1999 yilda Vengriya poytaxti Budapeshtda bo'lib o'tgan xalqaro ilmiy konferentsiya ishtirokchilari Butunjahon ilm-fan kuni bayramini joriy qilish haqidagi taklifni YUNESKOga yo'llagan edi. YUNESKO 2001 yilda ushbu taklifni ma'qulladi va 10 noyabr sanasini Butunjahon ilm-fan kuni deb rasman tasdiqladi. Ushbu sana 2002 yildan buyon xalqaro bayram sifatida nishonlanib kelinmoqda. YUNESKOning rasman 31C/20 raqamli rezolyutsiyasiga ko'ra bu bayramning to'liq nomi «Tinchlik va taraqqiyot uchun butunjahon ilm-fan kuni» deb qayd etilgan.
Ushbu kun xalqaro hamjamiyatga inson hayoti farovonligi uchun tinchlik va taraqqiyot sari ilm-fan yutuqlaridan foydalanish zarurligi haqida eslatish uchun hamda ilm-fan ahamiyatini jamiyatga xizmat qiluvchi omil sifatida ommalashtirishga xizmat qiladi.
10 noyabrni «Tinchlik va taraqqiyot uchun butunjahon ilm-fan kuni» deb e'lon qilar ekan, YUNESKO bu bayramni joriy etishdan asosiy maqsad sifatida quyidagi to'rt ustuvor yo'nalishni belgilab bergan:
jamiyat taraqqiyoti va tinchligi yo'lida ilm-fanning nechog'lik ahamiyatli ekanligini keng jamoatchilikka yetkazish;
ilm-fan yutuqlaridan umumiy foydalanish borasida turli mamlakatlar orasidagi xalqaro va milliy birdamlik va hamfikrlikni qo'llab-quvvatlash;
ilm-fan yutuqlarini jamiyat manfaatlari uchun yo'naltirish borasida milliy va xalqaro qat'iyatga yangi kuch bag'ishlash;
ilm-fan yo'liga to'g'anoq bo'layotgan muammolarga jamiyat e'tiborini jalb etish va ilmiy faoliyatni qo'llab-quvvatlash.
Ilm-fan butun dunyo hayotida eng katta va muhim ahamiyat kasb etadigan sohadir. Inson hayotini yaxshilashga xizmat qiluvchi yangi texnologik yutuqlardan tortib bashariyat qarshisida turgan global muammolarni hal qilishgacha bo'lgan masalalarning hammasi faqat ilm orqali yechiladi. Butunjahon ilm-fan kuni – ilm-fanning jamiyat hayotida nechog'lik yuksak ahamiyatli soha ekanini odamlarga tushuntirish hamda kishilar ongida ilmga nisbatan rag'bat uyg'otish maqsadlarini ko'zlagani bilan ahamiyatlidir. Bayram bahonasida oddiy odamlarning ham ilmiy masalalarga bo'lgan qiziqishini oshirish, dolzarb ilmiy masalalar muhokamasida, ayniqsa ularning odamzot turmushiga ko'rsatadigan ma'naviy ta'sirini baholashda jamiyatni faol ishtirok etishga chaqirish ham maqsad qilingan.
O'zbekiston izchil rivojlanayotgan, demokratik, xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalari va tamoyillariga sodiq, tinchlik, insonparvarlik, ma'rifatparvarlik, bag'rikenglik hamda davlatlar o'rtasidagi o'zaro hurmat va hamkorlik g'oyalarini faol targ'ib qiluvchi davlat sifatida dunyoda keng e'tirof etilmoqda.
Ilm-fanda yo'nalishlar juda ko'p. Ilmiy yutuqlar evaziga dunyo tobora rivojlanmoqda. Tinchlik va taraqqiyot sari Butunjahon ilm-fan kuni biz uchun ilm-fanning hayotimizda tutgan o'rni haqida yana bir bor fikr yuritishimiz uchun imkoniyatdir. 2016 yilda ilm-fanni ommalashtirishda ilmiy markazlar va muzeylarning muhim ahamiyatini ta'kidlash lozim.
Jamiyat hayotida barchaning ishtiroki demokratiyaning asosiy tamoyili va mamlakat fuqarolarining salohiyatini oshirishda zarur bo'lgan omildir. Ilm-fanni ommalashtirish fuqarolarni jamiyat hayotiga jalb etishda muhim ahamiyatga ega. Shu bois, ilmiy markazlar va muzeylar nafaqat ilmiy yutuqlar haqida ma'lumot beruvchi manbalardir. Ular orqali odamlarda atrofimizdagi hayot haqida yanada chuqurroq tasavvurga ega bo'lish imkoniyati paydo bo'ladi. Muzey yoki ilmiy markazlar bizni bilimlar bilan boyitadi, ijodiy fikrlash qobiliyatini rivojlantiradi. Ilmiy markaz va muzeylardagi ekskursiyalar o'quv dasturlarga ajoyib qo'shimcha bo'la oladi, yoshlarda ilm-fanga bo'lgan qiziqishni kuchaytiradi, ilmiy progress haqidagi yolg'on tushunchalardan halos bo'lishga yordam beradi.
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
Bosh mutaxassisi Xoliqulov Lazizbek
Foto: Google Photos
- Qo'shildi: 27.10.2020
- Ko'rishlar:
- Chop etish