O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2020 yil 24 yanvarda Oliy Majlisning Senati va Qonunchilik palatasiga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasida shunday deb ta'kidladi.
Murojaatnomaning alohida xususiyatlari
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis palatalariga taqdim etgan navbatdagi Murojaatnomasining quyidagi o'ziga xos xususiyatlarini ko'rsatish mumkin:
Birinchidan xususiyati: Ushbu muhim ijtimoiy-siyosiy voqeaning avvalgilaridan farqli jihati shundaki, mamlakatimiz rahbari bu galgi Murojaatnomani milliy parlamentning yangilangan tarkibiga taqdim etdi. Qo'shma majlisda oldingi chaqiriq parlament va mahalliy Kengashlar deputatlari ham qatnashdi.
Ikkinchidan xususiyati: Murojaatnomada dastavval 2019 yil 22 dekabr` kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatligiga bo'lib o'tgan saylovlar haqida so'z bordi.
Prezidentimiz mamlakat tarixida ilk bor qabul qilingan Saylov kodeksi asosida, “Yangi O'zbekiston — yangi saylovlar” shiori ostida o'tgan bu muhim siyosiy tadbir jarayonlarini xolis, haqqoniy baholab, fuqarolik jamiyati qurish yo'lida bergan tavsiyalari uchun xalqaro kuzatuvchilarga butun xalqimiz nomidan minnatdorlik bildirdi. Nufuzli xalqaro tashkilotlarning taklif va tavsiyalaridan keyingi saylovlarda albatta foydalanamiz, dedi davlatimiz rahbari.
Uchinchidan xususiyati: Murojaatnomada 2019 yil — Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili yakunlari sarhisob qilindi. Shu bilan birga, Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha keyingi uch yil davomida amalga oshirilgan asosiy ishlar haqida ham atroflicha so'z yuritildi.
Bunga qadar birinchi Murojaatnomada 2017 yil — Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, ikkinchi Murojaatnomada esa 2018 yil — Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalarni qo'llab-quvvatlash yili yakunlari chuqur tahlil qilingan.
To'rtinchi xususiyati: Mamlakatimizni 2020 yil va kelgusi 5 yilda rivojlantirish bo'yicha ustuvor yo'nalish va vazifalar belgilab olindi.
Bungacha Murojaatnomada Harakatlar strategiyasi ijrosi doirasida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosan yaqin bir yillik eng muhim vazifalarini belgilash amaliyoti qo'llanilgan.
2020 yil — Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili
Prezidentimiz taklifiga muvofiq, yurtimizda 2020 yilga “Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nom berildi.
Bundan ko'zlangan maqsad mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma'naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida boshlagan ishlarimizni jadal davom ettirish va yangi, zamonaviy bosqichga ko'tarishdir.
Davlatimiz rahbari ta'lim sifatini xalqaro talablar darajasiga ko'tarish maqsadida qator chora-tadbirlar ishlab chiqilishini qayd etdi.
Bu yil “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish bo'yicha tub burilish qilishimiz kerak. Birinchi navbatda, qurilish, energetika, qishloq va suv xo'jaligi, transport, geologiya, kadastr, sog'liqni saqlash, ta'lim, arxiv sohalarini to'liq raqamlashtirish lozim.
Buning uchun tashabbuskor bo'lib maydonga chiqadigan yangi avlod kadrlarni tarbiyalash zarur. Strategik fikr yuritadigan malakali kadrlar kerak. Shuning uchun bog'chadan boshlab ta'limning barcha bo'g'inlarida ta'lim sifatini oshirish darkor.
Nafaqat yoshlar, balki butun jamiyatimiz a'zolarining saviyasini oshirish lozim. Zero, davlatimiz rahbari ta'biri bilan aytganda, bizga ilm-ma'rifat va yuksak ma'naviyat kerak. Ilm yo'q joyda qoloqlik, jaholat va, albatta, to'g'ri yo'ldan adashish bo'ladi.
Saylovlar O'zbekistonning xalqaro imijini ko'tardi
Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, saylovlar xalqimiz uchun sinov va xalqaro hamjamiyat oldida katta siyosiy imtihon bo'ldi. Bu fikrning tasdig'i sifatida hayotiy bir misol keltirmoqchimiz.
