Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Belgiyaning “EUReflect” nashri “Odamlardan sanoatga: Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi O‘zbekiston kelajagini qanday shakllantirmoqda” nomli maqola e’lon qildi.
Unda davlatimiz rahbarining Yaponiyaga rasmiy tashrifi, shuningdek, yurtimizda sanoat, texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot” rivojiga qaratilgan islohotlar samarasi batafsil yoritilgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning kunchiqar yurtga rasmiy tashrifi Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatidagi pragmatik va uzoqni ko‘zlagan yondashuvning yaqqol namunasi bo‘ldi.
– Yaponiyada vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan va tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolari bilan uchrashuvdan boshlangan tashrif davlat siyosati odamlardan boshlanadi, degan tamoyilni o‘zida aks ettiradi. O‘zbekiston uchun xorijdagi mehnat migrantlari va talabalar ijtimoiy yuk emas, balki milliy kuch va intellektual zaxira hisoblanadi. Ularning xorijda oladigan bilim va tajribasi mamlakat kelajagiga xizmat qiladigan strategik investitsiyalar sifatida qaraladi, -deyiladi maqolada.
Muallifning qayd etishicha, Markaziy Osiyoda jahon marganets zaxiralarining 39 foizi, xromning 31 foizi, qo‘rg‘oshinning 20 foizi, ruxning 13 foizi, titanning 9 foizi mavjud. Yaponiya uchun bu ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish, O‘zbekiston uchun esa ilg‘or sanoat salohiyatini rivojlantirish imkonini beradi.
Shuningdek, nashrda diyorimizning JBIC va JICA kabi yetakchi moliya institutlari bilan hamkorligi kengayib borayotgani Yangi O‘zbekiston islohotlariga xalqaro ishonch yuqori ekanini yana bir bor tasdiqlashi bayon etilgan.
– Ushbu tashkilotlar bilan milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilayotgani islohotlar quruq gap emas, balki aniq natijalar berayotganini amalda isbotlamoqda, -deb yozadi muallif.
Nashr xulosasida o‘lkamizda olib borilayotgan islohotlar O‘zbekistonni xomashyo eksport qiluvchi davlatdan zamonaviy, texnologik va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan iqtisodiyotga ega mamlakatga aylantirishga xizmat qilayotgani qayd etilgan.
O‘.Alimov, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский