TARAQQIYOTNI JADALLASHTIRISHNINGASOSIY OMILI NIMADA?

“Yangi O‘zbekistonning 2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi" loyihasi. Bu keng ko‘lamli chuqur o‘zgarish hamda yangilanishlarning mantiqiy davomi, desak, mubolag‘a emas. Xo‘sh, buni nimalarda ko‘rish mumkin?

Nuqtai nazar

 

Avvalo, 94 ta milliy maqsadni qamrab olgan, yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat Taraqqiyot strategiyasi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish orqali inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish asosida xalqparvar davlat barpo etishga yo‘naltirilgan.

Taraqqiyot strategiyasida inson kapitalini rivojlantirish ham ko‘zda tutilgan. Aslida ham inson kapitali Vatanimizda belgilanayotgan ulug‘vor rejalarning izchil hamda muvaffaqiyatli amalga oshirilishining asosiy omili.

Hozirgi davrda milliy inson kapitali hajmi jahonning taraqqiy etgan davlatlarida ular milliy boyligining 70 — 80 foizidan ortig‘ini, rivojlanayotgan mamlakatlarda esa 50 foizdan ko‘proqni tashkil qiladi. Jumladan, AQShda bu ko‘rsatkich 95 trillion dollardan, Xitoyda 25 trillion dollardan ortgan va ular milliy boyligining 77 foiziga tengdir. Umuman, jahonda inson kapitali 365 trillion AQSh dollariga yetadi, bu dunyodagi jami boylikning 66 foizi bilan barobardir.

Yana bir muhim jihat, BMTning Taraqqiyot dasturi tomonidan e’lon qilingan so‘nggi — 2019 yilgi Inson kapitalini rivojlantirish indeksida O‘zbekiston 0,720 ko‘rsatkich bilan dunyoning 189 davlati o‘rtasida 106-o‘rinni egalladi. Bunda aholimizning tug‘ilgan paytida kutilayotgan umr ko‘rish davomiyligi 71 yil 7 oyga to‘g‘ri kelishi bashorat qilingan. 2019 yilda ta’lim olishning o‘rtacha davomiyligi 11 yil 8 oyga, aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yalpi ichki mahsulot 7142 dollarga teng bo‘lgan. Vatanimizning ushbu ko‘rsatkichlari Inson kapitalini rivojlantirishning yuqori indeksi darajasi qatoriga kiritilgan, biroq ana shu guruxdan o‘rin olgan mamlakatlarning o‘rtacha ko‘rsatkichidan pastdir.

Keyingi yillarda mamlakatimizda inson kapitalini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor berilayotganligini ta’kidlash kerak. Hozirgi paytda Prezident maktablari, buyuk allomalarimiz nomi bilan ataladigan ixtisoslashtirilgan maktablar, ijod maktablari, “Temurbeklar maktabi” kabi zamonaviy va innovatsion ta’lim maskanlari tashkil etilgan. Keyingi 5 yilda oliy ta’limga qabul kvotasi 3 barobar oshirilib, 182 ming nafar yoshga, umumta’lim maktablarini tugallaganlarning 28 foizi uchun talaba bo‘lish imkoniyati yaratildi. Vaholan- ki, 4 yil avval bu raqam atigi 9 foizni tashkil etardi.

Mamlakatimizda oliy ta’lim muassasalarining soni 77 tadan 153 taga yetdi. Ularning 104 tasi davlat, 30 tasi chet el, 19 tasi nodavlat oliy ta’lim muassasalaridir. O‘zbekistonda 22 ta davlatning 60 ta oliy ta’lim muassasasi bilan qo‘shma ta’lim dasturlari asosida bitiruvchilarga ikki tomonlama diplom berish yo‘lga qo‘yilgan. Agar yoshlarimiz 2018 yilda 15 ta chet el universitet va institutlarida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lgan esa, 2021 yilda bunday oliy ta’lim muassasalarining soni 58 taga yetgan. Bu ayni chog‘da o‘z samarasini berayotir.