Gap shundaki, o'zining 25 yillik faoliyati davomida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi tomonidan YEXHTga a'zo 50 dan ortiq davlatda qariyb 400 marta Prezident, parlament va mahalliy organlar saylovlarining monitoringi o'tkazilgan.
O'zbekistonda keyingi 20 yil mobaynida YEXHT tomonidan 8 marotaba saylovlar monitoringi amalga oshirilgan. Shundan 3 tasi Prezident saylovi va 5 tasi parlament saylovlariga taalluqlidir.
Eng muhimi, yaqinda bo'lib o'tgan mamlakatimiz parlamenti saylovlarida ilk bor YEXHTning to'laqonli missiyasi tomonidan kuzatuv amalga oshirildi va MDHga a'zo davlatlarda o'tkazilgan saylovlar ichida eng yuqori baholandi. Boshqacha aytganda, ushbu saylovlar dunyoga yangi O'zbekistonni namoyon etdi.
Yangi Saylov kodeksi asosida bo'lib o'tgan ushbu saylovlar biz uchun katta siyosiy imtihon bo'ldi. Mamlakat ichida: xalqimiz islohotlarimizga o'z munosabatini bildirdi. Xalqaro miqyosda jahon hamjamiyati yangi O'zbekistonga yuqori ijobiy baho berdi.
Saylovlar O'zbekistonning xalqaro imijini ko'tardi. Jahon aro do'stu hamkorlarimiz oldida obro'-e'tiborimiz yanada yuksaldi.
Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, xalqimiz bu sinovdan yorug' yuz bilan o'tdi. Saylov natijalari, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarning orzu-intilishlarini ifoda etib, ular uchun yangi imkoniyatlar ochib berishga qaratilgani bilan biz uchun juda muhimdir.
Saylovlarning o'ziga xos xususiyatlaridan biri — gender masalasi bilan bog'liq. Ya'ni ilk marotaba O'zbekiston parlamentida ayollar soni bo'yicha BMT tavsiyalari (kamida 30 foiz) to'liq bajarildi.
Qonunchilik palatasiga 32 foiz ayol-deputatlar saylangani, o'z navbatida, dunyodagi 190 parlament ichida O'zbekiston parlamentining 37-o'ringa ko'tarilishini ta'minladi. Bundan atigi besh yil ilgari, 2014 yilda bu ko'rsatkich bo'yicha mamlakatimiz 128-o'rinda edi.
Yoshlar masalasi, chindan ham, yangi O'zbekiston taraqqiyotining muhim omili hisoblanadi. Qonunchilik palatasiga 30 yoshgacha bo'lgan 9 nafar deputat (6 foiz) saylangani ham buning yorqin tasdig'idir. Shunday qilib, bugun parlamentimiz quyi palatasi tarkibining 6 fozini yoshlar tashkil etmoqda. Jahon miqyosida bu ko'rsatkich atigi 2 foizga yetadi, xolos.
Birgina shu raqamlarning o'zi ham yurtimiz ayollari jamiyatda o'zlarining haqiqiy o'rnini egallab borayotganidan dalolat beradi. Binobarin, xotin-qizlar va yoshlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini har tomonlama ta'minlash O'zbekiston Prezidenti olib borayotgan adolatli siyosatning ustuvor yo'nalishlaridandir.
“Har bir inson O'zbekistonda adolat hukm surayotganiga to'la ishonch hosil qilishi kerak”
2019 yil sentyabrda BMT Inson huquqlari kengashining sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan yurtimizda rasmiy tashrif bilan bo'ldi. O'shanda Diego Garsiya-Sayan dastlabki tavsiyalarini berdi.
Ushbu tavsiyalar sud`yalarni saylash va tayinlash; sudyalarning lavozimida ishlab qolishini kafolatlash; sud`yalarni professional asosda tayyorlash; sud raislarini tayinlash tartibi va ularning vakolatlari ko'lamini qayta ko'rib chiqish; sud`yalarga intizomiy chora ko'rish tartib-taomillarini mukammallashtirish; Oliy sud kengashi a'zolarini saylash va tayinlash tizimini takomillashtirish; prokuratura tizimi vakolatlarini qisqartirish; advokatlar sonini oshirish va yosh huquqshunoslarni ushbu kasbga qiziqtirish uchun targ'ibot ishlarini kuchaytirish istiqbollari bilan bog'liq.
