Inson huquqlarining strategik asosi

Joriy yilning 22 iyun sanasida imzolangan Prezident Farmoni bilan mamlakatimiz tarixida ilk bor Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiya qabul qilindi. Bu O'zbekistonda inson huquqlarini ta'minlash va kafolatlash bo'yicha tashlangan navbatdagi dadil qadam, Prezidentimiz rahnamoligida olib borilayotgan insonparvar siyosatning yana bir yorqin namunasidir.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyani qabul qilish lozimligini ta'kidladi. Shuningdek 2020 yil 2 martda Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturida Milliy strategiya loyihasini ishlab chiqarishni jadallashtirish vazifasi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili, vazirlik va idoralar zimmasiga yuklandi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu Milliy strategiya loyihasini tayyorlashda  50 dan ortiq davlat organlari, idoralar va nodavlat notijorat tashkilotlaridan 300 dan ortiq takliflar olindi, ulardan 200 ga yaqini loyihani takomillashtirish uchun qabul qilindi.

Shuningdek, Milliy strategiya loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun regulation.gov.uz saytida joylashtirildi, muhokamalarda aholi tomonidan mingdan ortiq fikrlar qoldirilib, 10 dan ortiq takliflar bildirildi.

40 dan ortiq milliy, 10 dan ortiq xorijiy saytlarda Milliy strategiya loyihasi yuzasidan tahliliy maqolalar e'lon qilindi.

Ana shunday qizg'in muhokamalar natijasida O'zbekiston Respublikasining inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiyasi qabul qilinib, mamlakatimiz inson huquqlari bo'yicha o'z milliy strategiyasiga ega Buyuk Britaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Avstraliya, Indoneziya kabi dunyoning qirqdan ortiq davlatlari safiga qo'shildi.

Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyada yurtimizda inson huquqlarini ta'minlash va kafolatlash bo'yicha olib borilayotgan insonparvar siyosatning asosiy yo'nalishlari, yaqin kelajakda bajarilishi ko'zda tutilgan vazifalar va ularni amalga oshirish mexanizmlari aniq belgilangan.

Strategiyada 5 asosiy yo'nalish ko'rsatilgan:

shaxsiy va siyosiy huquqlarni himoya qilish;
iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarni himoya qilish, barqaror rivojlanish;
inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro standartlarni qonunchilikka va huquqni qo'llash amaliyotiga implementatsiya qilish hamda monitoring mexanizmlarini takomillashtirish;
inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodhonlikni oshirish, jumladan bu borada samarali axborot va ma'rifat tarqatish, ta'lim berish faoliyatini tashkil etish;
inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga ko'tarish.

Ushbu besh yo'nalishning har biri bo'yicha aniq vazifalar belgilangan bo'lib, ularni tizimli ravishda va bosqichma-bosqich amalga oshirish ko'zda tutilgan. Jumladan, Prezident Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining “Yo'l xaritasi”da 2020 – 2025 yillarga mo'ljallangan chora-tadbirlar ko'rsatilgan.

“Yo'l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni shartli tarzda ikki guruhga ajratish mumkin:

Birinchidan, milliy qonunchilikni, shuningdek boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni inson huquqlarini ta'minlash va kafolatlash talablari asosida takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar.

Jumladan, “Yo'l xaritasi”da O'zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya, Fuqarolik, Yer, Uy-joy, Mehnat, Sog'liqni saqlash, Ma'muriy huquqbuzarliklar to'g'risida-gi  kodekslarining yangi tahririni, Ekologiya, Investitsiya kodekslari loyihasini, shuningdek “Xususiylashtirish to'g'risida”gi, “Ijtimoiy tadbirkorlik asoslari va uni rag'batlantirish choralari to'g'risida” gi  va boshqa bir qator qonun loyihalarini ishlab chiqish belgilangan.

Ikkinchidan, amaliy chora-tadbirlar.

Masalan, 2018 yilda Samarqand shahrida inson huquqlari bo'yicha Osiyo forumi o'tkazilib, BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasi hujjati sifatida tasdiqlangan Samarqand deklaratsiyasi qabul qilingan edi. Endilikda Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumi har ikki yilda yuqori saviyada hamda xalqaro tashkilotlar vakillari, xorijiy davlatlar mutaxassislari va faxriy mehmonlar ishtirokida o'tkazilishi belgilandi.

Shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish va inson huquqlari madaniyatini oshirishda ko'rsatgan xizmatlari uchun har yili 10 dekabr` – Xalqaro inson huquqlari kunida topshiriladigan “Inson huquqlari himoyasi uchun” ko'krak nishoni ta'sis etildi.

Xulosa qilib aytganda, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining qabul qilinishi mamlakatimizda inson, uning sha'ni, qadr-qimmati va haq-huquqlari oliy qadriyat ekanidan dalolat beradi. Jamiyatni yanada demokratlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. O'zbekistonda inson huquqlari daxlsizligining strategik asosi bo'lib xizmat qiladi.

Azizbek Ramazonov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali katta muharriri

Powered by GSpeech