Şarof Raşidov tavallud topgan kun
Taniqli adib va yirik davlat arbobi Şarof Raşidov 1917-yilning 6-noyabrida Jizzax şahrida, dehqon oilasida tavallud topdi. Örta maktabni bitirgaç, Jizzaxdagi pedagogika texnikumida tahsil oldi. 1941-yilda Samarqand davlat universitetini tamomlab, öz faoliyatini muallim va muxbir sifatida boşladi. Ikkinçi jahon uruşida qatnaşib, 1942-yilda frontdan qaytgaç, 1944–1947-yillarda Samarqand viloyati partiya qömitasining kotibi bölib işladi.
Keyinçalik gazeta muharriri, 1949–1950-yillarda Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi raisi, söngra Özbekiston Oliy Kengaşi Rayosatining raisi lavozimlarida faoliyat yuritdi. Şarof Raşidov 1959-yildan 1983-yilgaça – umrining oxiriga qadar Özbekiston Kompartiyasi Markaziy Qömitasining birinçi kotibi bölib işladi.
Şarof Raşidov siyosiy faoliyatga kirişgunga qadar ham ijod söqmoqlarida öz örnini topib ulgurgan edi. U dastlab şeʼriyatda qalam tebratib, “Samarqand kuylari” nomli ilk şeʼriy töplamini eʼlon qildi. Ikkinçi jahon uruşi yillarida yozgan şeʼrlari esa 1945-yilda “Qahrim” nomi bilan töplam şaklida çop etildi. Şu bilan birga, u adabiyotşunos va munaqqid sifatida ham faol ijod qildi.
Adibning siyosiy faoliyati uning adabiy dunyoqaraşi bilan çambarças boğliq edi. Jurnalistika va adabiyot orqali orttirgan hayotiy kuzatuvlari keyinçalik davlat rahbari sifatidagi faoliyatida ham muhim omil bölib xizmat qildi. Uning asarlarida xalq hayoti, davr muammolari va inson mehnati yuksak mahorat bilan ifodalangan.
Şarof Raşidov ijodida publitsistika va maqolanavislik alohida örin tutadi, bu ruh uning badiiy asarlarida ham yaqqol sezilib turadi. Xususan, adibning katta şuhrat qozongan “Ğoliblar” qissasi 1972-yilda qayta işlanib, roman şaklida naşr etildi.
Keyinçalik adibning “Börondan kuçli” va “Qudratli tölqin” romanlari dunyoga keldi. Uşbu asarlarda özbek xalqining uruşdan keyingi tiklaniş davridagi yuksak mehnat jasorati yuksak badiiy mahorat bilan ifodalab berildi.
Ijodkorning “Kaşmir qöşiği”, “Komde va Mudan” kabi lirik qissalari hamda “Koinot” kinoqissasi anʼanaviy Şarq dostonçiligi uslubida bitilgan bölib, ularda yoşlik, bahor, gözallik va hayot naşidasi tarannum etilgan.
Alohida taʼkidlaş joizki, Şarof Raşidovning siyosiy faoliyati va adabiy merosi öz davrining murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlari bilan çambarças boğliq edi. Uning hayoti va ijodi davlat boşqaruvi, adabiyot hamda xalq manfaatlari yölidagi yuksak taşkilotçilik va ijodiy salohiyatning yorqin namunasi bölib xizmat qildi.
Adib umrining sönggi yillarida yaratgan “Dil amri” qissasini Ikkinçi jahon uruşi davrida Belarus zaminida keçgan şiddatli janglarga, jangçilarning ğalaba yölidagi hayot-mamot kuraşiga bağişladi. Şuningdek, uşbu davrda adibning beş jildlik asarlari özbek va rus tillarida naşr etildi.
Nozik qalb sohibi va kuçli siyosiy irodaga ega rahbar sifatida el könglidan çuqur joy olgan Şarof Raşidov 1983-yilning kuzida vafot etgan.
Bugun adib xotirasi yurtimizda katta ehtirom bilan yod etilmoqda. 2017-yilda Şarof Raşidov tavalludining 100 yilligi mamlakat miqyosida keng nişonlandi. Şu munosabat bilan Jizzax şahrida Şarof Raşidovning uy-muzeyi taşkil etilib, uluğvor haykali qad rostladi, adib xotirasiga bağişlangan “Xalqning atoqli öğloni” nomli xotira kitobi hamda sara asarlari töplami naşr etildi. 2021-yilda esa Jizzaxda “Şarof Raşidov – davr insoni” mavzusida xalqaro fanlararo ilmiy-amaliy konferensiya bölib ötdi. Uşbu nufuzli anjuman buyuk davlat va jamoat arbobining ijtimoiy-siyosiy hamda ilmiy-adabiy faoliyati qirralarini çuqur örganiş va nazariy jihatdan umumlaştirişga xizmat qildi.
A.RUSTAMOV,
ÖzA