Murojaatnomada sudlar tomonidan o'tgan 3 yilda 1 ming 989 nafar, 2019 yilning o'zida 859 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilganiga doir raqamlar bayon etildi. Shuningdek, 2019 yilda 3 ming 81 nafar shaxs sud zalidan ozod qilingan bo'lsa, 2 ming 623 nafar fuqaroga asossiz qo'yilgan moddalar, ayblovdan chiqarilgan va o'zgartirilgan.
Endi sud orqali insonlarning huquqi tiklanganini e'tirof etish bilan cheklanib qolmasdan, nima sababdan sudgacha bo'lgan tergov jarayonida, inson huquq va erkinliklari buzilgan, degan savolni ham ko'ndalang qo'yadigan, tazyiqlar uchun javob beradigan vaqt keldi, dedi davlatimiz rahbari. Eski tuzumdan qolgan va hanuz davom etayotgan sud qarorlarini prokuratura tomonidan chaq?irib olib, o'rganish amaliyotini cheklash lozim.
Endi faqat ish yuzasidan shikoyat kelib tushgan holdagina, prokuror sud qarorini olib o'rganishi mumkin. Sud raislari tomonidan sud`yalarning faoliyatini baholash va ularga nisbatan intizomiy ish qo'zg'atish bo'yicha vakolatlarni qayta ko'rib chiqish kerak.
Davlat idoralari mansabdorlari shuni chuqur anglab olsinlar: sudlar mustaqilligini ta'minlash masalasi bundan buyon ham shaxsan Prezidentning qattiq nazoratida bo'ladi. Sud ostonasiga qadam qo'ygan har bir inson, O'zbekistonda adolat hukm surayotganiga to'la ishonch hosil qilishi kerak, dedi Prezidentimiz.
Fuqarolik masalalariga oid qonunchilikni takomillashtirish orqali inson huquqlarini ta'minlash borasida navbatdagi muhim qadam qo'yish zarurligini hayotning o'zi taqozo etmoqda.
Jumladan, mamlakatimizda uzoq vaqtdan beri yashab kelayotgan, lekin O'zbekiston fuqarosi degan huquqiy maqomga ega bo'la olmayotgan, minglab yurtdoshlarimizning ana shu muammosini qonuniy hal qilish bo'yicha, tashkiliy-huquqiy choralarni ko'rish vaqti keldi.
Xususan, 1995 yilgacha O'zbekistonga kelgan va shundan buyon istiqomat qilayotgan shaxslarga O'zbekiston Respublikasi fuqaroligi avtomatik tarzda berilishi darkor.
Prezidentimizning ta'kidlashicha, bu orqali 50 mingga yaqin yurtdoshlarimizning fuqarolik bilan bog'liq, uzoq yillardan buyon yechilmay kelayotgan muammolari hal etiladi.
O'zbekistonning 3 yilda 30 ta xalqaro tashabbusi
Mamlakatimiz rahbari parlamentning xalqaro aloqalarini rivojlantirish istiqbollari xususida atroflicha to'xtaldi. Avvalo, parlamentimiz O'zbekiston Prezidentining xalqaro tashabbuslarini amalga oshirishda faol ishtirok etishi kerak.
Davlatimiz rahbari so'nggi uch yilda turli nufuzli xalqaro tashkilotlarda qariyb 30 ta tashabbus bilan chiqdi. Jumladan, Prezidentimiz BMT darajasida ilgari surgan 7 ta tashabbus bo'yicha BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyalari qabul qilindi.
SHHT doirasida O'zbekiston Prezidentining 8 ta xalqaro tashabbusi amalga oshirildi. Xuddi shunday 10 dan ziyod muhim tashabbuslar YUNESKO, MDH, IHT, TURKSOY, Markaziy Osiyo mintaqasi miqyosida ilgari surildi.
Davlat rahbari ta'kidlaganidek, biz O'zbekiston tashqi siyosatini faollashtirish yuzasidan boshlagan keng ko'lamli ishlarni, milliy manfaatlarimizga javob beradigan, ochiq, pragmatik va chuqur o'ylangan tashqi siyosat kursini davom ettiramiz. Olis va yaqindagi barcha davlatlar bilan hamkorlik aloqalarini, uzoq muddatli va ko'p qirrali sheriklikni yanada kuchaytiramiz.
