Senat: Bolalar sha’ni, daxlsizligi va kelajagi har qanday layk yoki foyda orttirish istagidan ustun turishi kerak
Bolalarning qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishning institutsiyaviy hamda huquqiy asoslarini takomillashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish, ularni jinsiy zo‘ravonlikdan himoya qilish, jinoyat protsessida guvoh sifatida jalb etishning aniq mexanizmlarini belgilash zarurati yuzaga kelgan.
Senat yalpi majlisida “Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokamasida shu kabi fikrlar bildirildi.

Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Qozixonova kundalik hayotimiz tobora raqamlashib borayotgani natijasida bolalar uchun ayrim yangi ko‘rinishdagi kiberxavflar ham paydo bo‘layotganini ta’kidladi. Ayniqsa, Internet orqali vujudga kelayotgan bu kabi holatlar ko‘pchilikni tashvishlantirmoqda. Ming afsuski, keyingi paytlarda Internet, xususan, ijtimoiy tarmoqlar makonida voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan uyatsiz, sha’ni va qadr-qimmatini poymol etuvchi harakatlar ortib borayotganining guvohi bo‘layapmiz.
Raqamli makonda tarqatilayotgan uyatsiz foto va videolar bola taqdiriga chuqur salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bugun internetga joylangan bunday materiallar yillar o‘tib ham yo‘qolib ketmaydi, aksincha, bola ulg‘aygan sari uni ta’qib qiladi. Ertaga o‘sha bola katta bo‘lib, ushbu videolarga duch kelsa, bu uning ruhiy holati va butun hayotida og‘ir iz qoldirishi mumkin.
Bolalar uchun Internetda xavfsiz muhit bo‘lishi shart. Uning sha’ni, daxlsizligi va kelajagi har qanday layk yoki foyda orttirish istagidan ustun turishi kerak.

Shu kabi omillarni bartaraf etish maqsadida qonunchilik takomillashtirilmoqda. Qonun bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga bolalarga nisbatan Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib uyatsiz-buzuq harakatlar sodir etganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.
Jinoyat-protsessual kodeksiga voyaga yetmagan guvohni yoki jabrlanuvchini so‘roq qilishning bir kun mobaynidagi umumiy davomiyligi hamda ularni so‘roq qilish jarayonida qonuniy vakillarning ishtirok etishi tartibini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun jinoyatlarning oldini olish, sodir etilgan jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligini ta’minlash, shuningdek, bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, N.Haydarov (surat), O‘zA
Ўзбекча
English
Русский