Zamonaviy xavf va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish lozim

Samarqand shahrida MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va razvedka xizmatlari rahbarlarining 21-majlisi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilgan yig‘ilishda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning xavfsizlik organlari hamda razvedka xizmatlari rahbarlari ishtirok etdi.  

Majlis avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbir ishtirokchilariga murojaatini Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov o‘qib eshittirdi.  

Davlatimiz rahbari o‘z murojaatida an’anaviy tahdidlar kuchayib, yangi xavflar paydo bo‘layotgani sababli dunyodagi vaziyat murakkab geosiyosiy sharoitda rivojlanayotgani, bu esa, o‘z navbatida, Hamdo‘stlik mamlakatlari manfaatlariga bevosita ta’sir qilayotganini qayd etgan.  

Ta’kidlanganidek, keng ko‘lamli urushga aylanib ketishi mumkin bo‘lgan qurolli mojarolarning tobora keskinlashib borayotgani ham xavotir uyg‘otmoqda. Shu bois, tarixiy tajriba va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari asosida beqarorlik o‘choqlarini imkon qadar tezroq bartaraf etish bo‘yicha adolatli va muvozanatli yondashuvlarni ishlab chiqish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.  

O‘zbekiston mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, Hamdo‘stlik mamlakatlarining jadal rivojlanishi yo‘lida xalqaro kun tartibidagi muammoli masalalarni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanligiga alohida e’tibor qaratildi.  

O‘zbekiston Prezidenti murojaatida davlatlarimizning suvereniteti, hududiy yaxlitligi va konstitutsiyaviy asoslariga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga qarshi kurashishda birgalikdagi sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish MDH davlatlari xavfsizlik va razvedka xizmatlari organlarining ustuvor vazifasiga aylanishi kerakligi alohida ta’kidlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati rahbari, general-polkovnik B.Qurbonov raislik qilgan majlisda ishtirokchilar zamonaviy xavf va tahdidlar yuzasidan fikr almashib, MDH davlatlari razvedka xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha galdagi vazifalarni muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida delegatsiyalar rahbarlari mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikning aniq vazifalari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldilar.

Rossiya Federatsiyasi tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin majlis yakunlari haqida o‘z fikrlarini bildirib, MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va razvedka xizmatlari rahbarlarining Samarqanddagi uchrashuvi samarali bo‘lganini ta’kidladi.  

– MDHdagi har bir davlat xavfsizlik xizmatlari bugungi murakkab  sharoitda o‘z mamlakatida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida tajribaga ega, – dedi S.Narishkin. – Shu bilan birga Hamdo‘stlik mintaqasida turli xavf va tahdidlarga qarshi kurashish borasida birgalikda harakat qilishimiz, hamkorlikni yanada kuchaytirish zarurligini davrning o‘zi taqozo etmoqda. Shu jihatdan 21-majlisda shu va boshqa yo‘nalishlarda ma’lumot almashish, birgalikdagi harakatlarimizni muvofiqlashtirish bo‘yicha fikrlashib oldik.  

G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari

Powered by GSpeech