Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Qiynoq hamda muomala va jazolashning qattiq, shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi Konventsiya”si 1984 yil 10 dekabrda N`yu-Yorkda qabul qilingan va 1987 yil 26 iyunda kuchga kirgan. Konventsiyaning ishtirokchi –davlatlari o'z yurisdiktsiyalaridagi har qanday hududda qiynoq holatlarining oldini olish uchun samarali qonunchilik, ma'muriy, sud va boshqa choralarni qo'llash majburiyatini zimmasiga oladi.
O'zbekiston Respublikasi 1995 yil 31 avgustdan mazkur Konventsiya ishtirokchisi hisoblanadi.
Respublikamizda qiynoqlarga, shafqatsiz muomalada bo'lish, insonning qadr-qimmatini kamsituvchi xatti-harakatlarning oldini olishga qaratilgan bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ularning amalda ijrosi ta'minlanmoqda.
Mamlakatimiz Prezidenti SH.M.Mirziyoev 2017 yil 30 noyabr` kuni qonun ustuvorligi, fuqarolarning qonun oldida tengligi, insonparvarlik, adolatlilik va aybsizlik prezumptsiyasi kabi konstitutsiyaviy printsiplarni so'zsiz va og'ishmay ta'minlash, sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya qilish, jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligini yanada takomillashtirish maqsadida PF-5268-sonli “Sud tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Farmonni qabul qildilar.
Bilamizki, bunday noqonuniy xatti-harakatlar erki, huquqi cheklangan shaxslarga nisbatan huquqni muxofaza qilish organlari tomonidan sodir qilinadi.
Farmon talablariga ko'ra, protsessual qonunchilikni jiddiy buzgan holda yoki noqonuniy uslublar bilan, shu jumladan:
jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoxud kadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini ko'llagan holda olingan hamda tegishli ravishda yuridik kuchga ega bo'lmagan ma'lumotlardan jinoyat ishlari bo'yicha dalil sifatida foydalanishga yo'l qo'yilmasligi qat'iy belgilab qo'yildi.
2017-2021 yillarga mo'ljallangan O'zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo'yicha Harakatlar strategiyasi va qayd etilgan Farmon talablaridan kelib chiqib, 2018 yil 4 aprelda ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida qonun qabul qilindi.
Qonunga ko'ra, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo'llaganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 235-moddasi yangi tahrirda qabul qilindi.
Ushbu modda talablari Qiynoqlarga qarshi konventsiyaning 1-moddasiga moslashtirildi.
Qamoqda saqlanayotgan shaxslarga nisbatan zo'ravonlik, qiynoqlar va ruxsat etilmagan xatti-harakatlarning o'z vaqtida oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida Jazoni ijro etish muassasalarida 2800 dan ortiq videokuzatuv kameralari o'rnatildi, ulardan 1920 tasi jazoni ijro etish koloniyalarida, 880 tasi tergov hibsxonalaridagi uskunalar tashkil etadi. Ichki ishlar vazirligining barcha tergov izolyatorlarida, tergov tadbirlarini o'tkazish xonalarida 123 ta videokuzatuv kameralari o'rnatilgan. Ichki ishlar vazirligi tergov izolyatorlarida tergovchilar uchun 43 ta xonaning 42 tasida ovoz yozuvchi moslamalar bilan birga videokuzatuv kameralari va reabilitatsiya markazlarida 283 ta videokuzatuv uskunalari o'rnatilgan.
Bundan tashqari, fuqarolarning kundalik turmushi jarayonida ichki ishlar organlari xodimlari bilan muloqotda bo'lishlari e'tiborga olinib hamda qiynoq bilan bog'liq holatlarga yo'l qo'ymaslik, ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan fuqarolarning huquq va erkinliklarini poymol qilinishining oldini olish maqsadida, 2020 yil yakuniga qadar tizimda 485 ta alohida maxsus so'rovxona tashkil etilib, olib kelingan fuqaro bilan mazkur xonalarda suhbat o'tkazilishi yo'lga qo'yilgan.
2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi ijrosini ta'minlash, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalarni samarali va o'z vaqtida amalga oshirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF-6012-son Farmoni bilan “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi” tasdiqlandi.
Inson huquqlari buzilishlariga barham berish maqsadida sud hokimiyati mustaqilligini ta'minlash, prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirish va odil sudlov tizimi vakolatlarini mustahkamlash, shuningdek, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha milliy institutlar faoliyati uchun keng sharoitlarni yaratish, inson huquqlari sohasidagi davlat siyosatini monitoring qilish va baholashning milliy tizimini yanada rivojlantirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirish, jamiyatda inson huquqlari madaniyatini shakllantirish;
jinoyatchilikning, ayniqsa odam savdosi, korruptsiya, qiynoqqa solish, uyushgan va transmilliy jinoyatchilikning oldini olish va bu illatlarga qarshi kurashish, shuningdek, ushlab turilganlar, qamoqqa olinganlar va mahkumlarni saqlash joylari tizimida odil sudlovga va inson huquqlariga rioya etilishini ta'minlash Milliy strategiyaning ustuvor vazifalari sifatida belgilandi.
