31 yanvar kuni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasining ishchi guruhi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda “Bola huquqlari kafolatlarining yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasi ko'rib
chiqildi.
Yig'ilishda mazkur Qo'mita deputatlari va ishchi guruh a'zolari, shuningdek, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o'rinbosari M. Tillaboev, Markaz bo'lim boshlig'i A. Mo'minov, bosh mutaxassis YA.Kvitkov ishtirok etdi. So'zga chiqqanlar bolalarning huquqlarini amalda kafolatlash, ularning jismoniy, intellektual, ruhiy va ma'naviy yetuk avlod bo'lib yetishishini ta'minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning asosini tashkil etishini ta'kidladilar.
2019 yil 22 aprelda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori qabul qilingani ayni yo'nalishda olib borilayotgan ishlarning jadallashishini ta`minladi. Qarorda ko'zda tutilgan maqsadlarga erishish uchun fuqarolik, oilaviy va uy-joy huquqlari bilan bog'liq munosabatlarga taalluqli bola huquqlarining kafolatlarini kuchaytirishga doir bir qator qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish talab qilinadi.
Ana shu hayotiy zaruratdan kelib chiqib, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan “Bola huquqlari kafolatlarining yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur loyihaga ko'ra, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga 18 yoshga to'lmagan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo'lmagan shaxsni, agar uning ota-onasidan biri, vasiylikka yoki homiylikka olgan shaxs O'zbekiston Respublikasi hududida qonuniy asosga ko'ra yashash huquqiga ega bo'lsa, O'zbekiston Respublikasidan ma'muriy tarzda chiqarib yuborishni taqiqlashga doir norma kiritilmoqda.
Uy-joy kodeksiga ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o'zlari yashab turgan turar joylarni ular “Mehribonlik uylari”ga joylashtirilgan butun vaqt mobaynida bronlashtirish huquqini taqdim etish to'g'risidagi qoida kiritilmoqda.
Soliq kodeksiga bolalar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga fuqarolik ishlari bo'yicha kiritilgan da'volarni davlat boji to'lashdan ozod qilish tartibi to'g'risidagi qoida singdirilmoqda.
“Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonunga Bola huquqlari bo'yicha vakilni ta'sis etish, bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to'liq ko'rib chiqishni kafolatlash, 18 yoshga to'lmagan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo'lmagan shaxsning O'zbekiston Respublikasidan chiqarib yuborishga yo'l qo'yilmasligi, davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan bola manfaatlariga aloqador qarorlar qabul qilish paytida bolaning fikrini inobatga olishga oid normalar kiritilyapti.
Shuningdek, ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarga munitsipal va aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidagi o'zlari yashab turgan turar joylarni ular “Mehribonlik uylari”ga joylashtirilgan butun vaqt mobaynida bronlashtirish huquqini taqdim etish, ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarga ro'yxatda turish joyi va fuqaroligidan qat'i nazar, barcha ijtimoiy xizmatlar ko'rsatilishi to'g'risidagi qoidalar aks ettirilmoqda.
Fuqarolik protsessual kodeksiga kiritilayotgan o'zgartishga ko'ra esa, voyaga yetmagan bolalarning sudga qilgan bevosita murojaatlarini bola to'liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan ko'rmasdan qoldirishning taqiqlanishi belgilanmoqda. Shuningdek, o'n to'rt yoshga to'lgan voyaga yetmaganlarga sudda da'vogar bo'lish huquqining berilishi to'g'risidagi qoida ko'zda tutilmoqda.
“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to'g'risida”gi qonunga ota-ona qaramog'isiz qolgan bolalarning davlat organlariga bevosita qilgan murojaatlarini to'liq ko'rib chiqishning kafolatlanishi, bola to'liq muomala layoqatiga ega emasligi vajlari bilan bu turdagi murojaatlarni ko'rmasdan qoldirishga yo'l qo'yilmasligi huquqi to'g'risidagi qoida kiritilmoqda.
Qizg'in bahs-munozaralar ruhida kechgan yig'ilish so'ngida qonun loyihasi bo'yicha tegishli qaror qabul qilindi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.02.2020
- Ko'rishlar: 5221
- Chop etish