O‘zbekistonda innovatsion texnologiyalarga asoslangan, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega raqobatdosh mahsulotlar ishlab chiqaradigan zamonaviy korxonalar tashkil qilinyapti. Milliy iqtisodiyotimiz uchun sifat jihatidan mutlaqo yangi aerokosmik, quyosh energiyasi, “blokcheyn", “yashil iqtisodiyot” kabi sohalar shakllantirilmokda. Ilmiy tadqiqot va innovatsiya faoliyatining istiqbolli yo‘nalishlarini aniqlash, xorijning yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan ixtisoslashtirilgan ilmiy-tajriba laboratoriyalari, texnoparklar va boshqa innovatsion tuzilmalar, erkin iqtisodiy zonalar tashkil etish, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga joriy qilish yuzasidan tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmokda.

Taraqqiyot strategiyasida 2026 yilgacha raqamli iqtisodiyotni tez rivojlantiradigan asosiy sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 baravarga, elektrotexnika sanoatida esa yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini 2 baravarga oshirish, “yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish, “yashil iqtisodiyot” texnologiyalarini barcha sohaga faol joriy etish ko‘zda tutilmokda.

Bu maqsadlarga erishishda ta’lim sifatini tubdan oshirish, o‘rta ta’lim tizimini zamon talablariga moslashtirish, oliy ta’limga qamrov da- rajasini 50 foizga yetkazish, qabul ko‘rsatkichini kamida 250 mingga ko‘tarish, 10 ta salohiyatli oliy ta’lim muassasasini jahonning “03" va “TNE" eng yaxshi universitetlari xalqaro reytinglariga kirishga maqsadli tayyorlash vazifalari qo‘yilgan.

2022 yilning o‘zida Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida ka- mida bittadan nodavlat oliy ta’lim muassasasini tashkil etish orqali ularning jami soni 34 taga yetkaziladi. Shuningdek, Taraqqiyot strategiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 5 ta nufuzli mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallarini hamda Toshkent viloyatida 5 ming nafar talabaga mo‘ljallangan Nurafshon davlat universitetini tashkil etish ham rejalangan. Urganch davlat universiteti qoshida Muhammad Xorazmiy nomidagi xalqaro matematika markazi tashkil etiladi.

“El-yurt umidi" jamg‘armasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga yuborish ko‘lamini 2 baravarga oshirish hamda xorijiy davlatlarning eng nufuzli universitetlarida bakalavriat, magistratura va doktoranturada ta’lim olishlarini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilmokda.

Taraqqiyot strategiyasida ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar doirasida 2022 yilda o‘rta ta’lim tizimini zamon talablariga moslashtirish maqsadida umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida darsliklarni yangilash dasturini amalga oshirish, yangi o‘kuv o‘rinlari yaratish, maktab o‘quvchilarini kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha kasb o‘rganish istagidagi bitiruvchilarni davlat tomonidan kamida bir kasbni egallashiga ko‘maklashuvchi tizimni joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Ayni chog‘da qayd etish joiz, oliy ta’lim muassasalarini bitirgan yoshlarning egallagan ixtisosliklari bo‘yicha ishga joylashish muammosi saqlanib qolayotganligi ham ma’lum. Bozor iqtisodiyoti sharoitlarida oliy ta’lim muassasalarining barcha bitiruvchilarini faqat davlat idoralari va tashkilotlari tomonidan ish bilan ta’minlashning imkoniyatlari cheklangan.

Shu bois fikrimizcha, Taraqqiyot strategiyasiga yirik kompaniyalar, birlashmalar, boshqa ish beruvchilar tomonidan manzilli buyurtma asosida oliy ta’lim muassasalariga milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasini kiritish maqsadga muvofiq bo‘lardi.

 

Erkin ERNAZAROV, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan

jurnalist.

Powered by GSpeech