Shu yili 10 avgust kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PF-6041 Farmoni 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan 2-ustuvor vazifalarni amalga oshirish bo'yicha yana bir muhim hujjat sifatida qabul qilindi.
Unda inson huquqlari buzilishi, ayniqsa huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan fuqarolarga nisbatan g'ayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olishga qaratilgan huquqiy mexanizmlar ko'rsatib o'tilgan.
Farmonda, advokatlik faoliyati bilan bog'liq bir qancha masalalar alohida ko'rsatilgan. Xususan,
tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar xodimlari tomonidan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchidan ariza, tushuntirish yoki ko'rsatuvlar olishni mazkur jinoyat ishi yurituvida bo'lgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud`yaning yozma ruxsatiga asosan va faqat himoyachi ishtirokida amalga oshirish (belgilangan tartibda himoyachidan voz kechilgan hollar bundan mustasno);
shaxs amalda ushlangan yoki uni jinoyat ustida ushlash bilan bog'liq tezkor tadbir amalda yakunlangan yoxud gumon qilinuvchi deb e'tirof etilganligi haqidagi qaror unga ma'lum qilingan paytdan boshlab u bilan bog'liq protsessual harakatlarni o'tkazishdan oldin uning advokat bilan xoli uchrashishi ta'minlanishi shartligini belgilash;
jinoyat ishini sudga qadar yuritish bosqichida guvoh va jabrlanuvchini og'ir kasalligi yoki uzoq muddatga chet davlatga chiqib ketish zarurati tufayli kechroq so'roq qilish imkoniyati bo'lmagan taqdirda, ularning ko'rsatuvlarini gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, prokuror yoki advokatning iltimosnomasiga ko'ra sud tomonidan taraflarning ishtirokida oldindan mustahkamlab qo'yish (deponirovanie) tartibini joriy qilish;
o'ta og'ir jinoyat sodir etganlikda gumon qilinayotgan yoki ayblanayotgan shaxslarga oid ishlar bo'yicha, shuningdek, shaxsga nisbatan qamoqqa olish yoki uy qamog'i tarzidagi ehtiyot chorasini qo'llash masalasi ko'rib chiqilayotganda himoyachining ishtirok etishi shartligini belgilash.
Shuningdek, Farmonning 3-bandida belgilangan protsessual huquqlar, ya'ni, agar sud tergovi vaqtida sudlanuvchining unga ilgari ayblov qo'yilmagan jinoyatni sodir etganligini ko'rsatuvchi holatlar aniqlansa, sudlanuvchini yangi ayblov bo'yicha jinoiy javobgarlikka tortish asoslarini aniqlash haqida;
agar sud tergovi vaqtida javobgarlikka tortilmagan shaxs tomonidan jinoyat sodir etilganligini ko'rsatuvchi holatlar aniqlansa, ushbu shaxsni ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun asoslarni aniqlash haqida iltimosnomalarni sudga kiritish huquqini ish bo'yicha barcha taraflarga, xususan advokatga berish belgilandi.
Advokatlarga bunday huquqlar berilishi uning himoyasida bo'lgan shaxslarga nisbatan turli xil g'ayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olish, sodir etilganlarini esa “issig'ida” fosh etish imkoniyatini beradi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat xavfsizligini ta'minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlash, aholining tinchligi va osoyishtaligini ta'minlash maqsadida 2021 yil 26 mart kungi PF-6196-son Farmoni bilan O'zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi vazirlik huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti etib qayta tashkil etildi.
Farmonga ko'ra, Departament bevosita ichki ishlar vaziriga bo'ysunishi va vazirning zimmasiga jinoiy jazolarni ijro etish tizimini rivojlantirish va unda qat'iy intizomni ta'minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklandi.
Shuningdek, ichki ishlar organlarining barcha tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari hududiy ichki ishlar organlarining tuzilmaviy-funktsional bo'ysunuvidan chiqarilib, Departament bo'ysunuviga o'tkazilishi, tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini samarali yo'lga qo'yish va ularda kunlik nazoratni olib borish Departament tizimida tashkil etiladigan 6 ta mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Xullosa qilib aytganda, mamlakatimizda qiynoqlarga qarshi kurashish, bunday holatlarga barham berish borasida ham amaliy, ham nazariy ishlar olib borilmoqda.
Zeroki, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va halqaro huquq normalariga ko'ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo'ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.
Otabek Norboev
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi bo'lim boshlig'i
- Qo'shildi: 12.04.2021
- Ko'rishlar:
- Chop etish