Korruptsiya – manfaat evaziga xizmat vakolatini suiiste'mol qilish bugungi kunda dunyoning barcha davlatlarida eng katta xatar sifatida baholanmoqda. Uning ildizlari, eng avvalo, shaxs axloqiga, shuningdek, jamiyatdagi muhitga va qonun ustuvorligiga borib taqaladi.
Axloqan barkamol va sog'lom fikrlovchi shaxs korruptsiyaga yo'l qo'yishni vijdonan qabul qilolmaydi. O'z mansab vakolatini suiiste'mol qilishni xalqiga va davlatiga nisbatan xiyonat deb biladi.
Bunday yuksak ma'naviyatli shaxslarni tarbiyalashda jamiyatdagi muhit beqiyos ahamiyatga ega. Jamiyat korruptsiyani jinoyat va yo'l qo'yib bo'lmas holat sifatida baholasa, bu fikr avloddan avlodga o'tib borsa va o'ziga xos o'zgarmas stereotipga aylansa, bunday jamiyatdan yuksak axloqli shaxslar yetishib chiqadi. O'z-o'zidan korruptsiyaning ildiziga bolta uriladi.
Jamiyatda korruptsiyaga qarshi muhitning shakllanishi esa, hech shubhasiz, qonunlarning mukammalligiga va ustuvorligiga bog'liq. Qonunlar jamiyatdagi turli munosabatlarni tartibga solar ekan, korruptsiya yuzaga kelishi ehtimolini imkon qadar bartaraf etishi joiz.
Tarixan va bugungi davr nuqtai nazaridan qaraganda, korruptsiyaga qarshi kurashning, asosan, ikki yo'li mavjudligi ko'zga tashlanadi:
Birinchisi, nihoyatda keskin qonuniy jazo choralarini qo'llash;
Ikkinchisi, jamiyatda korruptsiyaga qarshi ma'naviy muhitni shakllantirish hamda shaxs axloqiga e'tibor qaratish.
Korruptsiyaga qarshi keskin qonuniy choralar, hatto o'lim jazosini qo'llash amaliyoti, asosan, insoniyat sivilizatsiyasining dastlabki davrlarida shakllangan davlatlarda joriy etilgan va bugungi kunda ham aksar mamlakatlarda mavjud. Masalan, Xitoy Xalq Respublikasida katta miqdorda pora olgan shaxslarga o'lim jazosi tayinlanadi.
Jamiyatda korruptsiyaga qarshi sog'lom ma'naviy muhitni qaror toptirish, insonlarni korruptsiyaga undovchi holatlarni bartaraf etish, bunda ta'lim va tarbiyaga yuksak e'tibor qaratish hozirgi davrda aksar davlatlar tomonidan korruptsiyaning oldini olishda eng to'g'ri yo'l deya baholanadi. Bunda korruptsion jinoyat sodir etgan shaxslarni jazolash emas, jinoyat sodir etilishining oldini olish bosh maqsad sanaladi. Jinoyat sodir etgan shaxslarni jazolashda ularni qayta tarbiyalash, qilmishining zararini tushuntirish va sog'lom hayotga qaytarish mezonlaridan kelib chiqiladi. Aytish o'rinliki, mamlakatimizda ham korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda ayni shu tamoyilga amal qilinmoqda.
Jumladan, O'zbekistonda 2016 yilda “Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risida”gi qonun qabul qilinib, unga ko'ra quyidagilar korruptsiyaga qarshi kurash sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari etib belgilandi:
aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish;
davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish;
korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni o'z vaqtida aniqlash, ularga chek qo'yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi printsipini ta'minlash.
Shuningdek, joriy yilning mart oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Korruptsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo'mitasining tashkil etilishi ham bu borada asosiy e'tibor jamiyatning o'z-o'zini ushbu illatdan forig' qilishiga, xalq vakillari – deputatlar orqali ijro va sud organlari ustidan korruptsiyaga qarshi parlament nazoratini o'rnatishga qaratilganidan dalolat beradi.
Mazkur qo'mita zimmasiga davlat organlari va muassasalarida korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha ishlab chiqilgan amaliy dasturlarning bajarilishi jarayoni ustidan kuchli parlament nazoratini amalga oshirish, korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha qonun hujjatlarini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda amaldagi qonun hujjatlarida korruptsiyaga olib keluvchi normalar mavjudligini aniqlash nuqtai nazaridan ularni chuqur tahlil qilish kabi vazifalar yuklatildi.
Joriy yilning 29 iyun sanasida e'lon qilingan Prezident Farmoni bilan mamlakatimiz tarixida ilk bor korruptsiyaga qarshi kurashuvchi maxsus vakolatli davlat organi – O'zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Agentlik korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish, davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta'minlash hamda mazkur sohadagi xalqaro hamkorlik uchun mas'ul ekani belgilandi.
Shuningdek, yuqoridagi farmonga asosan Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi va uning hududiy idoralararo komissiyalari O'zbekiston Respublikasi korruptsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va uning hududiy kengashlari etib qayta tashkil etildi.
Shu o'rinda, 2019 yildan boshlab mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi asosida maqsadli va tizimli ravishda olib borilayotganini ham ta'kidlash lozim.
Ko'rinib turibdiki, so'nggi yillarda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashishga nihoyatda katta e'tibor qaratilmoqda. Albatta, qonuniy negizni mustahkamlash, Davlat dasturi asosida tizimli chora-tadbirlar olib borish, nazorat va monitoring organlarini tashkil etish orqali korruptsiyaga qarshi kurashishda sezilarli natijalarga erishilmoqda, ammo bu illatning chuqur ildizlarini jamiyatdan batamom sug'urib tashlash uchun, eng avvalo, har birimiz mas'ul ekanimizni to'la anglab yetishimiz kerak.
Prezidentimiz SH.M.Mirziyoev ta'kidlaganlaridek, “Korruptsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha a'zolari, ta'bir joiz bo'lsa, “halollik vaktsinasi” bilan emlanmas ekan, o'z oldimizga qo'ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz”.
Farhod Nizomov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali mas'ul xodimi
- Qo'shildi: 30.07.2020
- Ko'rishlar:
- Chop etish