Bu borada Murojaatnomada ustuvor jihatlarga e'tibor qaratildi.
O'zbekiston Prezidenti tomonidan BMT Bosh Assambleyasi minbaridan ilgari surilgan muhim xalqaro tashabbus — BMTning Yoshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiyasini ishlab chiqish jarayonlarida parlamentimiz ham faol bo'lishi kerak. Bu yangi xalqaro huquqiy hujjatning qabul qilinishi globallashuv va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni amalga oshirishga xizmat qilishi bilan juda muhimdir.
Joriy yilda tashkil etiladigan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi ham aynan yoshlar huquqlariga bag'ishlanishi bejiz emas. Ma'lumki, 2018 yili qadimiy va navqiron Samarqandimizda Inson huquqlari bo'yicha ilk Osiyo forumi tashkil etilganligi xalqaro jamoatchilik tomonidan yuqori baholandi.
O'zbekiston BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga ilk bora saylanish uchun nomzodini ko'rsatgan. Joriy yilning kuzida bo'ladigan ushbu saylovda yorug' yuz bilan kutilgan natijaga erishishimiz ham qarz, ham farzdir. Davlatimiz rahbari bu borada barcha choralarni ko'rish uchun zarur topshiriqlar berdi.
Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyani qabul qilishni ham tezlashtirish kerakligiga e'tibor qaratildi.
Parlament — Xalq uyi
Prezidentimiz parlamentga Murojaatnoma taqdim etishidan oldin yangi saylangan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislarida, shuningdek, har ikki palataning ilk qo'shma yig'ilishida ishtirok etdi hamda nutq so'zladi. Bu jarayonlarda parlament palatalarining rahbariyati tasdiqlandi, qo'mitalar va komissiyalar tuzildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti yangi O'zbekistonning yangi saylovlar asosida saylangan yangi parlamenti tarkibini ana shu ulug'vor g'oyani amalda namoyon etishga chaqirdi. “El-yurtimiz sizlarga haqli ravishda katta umid va ishonch bilan qaramoqda”, deb ta'kidladi davlatimiz rahbari.
Bu haqda so'z borganda, Prezidentimiz parlament a'zolari bilan keyingi uch yil ichida 11 marta uchrashganini alohida ta'kidlash lozim. Davlat rahbari bu muloqotlarda har gal parlament va siyosiy partiyalar rolini oshirishga, davlat boshqaruvini tubdan isloh qilishga, jamiyatda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta'minlashga, inson huquqlarini himoya qilishga ustuvor ahamiyat bermoqda.
O'zbekiston Prezidentining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari bilan navbatdagi uchashuvi bu borada yangi, tarixan yuksak bosqichga asos soldi. Davlat rahbari davlat va jamiyat hayotining turli sohalaridagi ko'plab dolzarb muammolarni ko'tardi. Mavjud kamchiliklarni ochiq va achchiq tanqid qildi, istiqboldagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Davlat rahbari tomonidan “Yangi O'zbekiston — yangi saylovlar — yangi parlament” degan ustuvor g'oya dolzarb vazifa sifatida kun tartibiga qo'yildi.
Yangi O'zbekistonda vaziyat tubdan o'zgargan bugungi davrda, ya'ni yangilangan O'zbekiston sharoitida yangi parlament qanday bo'lishi kerak?
Avvalo, yangi saylangan, o'zgargan deputatlarni odamlar sezishi lozim. Yangi parlamentning yangicha faoliyatini xalq sezsin va munosib baholasin.
Bu, o'z navbatida, yangi parlamentdan o'rin olgan siyosiy partiyalar va ularning vakillari saylovoldi dasturlari va va'dalarini nechog'lik bajarishlariga bog'liq. Sodda qilib aytganda, yangi parlament aholining talab va ehtiyojlariga javob berishi lozim.
Aholi esa endilikda siyosiy mudroqlikdan uyg'ondi va bu o'ziga xos siyosiy uyg'onish bo'ldi. Keyingi bir necha yil ichida odamlarning siyosiy saviyasi o'sdi, dunyoqarashi o'zgarmoqda.
Shunday ekan, ongli ravishda faoliyat yuritadigan deputatlar yangi parlamentning yuzini ko'rsata bilishlari kerak. Deputatlik ma'suliyati degani ham shu, aslida.
