“The Japan News”: O‘zbekiston Prezidentining siyosati Markaziy Osiyoni yanada barqaror, integratsiyalashgan va istiqbolli mintaqaga aylantirishga qaratilgan
Yaponiyaning nufuzli “The Japan News” gazetasi “O‘zbekiston chorrahada: Toshkent Markaziy Osiyoda yangi davrni qanday shakllantirmoqda va bu Yaponiya uchun nimani anglatadi?” sarlavhali maqola chop etdi.
Nashr o‘lkamizni mintaqani birlashtirayotgan lokomotiv sifatida tasvirlaydi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining muntazam uchrashuvlari, chegaraviy kelishuvlar, infratuzilma va savdo integratsiyasi alohida tilga olingan.
– Mintaqa alohida davlatlar yig‘indisi emas, balki yagona iqtisodiy va strategik hudud sifatida ko‘rilmoqda. Markaziy Osiyo ichidagi savdo hajmi 4,5 barobarga oshdi, o‘zaro investitsiyalar ikki baravar ko‘paydi. Qo‘shma korxonalar, chegaradosh savdo zonalari va sanoat loyihalari (qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, avtomobilsozlik va boshqalar) kengaymoqda. Yangi temir yo‘llar, transport yo‘laklari, logistika va raqamli infratuzilma loyihalari amalga oshirilmoqda, -deyiladi maqolada.
Shuningdek, gazeta sahifalarida Yaponiya O‘zbekistonni nafaqat ishonchli hamkor, balki butun Markaziy Osiyoga kirish darvozasi sifatida ko‘rayotgani bayon etilgan.
– O‘zbekiston va Yaponiya munosabatlari mustahkam. Mintaqaning integratsiyalashuvi Yaponiya uchun infratuzilma, energetika, raqamli texnologiyalar va investitsiya sohalarida yangi imkoniyatlar yaratmoqda. O‘zbekiston Prezidentining siyosati Markaziy Osiyoni yanada barqaror, integratsiyalashgan va istiqbolli mintaqaga aylantirishga qaratilgan, -deya yozadi muallif.
Ma’lumot o‘rnida: “The Japan News” kunchiqar yurtdagi eng nufuzli ingliz tilidagi nashrlardan biri hisoblanib, “Yomiuri Shimbun” media guruhi tarkibiga kiradi. Uning auditoriyasi – diplomatlar, siyosatchilar, investorlar, akademik doiralar. Nashr Yaponiya ichki va tashqi siyosati, iqtisodiyot, xalqaro munosabatlar hamda madaniy jarayonlar bo‘yicha tahliliy va ishonchli materiallari bilan ajralib turadi, shu bois u xalqaro jamoatchilik uchun muhim axborot manbai sifatida e’tirof etiladi.
O‘.Alimov, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский