YUNISEF: Afrikada 2,76 mln bola 5 yoshga yetmasdan vafot etgan

So‘nggi uch o‘n yillikda dunyo 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning omon qolishi borasida katta yutuqlarga erishdi. Biroq ayrim mamlakatlarda vaziyat hamon og‘ir. Infografikada Afrika mamlakatlarida 5 yoshga to‘lmagan qancha bola vafot etishi ko‘rsatilgan.

YUNISEF ma’lum qilishicha, 2023 yilda butun dunyo bo‘ylab 5 yoshgacha bo‘lgan 4,8 million bola vafot etgan. Eng og‘ir ahvol Afrikada kuzatilgan: bu yerda 2,76 million bola 5 yoshga yetolmagan.

BMTning bolalar o‘limi ko‘rsatkichlarini baholash bo‘yicha Idoralararo guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, bolalar o‘limi ulushi bo‘yicha yetakchi mamlakat — Niger. U yerda bolalarning 11,5 foizi 5 yoshga yetmay vafot etgan. Nigeriya, Chad va Somalida ham vaziyat o‘ta keskin: bu mamlakatlarda har o‘ninchi bola 5 yoshga yetmay halok bo‘ladi.

Shimoliy Afrikada esa vaziyat unchalik keskin emas. Tunisda bolalar o‘limi ko‘rsatkichi 1,3 foiz, Marokashda — 1,7 foiz, Misrda — 1,8 foizni tashkil etgan.

Bu ma’lumotlar Kolumbiya (1,2 foiz) va Meksika (1,2 foiz) ko‘rsatkichlariga yaqin. Yevropada esa eng yuqori bolalar o‘limi Moldovada qayd etilgan — taxminan 1,5 foiz.

Kun.uz

Powered by GSpeech