Yangidan shakllangan parlamentimiz a'zolarining aksariyatini ilk bor deputat bo'lib saylangan shijoatli insonlar, o'z ishining ustalari tashkil etadi. Lekin ularning barchasi bugundanoq qonun yozishga qodir, deb aytolmaymiz.
Albatta, ushbu hamkasblarimizdan har biri o'z sohasining yuksak iqtidorli mutaxassisi ekaniga shubha yo'q. Ammo juda qisqa muddatlarda ular o'zlarining qonun ijodkorligi, qonun texnikasi va parlamentning boshqa faoliyatiga taalluqli sohalardagi bilim va ko'nikmalarini oshirib ulgurishlari taqozo etiladi.
Shu ma'noda, Prezidentimiz tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda deputatlarning malakasini doimiy oshirib borish yuzasidan yangicha tizim — deputatlik o'quvlarini joriy etish taklif qilingani ayni muddaodir.
Bizning muammolarimizni hech kim tashqaridan kelib hal qilib bermaydi. Deputatlar befarq bo'lmasliklari kerak. Yangi parlamentning samarali faoliyati deputatlarning saviyasi va professionalligiga bog'liq. Islohotlar natijasiga deputatlar ham ma'sul va javobgardir. Deputatlik — bu buyuk ma'suliyat va javobgarlikdir.
Oddiy odamlarning ovozini olib, saylangan deputat shu oddiy odamlarning dardu tashvishi bilan yashashi shart. Odamlarni qanday qilib rozi qilish mumkin? Albatta, xalq bilan qancha ko'p uchrashilsa, muloqot qilinsa, shuncha kam xato qilamiz va ko'p natijaga erishamiz.
Murojaatnomada bayon etilganidek, Prezidentning Virtual va Xalq qabulxonalariga o'tgan yilda bir milliondan ziyod murojaat tushgan. Ana shu murojaatlar odamlarni qanday muammo va tashvishlar qiynayotgani haqida xulosa chiqarishga imkon bermoqda.
Prezidentimiz bundan buyon murojaatlar tahilili asosida amaliy ishlar olib borilishini qayd etdi. Bu kabi vazifalarni bajarish barcha davlat organlari, ayniqsa senator va deputatlar zimmasiga alohida mas'uliyat yuklaydi.
Yangi parlament — xalqparvar parlament bo'lishi kerak. Xalq vakillari faoliyat olib boradigan parlament — aslida, Xalq uyidir.
Hozirgi kunda parlament qonunchilik faoliyati zamon talablariga to'la javob beradi deya olmaymiz. Ishlab chiqayotgan qonunlarimiz aniq bir sohadagi ayrim vazifalarnigina hal qilishga xizmat qiladi. Ular hali kompleks xarakterga ega yoki kodifikatsiyalashgan emas. Bu borada qiladigan ishlarimiz talay.
Qonun ijodkorligimiz hozirgi islohotlar shiddati va sur'atlaridan ancha ortda qolmoqda. Vaholanki, qonun ijodkorligi islohotlardan sal bo'lsa ham ilgariroq yurishi kerak.
Bu borada biz hali islohotlardan ilgarilash u yoqda tursin, jamiyat va davlat hayotidagi tub o'zgarishlarning qonuniy asoslarini hayot, zamonamiz va bugungi kun talablaridan kelib chiqib ta'minlab borishga ham to'la erishganimiz yo'q.
Ayniqsa, yaqinda bo'lib o'tgan saylovlar oldimizda parlamentarizmni va ko'ppartiyaviy tizimni yanada mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, xalqimizning huquqiy ongi va tafakkurini, huquqiy bilim va ko'nikmalarini oshirish borasida hali talaygina vazifalar turganini ko'rsatdi. NNT va siyosiy partiyalarning faoliyatini qo'llab-quvvatlash borasidagi qonun hujjatlarini ham kodifikatsiyalash lozim.
Murojaatnomada alohida ta'kidlanganidek, yangi Parlament va Hukumatning kelgusi 5 yildagi faoliyatining pirovard maqsadi – O'zbekistonda yashayotgan ko'p millatli xalqimiz hayotini yuksaltirishdan iborat bo'lishi shart.
“Shu munosabat bilan deputatlarimizga murojaat qilib, shuni aytmoqchiman. Saylovoldi uchrashuvlarida aholi tomonidan ko'tarilgan dolzarb masalalarni hal etish bo'yicha, aniq dastur va “yo'l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda uni mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda to'liq amalga oshirish zarur”, dedi Prezidentimiz.
