Prezident Shavkat Mirziyoevning “Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni loyihasining jamoatchilik muhokamalari shu yil 15 yanvarda yakunlanadi.
Mazkur hujjat asosida, birinchidan, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi, ikkinchidan, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, uchinchidan, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha milliy komissiya tarkibi yuzasidan ko‘plab taklif va mulohazalar kelib tushmoqda.
Avvalambor, “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi”, degan nomning mazmun-mohiyatiga muxtasar to‘xtalamiz. Zero, bu nomning kelib chiqishi, fikrimizcha, bir qator muhim omillarga borib taqaladi.
Birinchi omil: ushbu nom Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi – Harakatlar strategiyasining mantiqiy davomi ekanini anglatadi. Agar Harakatlar strategiyasida 5 ta ustuvor yo‘nalish belgilab olingan bo‘lsa, Taraqqiyot strategiyasida ham ushbu ustuvor yo‘nalishlar davomiyligi saqlab qolingan.
Shu bilan bir qatorda, taraqqiyot o‘zgarishlarining yangi tarixiy bosqichda davom ettirilishi ko‘zda tutilgan holda, Taraqqiyot strategiyasiga 2 ta yangi ustuvor yo‘nalish qo‘shilyapti. Bulardan biri – ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchisi – O‘zbekistonning dunyoda yuz berayotgan global muammolarga munosabati negizida belgilangan yangi ustuvor yo‘nalishdir.
Shunday qilib, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasida quyidagi yettita ustuvor yo‘nalish nazarda tutilgan:
birinchi ustuvor yo‘nalish – inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish;
ikkinchi ustuvor yo‘nalish – mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish;
uchinchi ustuvor yo‘nalish – milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida ta’minlash;
to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish – adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish;
beshinchi ustuvor yo‘nalish – ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash, ushbu sohani tubdan isloh etish va yangi bosqichga olib chiqish;
oltinchi ustuvor yo‘nalish – umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish;
yettinchi ustuvor yo‘nalish – mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq va pragmatik, faol tashqi siyosat olib borish.
Ikkinchi omil: Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili ilgari surilayotgani bejiz emas. Chunki, avvalo, Harakatlar strategiyasidagi har bir yo‘nalishni taraqqiyotning yangi bosqichida mantiqiy va izchil asosda rivojlantirish hamda yangi ustuvor yo‘nalishlarda muhim natijalarga erishish ko‘zda tutilmoqda.
Inson qadri – bosh tamoyil
Taraqqiyot strategiyasida asosiy e’tibor, bir tomondan, fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir qonunlar, kodekslar, konsepsiya va dasturlar qabul qilinishiga qaratilgan.
Ikkinchi tomondan, unda qonun ustuvorligini taminlash, konstitutsiyaviy islohotni hayotga izchil tatbiq etish, milliy iqtisodiyotni rivojlantirish, kuchli ijtimoiy siyosatni amalga oshirish, manaviyatni rivojlantirish, shuningdek, global muammolarga O‘zbekistonning munosabati, xavfsizlik va tashqi siyosat borasidagi muhim vazifalar qamrab olingan.
Eng asosiysi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasidagi 7 ustuvor yo‘nalishning bosh g‘oyasi – inson qadrini ta’minlashdir. Chunki, Prezidentimizning saylovoldi dasturidagi asosiy g‘oya ham “Inson qadri uchun” tamoyili edi.
Uchinchi omil: inson qadrini joyiga qo‘yishni qonuniy va tashkiliy-huquqiy yo‘llar bilan hayotimizning barcha sohalarida milliy, mintaqaviy va xalqaro hamkorlik darajalarida qanday qilib amalga oshirish kerak? Taraqqiyot strategiyasida bu dolzarb savolga juda ko‘plab aniq maqsadlarga qaratilgan amaliy javoblar bor.
Harakatlar strategiyasining har bir ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha hozirgi kunga qadar 26 ta konsepsiya va bir qator dasturlar qabul qilingan bo‘lsa, kelgusida Taraqqiyot strategiyasi doirasida 13 ta kodeks, 12 ta qonun, ya’ni har bir ustuvor yo‘nalishda zarur qonun hujjatlari qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.
Jumladan, Tadbirkorlik kodeksining ishlab chiqilishi – yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va tadbirkorlar huquqlarini to‘liq himoya qilishning mustahkam qonuniy asosiga aylanadi.
Bo‘lajak Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi kodeksda fuqarolik jamiyatining huquqiy mezonlari o‘z aksini topadi.
Axborot kodeksi – shu vaqtga qadar amal qilayotgan ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar faoliyati, axborot va so‘z erkinligiga bag‘ishlangan o‘ndan ortiq qonun kodifikatsiya qilingan yagona va yaxlit qonun hujjati sifatida qabul qilinishining natijasi bo‘ladi.
To‘rtinchi omil: Yangi O‘zbekiston tarraqqiyot strategiyasining nafaqat nomlanishi, ayni chog‘da unda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar va muhim vazifalar ham milliy yoki mintaqaviy miqyosdagina emas, balki global darajada ulkan ahamiyatga molik xalqaro hujjatlar bilan uyg‘un va hamohangdir.
Taraqqiyot strategiyasi – dunyo taraqqiyot trendlariga to‘la mos
Birlashgan Millatlar Tashkiloti 2015-2030 yillarda Barqaror taraqqiyot maqsadlarini elon qilgan. Bu xalqaro hujjat o‘zbek tilida “Barqaror taraqqiyot maqsadlari” yoki “Barqaror rivojlanish maqsadlari”, degan nomlar bilan sizu bizga yaxshi tanish.
