Tarixiy qadam: Italiyada ayollarni xo‘rlaganlar umrbod qamaladi

Italiya parlamenti tarixiy qaror qabul qildi: endilikda femitsid holati — ayol kishi jinsiga nisbatan nafrat, ustunlik yoki nazorat tuyg‘usi ta’sirida o‘ldirilishi alohida turdagi jinoyat sifatida tan olinadi va bunday jinoyatchiga umrbod qamoq jazosi belgilanadi.

Mazkur qonun butun dunyoda “Ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni”da qabul qilindi. Deputatlar “Giuliya Chekketin” nomi bilan bog‘liq fojiali voqeadan so‘ng bunday jinoyatni alohida tasniflash zarurligini ta’kidlab kelayotgandi. 2022 yil 22 yoshli Giuliya sobiq yigiti tomonidan shafqatsizlarcha o‘ldirilgach, mamlakat bo‘ylab patriarxal qarashlarga qarshi norozilik kuchaydi.

Italiya shu tariqa Yevropa Ittifoqida femitsidni alohida jinoyat sifatida tan olgan kam sonli davlatlar qatoriga qo‘shildi. Sudya Paolo di Nikola ta’kidlashicha, bu tizim “ayollarga qarshi zo‘ravonlikning asl ildizini ko‘rsatish, ayni holatlarni romantik rashk bilan bog‘lash kabi noto‘g‘ri tasavvurlarga chek qo‘yish” uchun muhimdir.

Hozircha bu hujjat jiddiy tanqidga uchramasa-da, ayrim huquqshunoslar bunday ta’rif juda keng ko‘lamliligi, muayyan vaziyatni baholash qiyin kechishi, ba’zilar zo‘ravonlikka qarshi rosmana kurashish uchun qonundan ko‘ra ko‘proq ta’lim, iqtisodiy tenglik va gender tamoyillarini yo‘q qilish zarurligini ta’kidlamoqda.

Giuliyaning otasi Gino Chekketin aytganidek:

– Qonun — bir qadam. Haqiqiy yechim esa — yoshlarni to‘g‘ri tarbiyalash va zo‘ravonlik ildizini yo‘q qilish.

Italiya parlamentining 237 deputati tomonidan bir ovozdan qabul qilingan ushbu qonun jamiyatda keng muhokamani boshlab berdi. Endi ayollarga qarshi zo‘ravonlik faqat jinoyat sifatida emas, balki ijtimoiy muammo sifatida ko‘rilishi kerakligi ochiq aytilmoqda.

Musulmon Ziyo, O‘zA

Powered by GSpeech