Parlament diplomatiyasi — muhim imkoniyatdir
Yangi parlament O'zbekistonning xalqaro obro'sini oshirishga o'z hissasini qo'shishi darkor. Ayniqsa, “Demokratiya indeksi”, “Qonun ustuvorligi indeksi”, “Korruptsiyani nazorat qilish indeksi”da yangi O'zbekiston o'zining namuna bo'lgulik sifatlarini namoyon etishi zarur.
Keyingi davrda O'zbekistonning xalqaro reytinglardagi mavqeini oshirish bo'yicha Prezidentimizning 12 ta farmon va qarorlari qabul qilindi. Mazkur hujjatlar bu borada muayyan ijobiy o'zgarishlarga erishishimiz uchun mustahkam huquqiy asos vazifasini o'tamoqda.
Xususan, mamlakatimiz “Biznes yuritish indeksi”da 100 pog'onadan ko'proq yuqoriladi va hozir 69-o'rinda turibdi. Shuningdek, O'zbekiston keyingi davrda “Iqtisodiy erkinlik indeksi”da 26 pog'onaga, “Logistika samaradorligi indeksi”da esa 19 pog'onaga ko'tarildi.
Yaqin orada “So'z erkinligi va hisobdorlik indeksi”, “Jahon matbuoti erkinligi indeksi” kabi xalqaro reytinglarda ko'rsatkichlarimizni butunlay yangilashimiz taqozo etiladi.
Binobarin, O'zbekistonning halqaro iqtisodiy va ijtimoiy reytinglar, siyosiy muhitni aniqlashga oid indekslardagi o'rnini yaxshilab borishda – bu “duing biznes” bo'ladimi, investitsiya muhitiga oid bo'ladimi, inson huquqlari yoki matbuot va so'z erkinligi sohasidami, “innovatsion rivojlnishga tayyorlik”ga tegishli bo'ladimi va hokazo – ushbu jarayonlarda nafaqat ijro xokimiyati, balki vakillik hokimiyatining ham ahamiyati yuksakdir.
Parlamentning tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy siyosat borasidagi faoliyatini, uning ustuvor yo'nalishlarini aniqlash, nufuzli xalqaro tashkilotlarda O'zbekistonning milliy manfatlarini himoya qilish kabi vazifalarini samarali amalga oshirish talab etiladi.
Xususan, mintaqamizda yaxshi qo'shnichilik muhitini mustahkamlash, iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar sohalarga investitsiyalar jalb etish kabi yo'nalishlarda O'zbekiston bilan xorijiy mamlakatlar o'rtasidagi parlamentlararo ikki tomonlama hamkorlik guruhlari, xalqaro tashkilotlar doirasidagi parlamentlararo tuzilmalardagi ishtirokimizdan samarali foydalanish bugungi kunning dolzarb talablaridandir.
Biz qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil va xalqaro hamkorlik bo'yicha faoliyatimizda ushbu masalalarga alohida e'tibor qaratishimiz zarur.
Keyingi davrda Oliy Majlis Prezidentimiz tashqi siyosiy yo'lining faol ishtirokchisiga aylangani, shubhasiz, mamlakatimizda parlament diplomatiyasi rivojlana boshlaganini ko'rsatadi. Zero, O'zbekiston parlamenti endilikda parlamentlararo xalqaro tashkilotlarda ishtirok etmoqda. Ikki tomonlama deputatlik guruhlari ko'payib, 28 taga yetdi va ular izchil faollashdi.
Ayni chog'da, Prezidentimiz parlamentning nafaqat islohotlarni ta'minlash uchun zarur qonuniy asoslarni yaratib berish, balki mamlakat manfaatlarini har tomonlama himoya qilish va ilgari surish borasidagi faoliyatini ham tubdan qayta ko'rib chiqish zaruriyatiga e'tiborni qaratdi. Haqiqatan ham, hali biz “parlament diplomatiyasi”, “xalqona yoki partiyaviy diplomatiya” imkoniyatlaridan yetarli darajada foydalanmadik.
Shu o'rinda O'zbekiston Prezidentining Oliy Majlis Qonunchilik palatasining kelgusi faoliyati bo'yicha bildirgan fikrlariga to'xtalish maqsadga muvofiqdir.
