YeI qochqinlarni uchinchi davlatlarga deportatsiya qilishni tasdiqladi

Yevropa Ittifoqi mamlakatlari deportatsiya qoidalariga kiritilgan o‘zgarishlarni yakuniy tasdiqladi - endi boshpana so‘rovchilarni ular hech qanday aloqasi bo‘lmagan mamlakatlardagi boshpana markazlariga tezroq chiqarib yuborish imkoni paydo bo‘ldi.

Rasmiy qaror YeI kengashi tomonidan dushanba, 23 fevral kuni qabul qilindi va u Yevropa bo‘ylab boshpana berish qoidalarini isloh qilish doirasida 12 iyun kuni kuchga kiradi.

 

Yangi qoidalarga ko‘ra, Germaniya va YeIning boshqa davlatlari odamlarni uchinchi mamlakatlarga, hatto boshpana so‘rovchilarning u yerda hech qanday shaxsiy bog‘lanishi bo‘lmagan taqdirda ham, deportatsiya qilishi mumkin bo‘ladi. Ilgari buning uchun “yaqin aloqa” — masalan, qarindoshlar yoki uzoq muddat u yerda yashaganlik tarixi talab qilingan. Endi esa YeI a’zosi bo‘lgan davlat bilan tegishli uchinchi davlat o‘rtasida kelishuv bo‘lishi yetarli. Bunday model avvalroq Buyuk Britaniya tomonidan sinab ko‘rilgan va “Ruanda modeli” deb nom olgan.

Bundan tashqari, YeIning barcha a’zolari amal qiladigan, kelib chiqish bo‘yicha umumevropa “xavfsiz mamlakatlar” ro‘yxati ham yakuniy tasdiqlandi. Unga Shimoliy Afrika mamlakatlari — Marokash, Tunis va Misr, shuningdek Kosovo, Kolumbiya hamda Janubiy Osiyo davlatlari — Hindiston va Bangladesh kiritildi.

Ushbu mamlakatlar fuqarolariga nisbatan Germaniya va YeIning boshqa davlatlaridan deportatsiya qilish arizalarni ko‘rib chiqishning tezlashtirilgan tartibi hisobidan tezroq amalga oshirilishi mumkin bo‘ladi. Shu bilan birga, boshpanadan avtomatik rad etish nazarda tutilmagan: uni berish uchun asoslar baribir tekshirilishi shart.

YeIga a’zo bo‘lishga nomzod mamlakatlar ham o‘z fuqarolari uchun “xavfsiz” deb hisoblanadi. Ular qatoriga, masalan, Serbiya, Albaniya, Chernogoriya va Turkiya kiradi. Biroq bu qoidadan istisnolar bo‘lishi mumkin — agar tegishli mamlakatga nisbatan YeI sanksiyalar joriy etsa yoki u yerda qurolli to‘qnashuv boshlansa. Bunday ro‘yxatlarni hozirgacha YeIning ayrim a’zolari, jumladan Germaniya ham, alohida yuritib kelgan.

Fevral oyi o‘rtasida YeI migratsiya qonunchiligini qat’iylashtirishni Yevropa parlamenti ma’qullagan edi.

Kun.uz

Powered by GSpeech