Mamlakatimizda va xorijda o'z nufuziga ega “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining navbatdagi soni nashrdan chiqdi.
COVID-19 pandemiyasining inson huquqlari, jamiyat hayoti va davlat siyosatiga ta'siri tahliliga bag'ishlangan jurnalning ushbu sonidan ko'plab qiziqarli maqolalar o'rin olgan. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Mishel Bachelet, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo'yicha vakili Tat`yana Moskal`kova, Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbaeva, Turon fanlar akademiyasining haqiqiy a'zosi Abdulhakim Shar'iy Juzjoniy va boshqalarning dolzarb mavzudagi maqolalari Siz – aziz jurnalxonni bee'tibor qoldirmasligiga aminmiz.
Jumladan, BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish o'z maqolasida COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda barcha davlatlarni yaqin hamkorlikka chorlab, global darajada ko'riladigan chora-tadbirlar asosan uch yo'nalishda amalga oshirilishi muhimligini qayd etgan. Bu uch yo'nalish, birinchidan, sog'liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyat bilan shug'ullanish, ikkinchidan, ijtimoiy oqibatlarga hamda iqtisodiyotni tiklashga e'tibor qaratish, uchinchidan, “tezkor tiklanish” uchun javobgarlik bo'lishi kerakligini tahlillar asosida isbotlagan. “Bugun ushbu inqirozni birgalikda yengishimizda hamjihatlik, umid va siyosiy iroda har qachongidan ham muhim”, deya ta'kidlagan BMT Bosh kotibi.
Yuridik fanlar doktori, professor Abdulhakim Shar'iy Juzjoniyning “Pandemiyaga qarshi kurash: O'zbekiston tajribasi ayrim o'lkalar uchun o'rnak bo'lishi mumkin” nomli maqolasida esa koronavirus pandemiyasi, shuningdek, insoniyat tarixida ro'y bergan boshqa epidemiyalar atroflicha tahlil qilingan. O'zbekiston Respublikasining pandemiya davrida amalga oshirgan ichki va tashqi siyosati, mamlakatda koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish bo'yicha ko'rilgan chora-tadbirlar qiyosiy o'rganilgan va yuqori baholangan. Maqola so'ngida, “O'zbekiston davlati tomonidan mamlakat aholisini pandemiyadan himoya qilish va kasallik tarqalishining oldini olish uchun amalga oshirilayotgan himoya sistemasi ayrim Yevropa davlatlaridagi sistemalardan ustun turadi”, deya xulosa chiqargan muallif.
Zukko va izlanuvchan jurnalxonlarga “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnalining ushbu sonini, albatta, o'qib chiqishni tavsiya etamiz. Maroqli mutolaa zavqi tafakkuringizni boyitishiga, qimmatli vaqtingizni mazmunli o'tkazishiga aminmiz. Mutolaaga marhamat!
Azizbek Ramazonov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari”
jurnali katta muharriri
- Qo'shildi: 22.06.2020
- Ko'rishlar:
- Chop etish