UNWTOning 50 yillik tarixida tashkilotni ilk bor ayol kishi boshqaradi

Saudiya Arabistoni poytaxtida bo‘lib o‘tgan BMT Turizm tashkiloti (UNWTO) 26-sessiyasida mazkur tuzilma bosh kotibi lavozimiga BAAlik Shayxa Nasser al-Novais nomzodi tasdiqlandi.

Ta’kidlanishicha, u UNWTOning 50 yillik tarixida tashkilotni boshqaradigan birinchi ayol rahbar va BAAning birinchi vakili bo‘ldi. Al-Novais ushbu lavozimda 2026 yilning 1 yanvaridan 2029 yilning 31 dekabrigacha faoliyat yuritadi. Shu vaqtga qadar tashkilotni Zurab Pololikashvili boshqarib kelayotgan edi.

Yangi bosh kotib turizm va mehmonxona biznesida 15 yildan ortiq tajribaga ega. U “Rotana hotels” xalqaro mehmonxonalar guruhi vitse-prezidenti, Abu-Dabi Savdo palatasining turizm bo‘yicha ishchi guruhi rahbari, Abu-Dabi tadbirkor ayollar kengashi va Shveysariyaning «Les Roches Global Hospitality Education” mehmonxona akademiyasi kuzatuv kengashi a’zosi hisoblanadi.

Ekspertlar fikricha, Shayxa Nasser al-Novaisning bosh kotib sifatida saylanishi mintaqalararo hamkorlikni mustahkamlashga zamin yaratib, Osiyo, Afrika va Markaziy Osiyoda barqaror turizmni rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochadi.

G.Sattorova, O‘zA

Powered by GSpeech