O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e'lon qilinmoqda.
Farmon loyihasi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 13 dekabrdagi “Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalardan kelib chiqib tayyorlandi.
Ushbu hujjatning tayyorlanishi jarayonida 50 dan ortiq davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan taqdim qilingan 200 dan ziyod taklif va mulohazalar hisobga olindi.
Loyihaga muvofiq, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi va uni amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” tasdiqlanadi.
Milliy strategiyani tasdiqlashdan maqsad – mamlakatda turmush darajasi va farovonlikni oshirishning muhim va zaruriy sharti, davlatning jahon maydonidagi raqobatbardoshligi, uning barqaror rivojlanishi hamda demokratik yangilanishi sharti sifatida O'zbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini ta'minlash bo'yicha davlat siyosatining asosiy vazifalari va yo'nalishlarini belgilab olishdan iborat.
Strategiya loyihasi bilan O'zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portali – regulation.gov.uz – tanishish mumkin.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.01.2020
- Ko'rishlar: 4856
- Chop etish