Yevropa demokratiyadan charchadimi?
“Politico” nashri ma’lumotiga ko‘ra, Yevropaning 5 mamlakati fuqarolarining 22 foizi muayyan sharoitda diktatura demokratiyadan afzalroq ekaniga ishonadi, 26 foizi esa, hatto bu demokratiya tartibini cheklasa ham, “samarali va qobiliyatli yetakchi”ga favqulodda vakolat berishga tayyor.
“Progressive Lab” tahlil markazi buyurtmasi bilan “About People” instituti tomonidan 2025-yil 25-noyabrdan 16-dekabrgacha o‘tkazilgan so‘rovda Gretsiya, Fransiya, Shvetsiya, Buyuk Britaniya va Ruminiya jamoatchiligidan vakillar ishtirok etgan.
Sotsiologlar ta’kidlashicha, ko‘pchilik hamon demokratiyani qo‘llab-quvvatlaydi, ammo bunday tizim samaradorligidan umidsizlik tobora kuchaymoqda.
Eng ko‘p norozilik Janubiy va Sharqiy Yevropada kuzatilyapti. Gretsiyada respondentlarning 76 foizi, Fransiyada 68, Ruminiyada 66 foizi demokratiya to‘g‘ri ishlamayapti, deb hisoblaydi. Shimoliy mamlakatlarda ayni ko‘rsatkich pastroq: masalan, Buyuk Britaniyada 42, Shvetsiyada 32 foiz. Mutaxassislar shubha kuchayishini iqtisodiy qiyinchilik, yuqori inflyatsiya, migratsiya inqirozi, an’anaviy partiyalarga ishonch pasayishi va siyosiy beqarorlik bilan bog‘lamoqda. To‘g‘ri, hatto eng ashaddiy tarafdorlar ham umuman saylov o‘tkazmaslik yoki huquq va erkinlikni butunlay bekor qilishni talab qilayotgani yo‘q. Shunchaki, samarador va tezkor qaror qabul qilish, boshqaruvda qat’iy qo‘ldan foydalanish usulini yoqlamoqda.
Tahlilchilar ogohlantirishicha, demokratiyani rasman qo‘llab-quvvatlash va amaliy umidsizlik o‘rtasidagi tafovut, ayniqsa, Yevropadagi iqtisodiy notinchlik va xavfsizlik ortidan yuzaga kelgan muammolar sharoitida, populist va radikal kuchlar uchun qulay zamin yaratadi.
S.Rahimov, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский