Tanzila Norboyeva: Markaziy Osiyo ayollari tinchlik, bunyodkorlik va adolat makonini yaratishga qodir (+video)

Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqotining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston parlamentlari rahbarlari hamda rasmiy delegatsiyalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Senati Raisi Tanzila Norboyeva boshqarib borgan nufuzli anjumanda 2020 yilda tashkil etilgan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqoti qo‘shma tashabbuslarni ishlab chiqish uchun muhim platformaga aylangani qayd etildi. 

 – Markaziy Osiyo ayollari rivojlanishning haqiqiy harakatlantiruvchi kuchi, muammolarni birgalikda hal qilishga va  mintaqa kelajagini shakllantirishga tayyor ekanini namoyish etmoqda. Biz birgalikda tinchlik, bunyodkorlik va adolat makonini yaratishga qodir ekanimizni isbotladik. Bu  muloqot gender tengligi va  ayollar huquqlarini kengaytirish bo‘yicha tajriba almashish bilan birga amaliy harakatlarga yo‘l ochdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Xotin-qizlarning faol ishtirokisiz adolatli va farovon jamiyat barpo etib bo‘lmaydi”. Ishonchim komilki, mintaqadagi boshqa prezidentlar ham xotin-qizlarning davlat taraqqiyotidagi o‘rniga katta ahamiyat beradi, –dedi Senat Raisi. 

Bu yil Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasining 30 yilligi, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” rezolyutsiyasining 25 yilligi nishonlanadi. Bu global hujjatlar shunchaki deklaratsiyalar emas, ular harakat uchun qo‘llanma. O‘zbekistondagi islohotlar bevosita Pekin platformasi va BMT rezolyutsiyasi ruhini o‘zida mujassam etgan.

– Markaziy Osiyo yetakchi ayollarining yuqori darajadagi muloqot uchrashuvi Toshkentda yuqori darajadagi tayyorgarlik va samimiyat bilan o‘tganidan mamnunmiz, – dedi  Tojikiston Majlisi Oli Majlisi namoyandagon raisi o‘rinbosari Mavsuma Muini. – Bu muloqot besh yildan ortiq vaqtdan beri o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli rivojlantirmoqda. Tojikiston ushbu platforma doirasidagi tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Bugungi muloqot doirasida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasi ayollar duch kelayotgan muammolarni qamrab oldi. Ularning yechimi bo‘yicha biz birgalikda harakat qilamiz. Shu nuqtai nazardan ham bu ajoyib platformadir. Xotin-qizlar o‘rtasida muloqotni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishda O‘zbekistonning o‘rni, ayniqsa, Senat Raisi Tanzila Norboyevaning sa’y-harakatlari beqiyos ekanini e’tirof etib o‘tmoqchiman.

– Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti – mintaqa bilan bog‘liq barcha yo‘nalishlarni qamrab olmoqda, – dedi Qirg‘iziston Jogorku keneshi deputati Leyla Lurova. – Bunda, parlamentlar hamkorligi muhim o‘rin tutmoqda. Mintaqa mamlakatlari davlat rahbarlari tomonidan amalga oshirilayotgan har bir dasturda ayollar ishtirokiga e’tibor qaratilayotgani quvonarli. O‘zbekiston bugungi muloqotni yuksak saviyada tashkil etganidan juda minnatdormiz. Ta’kidlab o‘tmoqchimanki, O‘zbekistonda xotin-qizlar siyosiy va iqtisodiy sohalarda yutuqlarga erishayotir.  Bildirilgan statistik ma’lumotlar ham shuni tasdiqlaydi. O‘zbekiston bu sohalarda haqiqatan yetakchilik qilayotganini tan olishimiz kerak.

Majlis doirasida 5 ta sessiya o‘tkazildi. Qaror qabul qilish jarayonida ayollarning ishtiroki: huquqlar, imkoniyatlar va mas’uliyat, Markaziy Osiyoda ayollar tadbirkorligi – iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy barqarorlik manbai, ayollar salohiyatini oshirishda ta’lim va reproduktiv salomatlik siyosati, innovatsiyalar, ommaviy axborot vositalari va iqlim siyosatida ayollar ishtiroki: imkoniyatlar va to‘siqlar, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish va huquqiy himoya kabi masalalar chuqur muhokama qilindi. 

Majlis yakunida parlamentlararo tashabbuslar doirasidagi kelgusidagi harakatlar va hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladigan yakuniy hujjat – Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti deklaratsiyasi qabul qilindi.

Norgul Abduraimova,

Oybek Davronov (video),

Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj),

O‘zA

Powered by GSpeech