Birinchidan, Konstitutsiyaga muvofiq, Qonunchilik palatasining eng muhim vakolatlaridan biri – bu xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya yoki denonsatsiya qilish hisoblanadi. Shu bilan birga, Prezidentimiz uqtirganidek, O'zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining Hukumat tomonidan izchil bajarilishini nazorat qilish ham quyi palataning asosiy vazifasi bo'lishi kerak.
Ikkinchidan, Qonunchilik palatasi bundan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish bo'yicha vazirlar hisobotlarini eshitishni yo'lga qo'yishi lozim.
Uchinchidan, Inson huquqlarini himoya qilishda Qonunchilik palatasi rolini oshirish, xalqaro tashkilotlar tavsiyalari ijrosini tashkil etish, “yo'l xaritalari”ni ishlab chiqish va ijro etish ham quyi palataning diqqat markazida bo'lishi kerak.
To'rtinchidan, bugungi kunda jahon parlamentarizmida ilg'or tajriba bo'lmish, ya'ni nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash amaliyoti xalqaro darajada e'tirof etilmoqda. Shu bois, davlatimiz rahbari qayd etganidek, ushbu nomdagi Parlament komissiyasi faoliyati izchil muvofiqlashtirib borilishi muhim.
Beshinchidan, Oliy Majlis huzurida Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tuzilgan. Bu institut qonun loyihalarini tayyorlashda, ularni muhokama qilishda, qabul qilingan qonunlar mohiyatini jamoatchilikka yetkazishda parlament a'zolariga haqiqiy yordamchi bo'lishi lozim.
Oltinchidan, qonun ijodkorligi faoliyatiga ilmiy-innovatsion omilni keng joriy etish ham bundan keyin quyi palataning muhim vazifasi bo'lib qolishi kerak.
Bugungi kunda O'zbekistonimiz o'z taraqqiyot yo'lidan jadal ilgarilab bormoqda. O'tgan uch yil davomida amalga oshirgan islohotlarimiz dastlabki samaralarini bera boshladi. Jahon hamjamiyatida O'zbekistonga qiziqish va e'tibor, mamlakatimizning kuch va imkoniyatlariga, uning kelajagiga bo'lgan ishonch tobora ortib bormoqda.
Bu, o'z navbatida, taraqqiyotning yangi bosqichiga chiqish, ko'zlagan maqsadlarimizga yetish uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Shunday ekan, bag'rikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning ishonchiga sazovor bo'lgan har birimiz o'z joyimizda bu yuksak ishonchni amaliy ishlar bilan oqlashimiz kerak. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Bu bizning nafaqat fuqarolik, balki, eng avvalo, ona Vatanimiz oldidagi farzandlik burchimizdir”.
Xulosa qilib aytganda, davlat boshlig'ining parlamentga Murojaatnomasi — dasturiy siyosiy-huquqiy hujjatdir.
Murojaatnomada, birinchidan, Prezidentning mamlakatni yaqin istiqbolda rivojlantirishga doir strategik yo'nalishlar bo'yicha nuqtai nazari bayon qilindi;
ikkinchidan, siyosiy, iqtisodiy, g'oyaviy-mafkuraviy qoidalar bilan bir qatorda, parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatiga taalluqli aniq takliflar ilgari surildi;
uchinchidan, u jahon konstitutsiyaviy amaliyotida hokimiyat vakolatlari bo'linishi printsipini ta'minlashga qaratilgan muhim huquqiy institut sifatida namoyon bo'ldi.
O'zbekiston Prezidenti Oliy Majlisga Murojaatnomasini keng jamoatchilikka havola qildi. Agar ushbu muhim siyosiy-huquqiy tadbir televidenie kanallari va internet tarmog'i orqali to'g'ridan-to'g'ri namoyish etilganini hisobga olsak, Prezident Shavkat Mirziyoevning Murojaatnomasi nafaqat milliy parlament a'zolariga, balki butun O'zbekiston xalqiga bevosita murojaat sifatida yanada ahamiyatlidir.
Akmal SAIDOV,
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Spikerining
birinchi o'rinbosari
Manba: "Xalq so'zi" gazetasi
- Qo'shildi: 30.01.2020
- Ko'rishlar: 6769
- Chop etish