Turkiyada bolalar internetdan foydalanishiga doir cheklov o‘rnatildi
Turkiyada 15 yoshga to‘lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqdagi xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan yangi qonun kuchga kirdi. Shu tariqa raqamli platforma va o‘yinlar olamiga muayyan o‘zgarishlar kiritiladi.
Bu haqda “Reuters” xabar bergan. Hujjatga muvofiq, endi raqamli platforma voyaga yetmagan foydalanuvchining yoshini aniqlovchi maxsus tekshiruv tizimini yo‘lga qo‘yishi shart. Bu tartib nafaqat ijtimoiy tarmoq, balki o‘yin platformalariga ham tegishli. Endi har qanday onlayn o‘yin yosh toifasi bo‘yicha tasniflanib, qat’iy nazorat qilinadi.
Shuningdek, yirik xalqaro platformalar zimmasiga Turkiyada rasmiy vakil tayinlash majburiyati yuklandi. Mazkur tashabbus qonun ijrosini ta’minlashda davlat idoralari bilan yaqin hamkorlik qilish zarurligini ifodalaydi. Bundan tashqari hukumat bolalar xavfsizligini yanada kuchaytirish uchun zararli kontentlarni majburiy cheklaydigan maxsus SIM-kartalar joriy etish, VPN xizmatidan foydalanishni cheklash hamda 18 yoshgacha bo‘lganlar uchun qo‘shimcha internet qoidasini ishlab chiqish masalalarini ham ko‘rib chiqmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский