Tartibli mehnat migratsiyasi, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalaridagi hamkorlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Yetakchilar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Yetakchilar huzurida hukumatlararo va idoralararo hujjatlar to‘plamini qabul qilish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Jumladan:
– Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida bitim;
– Iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Tibbiy xizmatlar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Ta’lim, fan va madaniyat sohalaridagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Muhandislik, ilg‘or texnologiyalar, sun’iy intellekt va turdosh sohalardagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Diplomatik kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan dastur;
– Mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
– Sport va jismoniy tarbiya sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma;
– Toshkent va Belgrad shaharlari o‘rtasida sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim.
O‘zbekiston bilan Serbiya o‘rtasidagi oliy darajadagi muzokaralar yakunida Ko‘ksaroy qarorgohida daraxt ekish marosimi bo‘ldi.
Faxriy mehmonlar xiyobonida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Vuchich mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik hamda sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochishga mushtarak intilish ifodasi sifatida daraxt ekdilar.

Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchichning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari
 Ўзбекча
 English
 Русский