Dastlab Harakatlar strategiyasida, endilikda esa Taraqqiyot strategiyasida ham O‘zbekiston bajarishni o‘z zimmasiga olgan BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlarini mamlakatimiz hayotiga tatbiq etishning aniq taktika va strategiyalari belgilab berilmoqda.
Boshqacha aytganda, O‘zbekiston tashqi xalqaro munosabatlarning teng huquqli a’zosi sifatida o‘zining BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlari bilan hamohang holda rivojlanishi, bu boradagi o‘ziga xos o‘rni va ahamiyati, yanada muhimi, ibratli tajribasini butun dunyoga ko‘rsata oldi. O‘z navbatida, Yangi O‘zbekiston tarraqqiyot strategiyasi ushbu muhim taraqqiypravar jarayon uzluksiz davom etayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi konvensiya loyihasi ishlab chiqilyapti. Qolaversa, 35 yildan buyon Taraqqiyot huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiya amal qilmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekiston Prezidenti taqdim etayotgan Taraqqiyot strategiyasi xalqaro hamjamiyatning rivojlanish tendensiyalariga, butun dunyoning taraqqiyot trendlariga to‘la mos keladi.
Shuni ham aytish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qo‘shma qarori bilan Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish bo‘yicha konstitutsiyaviy parlament komissiyasi tuzilgan.
Parlament komissiyasi Barqaror taraqqiyot maqsadlari ijro etilishini parlament nazorati yo‘li bilan ta’minlamoqda. Binobarin, Taraqqiyot strategiyasini amalda tatbiq etishda ham parlamentning roliga alohida e’tibor qaratilayotgani juda muhim.
Yangi O‘zbekiston – xalqchil davlat
Yangi O‘zbekistonning 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” loyihasida “Davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishi shart” g‘oyasini tatbiq etishni nazarda tutuvchi “Xalqchil davlat” milliy dasturini ishlab chiqish vazifasi zimmamizga yuklangani bejiz emas. Albatta, ushbu Dastur loyihasi, ilg‘or xorijiy davlatlarning tajribasini inobatga olgan holda, belgilangan muddatda ishlab chiqiladi va taqdim etiladi.
“Yo‘l xaritasi” loyihasida yana bir muhim vazifa – Xalq qabulxonalarining huquqiy maqomini takomillashtirish masalasi uchun mas’ul etib belgilanganmiz. Xalq qabulxonalari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish va ularning davlat boshqaruvi tizimidagi maqomini mustahkamlashga qaratilgan Konstitutsiyaviy qonunni qabul qilish bo‘yicha ishlarni allaqachon boshlab yubordik.
Yangi O‘zbekistonda mutlaqo yangi milliy huquqiy tizim shakllanmoqda. Bu davrda “inson, uning huquqlari, erkinliklari, ayniqsa, qadri – eng muhim qadriyat” degan tamoyil e’tirof etilmoqda.
Shu munosabat bilan milliy qonunchilik va huquqiy amaliyotda “shaxs – jamiyat – davlat” tamoyilini mustahkamlash kerak. Zero, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida yillar davomida amal qilib kelgan “davlat – jamiyat – inson” tamoyili “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga o‘zgartirilmoqda.
Xalq bilan bevosita muloqot qilish, yurtdoshlarimizning dardu tashvishlari, muammolarini ijobiy hal etish bo‘yicha mutlaqo yangi demokratik tizim – Xalq qabulxonalari o‘tgan besh yilda faoliyat yuritib kelmoqda va o‘zini oqladi. Bundan tashqari barcha davlat organlari faoliyatida “xalq dardiga kuloq solish”, muammolarni joyida hal etish va xalqni rozi qilish bo‘yicha samarali ishlar qilinmoqda.
Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi loyihasining 11-maqsadida “Xalq bilan muloqotning samarali mexanizmlarini takomillashtirish” muhim vazifa etib belgilanmoqda. Xalq bilan ochiq muloqotning mexanizmlarini yanada takomillashtirish, muhim qarorlarni jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda qabul qilish amaliyotini kengaytirish, davlat organlariga kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonini raqamlashtirish, murojaatlarni tezkor va sifatli ko‘rib chiqilishini ta’minlash ko‘zda tutilmoqda. Eng asosiysiy, “Davlat xalqqa xizmat ko‘rsatishi shart” g‘oyasini tatbiq etishni nazarda tutuvchi “Xalqchil davlat” milliy dasturi ishlab chiqish belgilanmoqda.
O‘z navbatida, “Yo‘l xaritasi” 46-bandida qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha preventiv mexanizmlarni takomillashtirish haqida so‘z boradi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi ushbu vazifaning asosiy ijrochilaridan biridir.
Bunda, birinchidan, qiynoqlarning oldini olish
bo‘yicha tegishli xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish masalasini ko‘rib chiqish taqozo etiladi. Ikkinchidan, qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha preventiv milliy mexanizmning qonuniy asoslarini rivojlantirish kerak bo‘ladi. Hamkor tashkilotlar bilan har ikki masala bo‘yicha, umuman, Taraqqqiyot strategiyasi ijrosi doirasida o‘zaro hamjihatlikda faol ish olib boramiz.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
- Qo'shildi: 12.01.2022
- Ko'rishlar:
- Chop etish