Urganchda profilaktika inspektorlari xalqaro standartlar va milliy qonunchilik bo‘yicha mahoratini oshirdi

Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning tub mohiyati inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan. Ichki ishlar organlari, xususan, mahallalarda faoliyat yurituvchi profilaktika inspektorlari uchun inson huquqlarini hurmat qilish – bu shunchaki xizmat vazifasi emas, balki demokratik huquqiy davlat qurish yo‘lidagi muqaddas burchdir.

Shu asosda yurtimizda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha yondashuvlar tubdan o‘zgardi. Huquqbuzarlik sodir etishi yoki undan jabrlanishi mumkin bo‘lgan fuqarolarni profilaktika inspektorlari vaqtida aniqlashi hamda mavjud muammolar “mahalla yettiligi” tomonidan samarali hal etilishi uchun ijtimoiy profilaktika tizimi va uning ijtimoiy-huquqiy mexanizmlari yaratildi.

Urganch shahrida mahalla fuqarolar yig‘inlari (MFY) profilaktika inspektorlari uchun “Xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusida o‘tkazilgan seinar-trening avvalida shu haqda so‘z bordi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi samaradorligini oshirish, shuningdek, ichki ishlar organlari va mahalla tizimi o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan ushbu tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tashabbusi bilan tashkil etildi.

Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Abdumajid Shermuhamedov tadbirni qutlov so‘zi bilan ochar ekan, profilaktika inspektorlari davlatning mahalladagi ko‘zi, adolat va qonun ustuvorligining ramzi ekanini qayd etdi. Binobarin, fuqarolar davlatdan, qonundan rozi bo‘lishi birinchi navbatda ayni soha vakillarining keng dunyoqarashi va ishonchli bilimi, maqbul muomala-munosabati, inson huquqlariga qanchalik amal qilayotganiga bog‘liqdir.

Ochilish marosimida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, BMT Inson huquqlari qo‘mitasi a’zosi, akademik Akmal Saidov ishtirok etib, “Inson huquqlari sohasidagi xalqaro va milliy  standartlar” mavzusida nutq so‘zladi.

A. Saidov, xususan, Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” qabul qilinganini ta’kidladi. Ayni seminar-trening ana shu xalqaro va milliy qarorlar talablarini izchil bajarish yo‘lida tashkil etilganiga e’tibor qaratildi.

Mashg‘ulotlar davomida “Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro va milliy standartlar”, “Inson sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish – davlat va jamiyatning oliy burchi”, “Ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlarida inson huquqlari madaniyatini shakllantirish”, “Qiynoqlarga qarshi konvensiya va uning ichki ishlar organlari faoliyatidagi ahamiyati” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi yetakchi mutaxassisi, professor Ilhom Turg‘unov, Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakilining Xorazm viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakili Guliston Jumaboyeva, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi kafedra boshlig‘i Dilorom Xudoyberganova va mazkur Akademiya dotsenti Umid  Fozilov, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar fakulteti huquq kafedrasi katta o‘qituvchisi Qahramon Qo‘chqorov shu mavzular yuzasidan o‘z chiqishlarini taqdim etdi.

Tadbir doirasida profilaktika inspektorlaridan bir guruhiga namunali xizmatlari uchun faxriy yorliq, tashakkurnoma va rag‘batlantiruvchi mukofotlar topshirildi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Powered by GSpeech