Har yili 26 aprel kuni jahon miqyosida Xalqaro intellektual mulk kuni nishonlanadi va bu kun muayyan bir mavzuga bag'ishlanadi. Bunday kunlar o'tkazilishidan maqsad intellektual mulk huquqini himoya qilish sohasidagi muammolar va ularning yechimlariga jamoatchilik e'tiborini qaratish, shuningdek, uni himoya qilish taraqqiyotga qanchalik darajada yordam berayotganligi to'g'risida axborot almashinuvini tashkil qilishdan iborat. Xalqaro intellektual mulk kuni orqali intellektual mulk huquqi madaniyatini oshirish, bu huquqni himoya qilishning bizni o'rab turgan olamga, tovar va xizmatlardan tortib innovatsiyaviy texnologiyalargacha bizning turmushimizga, uni yanada yaxshilashga, jamiyatning iqtisodiy va madaniy rivojlanishiga xizmat qilishini odamlarga yetkazish muhim.
Xalqaro intellektual mulk kuni turli yillarda quyidagi shiorlar ostida o'tgan: 2001 yilda – “Bugun kelajak yaratilayapti”, 2006 yilda – “Hammasi g'oyadan boshlanadi”, 2013 yilda – “Ijod – keyingi avlod”, 2017 yilda – “Innovatsiyalar: turmush sifatini oshirish”, 2018 yilda – “O'zgarishlarni harakatga keltiruvchi kuch – ayollar innovatsiyalar va ijod sohasida”, 2019 yilda – “Oltin uchun kurashish: intellektual mulk va sport” shiorlari ostida nishonlangan.
2020 yilda Xalqaro intellektual mulk kuni “Innovatsiyalar “yashil” kelajak uchun” shiori ostida o'tadi.
Mamlakatimiz rahbariyati O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SH. M. Mirziyoev boshchiligida intellektual mulk huquqini ta'minlash mexanizmlarini kuchaytirish, uning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotini jadallashtirish poydevoriga aylantirish borasida qator islohotlarni amalga oshirmoqda. 2017–2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishlari bo'yicha Harakatlar strategiyasida intellektual mulk huquqini ta'minlash bo'yicha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Har bir yil dasturida ilm-fan, ma'rifat, innovatsiyalar, ularning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotni ta'minlovchi omiliga alohida urg'u beriladi.
Prezidentimiz 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida 2020 yilni “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e'lon qildi. Ushbu yilning Davlat dasturida ilm-fan, intellektual ijod va innovatsiyalarni ravnaq toptirish, yoshlarni chuqur bilim, yuksak ma'naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash, raqobatbardosh iqtisodiyotni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tizimida intellektual mulkni qo'llab-quvvatlashga alohida o'rin ajratilgan. Jumladan ilm-fan, san'at, adabiyot va innovatsiyalar sohasini rivojlantirish, uning iqtisodiyot tarmoqlari bilan uzviy integratsiyasi uchun shart-sharoitlar yaratish, intellektual mulk muxofazasini ta'minlash, ijodkorlik muhitini qo'llab-quvvatlash, iqtidorli yoshlarni ijodkorlikka jalb qilish, yangi kashfiyotlar va ixtirolar sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabi yo'nalishlarda muhim qadamlar qo'yildi. O'zbekistonda jamiyat taraqqiyotining barcha sohalaridagi islohotlar, yondashuvlardagi o'zgarishlar, yaratilayotgan yangi mexanizmlar, siyosat va iqtisodiyotda inqilobiy qarorlar, xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlar O'zbekiston intellektual ijod va innovatsiyalarga asoslangan iqtisodiyot va ijtimoiy hayotni barpo etish yo'lidan borishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratmoqda.
Xalqaro miqyosda intellektual mulk huquqini himoya qilishga qaratilgan 30 ga yaqin xalqaro huquqiy hujjatlar qabul qilingan bo'lsa, ularning ko'pchiligiga O'zbekiston Respublikasi qo'shilgan.
O'zbekistonda intellektual mulk huquqi Konstitutsiya, Fuqarolik kodeksi, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to'g'risida”gi, “Tovar belgilari, xizmat belgilari va tovarlarning kelib chiqish joylari to'g'risida”gi qonunlar va boshqa qator normativ huquqiy hujjatlar bilan belgilangan. Shakllangan qonunchilik asoslari mamlakatda ijodkorlik muhitini har tomonlama rag'batlantirishga xizmat qila oladi.
Ijodkorlarning o'z qobiliyatini namoyon qilishi, ijtimoiy taraqqiyotga o'z xissasini qo'shishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Intellektual mulk huquqi sohasida inson huquq va erkinliklarini himoya qilish mexanizmi takomillashib bormoqda. Bularning barchasi kelajakda O'zbekistonda intellektual mulkiy faoliyat natijasi sifatida innovatsiyaviy iqtisodiyot va ijtimoiy hayot barpo etilishi uchun to'laqonli imkoniyatlar qaror topganligini ko'rsatadi.
Shuningdek, bugungi kunda “yashil” kelajakni ta'minlash zamonamiz muammolaridan birini tashkil qiladi. Shu narsa kundan kunga ayon bo'lib bormoqdaki, faqat mustahkam va mutanosib huquqiy himoyalangan intellektual mulk tizimi insoniyatning kelajagiga tahdid solayotgan muammolarga munosib javob tayyorlay oladi. Butun jahonda inqirozga sabab bo'layotgan koronavirus pandemiyasi, global iqlim o'zgarishi, ekologik muvozanatning buzilishi, tabiatga antropogen ta'sirning halokatli tus olishi, suv resurslarining yetishmovchiligi, Orol fojiasi va boshqa global muammolar shundan dalolat bermoqdaki, insoniyat tabiatga nisbatan o'zining munosabatini o'zgartirishi kerak. Buning uchun esa “yashil” iqtisodiyot va ijtimoiy hayotni barpo etishda intellektual ijod, ixtiro va innovatsiyalar muhim ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda ekologik xavfsiz va toza texnologiyalarni yaratish va joriy qilish sohasidagi innovatsiyaviy faoliyatni rivojlantirishga, zaxiralardan oqilona foydalanishga, ekologik toza mahsulotlarni ishlab chiqarishga, oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.
O'. Ochilov
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi
- Qo'shildi: 22.04.2020
- Ko'rishlar:
- Chop etish