YANGI TARAQQIYOT HAMDA MILLIY YUKSALISH DAVRI

Kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev raisligida Yangi O‘zbekistonning 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, hozirgi kunda mamlakatimiz hayotida g‘oyat muhim davr boshlanayotir. Bu yangi taraqqiyot hamda milliy yuksalish davridir. Muxbirlarimiz Taraqqiyot strategiyasi doirasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar, istiqboldagi rejalar xususida mutasaddilarning fikrlari bilan qizikdi.

INSONNI QADRLASH UNING HUQUQLARINI HIMOYA QILISH DEMAKDIR

Akmal SAIDOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari:

— Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi, ya’ni yaqin kelajakdagi rivojlanish yo‘limizni belgilovchi ushbu tarixiy hujjatning mamlakatimiz bo‘ylab keng jamoatchilik muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur hujjatning g‘oyasi Prezidentimizning O‘zLiDePning s’ezdida bayon etilgan edi. Mana shu strategiya saylovoldi uchrashuvlarida fuqarolardan tushgan takliflar asosida umumlashtirib, boyitilib davlatimiz rahbarining inauguratsiya ma’ruzalarida yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu bosqichda O‘zbekistonning 7 ustuvor yo‘nalishi doirasida yaqin besh yildagi rivojlanish yo‘li ko‘rsatib o‘tildi.

Hujjat keng muhokama asosida takomiliga, maromiga yetkazildiki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi, deb nomlandi. Ushbu strategiya hozir mana Prezidentimizning tegishli farmonida belgilangan hamda Davlat dasturiga muhim asos hisoblanadi. Chunki mana shu strategiya bizga yaqin kunlardagi taraqqiyotimizning poydevori, Uchinchi Renessansning mustahkam huquqiy poydevorini yaratadi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi.

Bitta jihatga e’tibor bering: davlatimiz rahbarining Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi nafaqat mamlakatimizda katta qiziqish va diqqat bilan o‘rganildi, balki xalqaro hamjamiyat darajasida ham atroflicha muhokama qilindi.

Shu bo‘yicha bir-ikkita baholarni aytmoqchiman. Masalan, Parlamentlararo Ittifoqning bosh kotibi Martin Chungong O‘zbekiston Prezidentining milliy parlamentlar rolini oshirishga qaratilgan barcha tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashini alohida ta’kidladi.

Janob Martin Chungong aytdiki, Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilishni taklif etgan edi. Ya’ni Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish hamda inson huquqlarini himoya qilishda parlamentlarning rolini oshirish to‘g‘risidagi BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyusiyasini qabul qilish, bundan tashqari, O‘zbekiston rahbarining bu yil O‘zbekistonda parlamentlar ayol-spikerlari Global sammitini tashkil etish taklifi nihoyatda o‘rinlidir.

Chunki Prezidentning gender siyosatini amalga oshirishdagi O‘zbekiston parlamentida xotin-qizlar soni oshib borayotgani, umuman, ayollar huquq va manfaatlari himoya qilayotgan tajriba jahonga o‘rnak bo‘ladigan tajriba hamda Prezidentning keyingi muhim tashabbusi, ya’ni Yoshlar parlamentlarining rolini oshirish va mahalliy Kengashlarda, parlamentda xotin-qizlarning sonini oshirib borishdagi izchil siyosati ham jahon parlamenti tajribasi uchun katta o‘rnak bo‘ladi, deb aytgan edi.

Bu Parlamentlararo Ittifoqning bosh kotibi Martin Chungongning e’tiroflari edi xolos. Bunday e’tiroflar, masalan, aytadiki, Jeneva Diplomatik doirasi prezidenti Robert Blyum aytadiki, Prezident Shavkat Mirziyoevning xususiy mulkchilik va tadbirkorlarni huquqiy himoya qilish, xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha g‘oya hamda tashabbuslari bu, avvalambor, O‘zbekiston fuqarolarining farovonligini oshirish, iqtisodiyotining rivojlanishiga asos bo‘lgan tashabbuslardir, degan bahoni beryapti.

Yoki “Diva International” degan xalqaro jurnalning bosh muharriri ta’kidlaydiki, O‘zbekiston Prezidenti haqiqiy demokrat sifatida, avvalombor, inson qadrini yuksalishini ko‘taryapti, inson qadri yuksalishi degani, bu — inson huquqlarini himoya qilish, deganidir. Mana bu nuqtai nazardan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi xalqaro ahamiyatga ega. 

Powered by GSpeech