TERRORIZMGA QARSHI KURASHDA INSON HUQUQLARINI TA’MINLASH

Terrorizmga qarshi kurash va mintaqaviy hamkorlik

 

         2022 yil 3-4 mart kunlari Toshkent shahrida “BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Birgalikdagi harakatlar rejasi doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlarining mintaqaviy hamkorligi” mavzuida o‘tkaziladigan xalqaro konferensiya g‘oyat muhim va dolzarb ahamiyatga ega. Ushbu global anjuman mintaqa mamlakatlari va jahon hamjamiyati sa’y-harakatlarini terrorizmga qarshi hamjihatlik bilan kurashish uchun birlashish hamda faollashishga da’vat etishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ta’kidlaganidek, “Hozirgi vaqtda Markaziy Osiyo mintaqasida tub o‘zgarishlar yuz bermoqda. Biz mintaqa davlatlari o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch, do‘stlik va hurmat muhitini yaratishga erishdik. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan tashabbusga asosan muntazam o‘tkazilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari umumiy yutug‘imiz bo‘ldi”.

Davlatimiz rahbari BMT minbaridan so‘zlagan ushbu nutqida bugungi kunda Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash sohasida ham samarali hamkorlik olib borilayotgani haqida so‘z yuritar ekan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global aksilterror strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini e’tirof etdi.

O‘z navbatida, Prezidentimiz: “Biz ushbu strategiya doirasidagi Mintaqaviy qo‘shma rejaning 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyani o‘tkazish tarafdorimiz”, deb ta’kidladi.

Bo‘lajak Toshkent xalqaro anjumani O‘zbekiston Prezidentining ayni shu tashabbusi doirasida tashkil etilmoqda. Konferensiyaning BMT shafeligida, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilayotgani O‘zbekiston olib borayotgan siyosat va uning jahon minbarlaridan e’lon qilingan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng hamda qat’iy qo‘llab-quvvatlanayotganini ko‘rsatadi.

 Bugungi kunda Markaziy Osiyo hududi mintaqaviy rivojlanishning barcha jihatlariga – siyosat va iqtisodiyot, ekologiya va madaniy-gumanitar mezonlarga ta’sir ko‘rsatuvchi jiddiy geosiyosiy o‘zgarishlar davrini bosib o‘tmoqda. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2019 yili Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvida qayd etganidek, “Markaziy Osiyo geostrategik joylashuviga ko‘ra, ming yillar davomida jahon miqyosidagi jarayonlar markazida bo‘lib kelgan. Bizning mintaqamiz doimo o‘zining boy madaniy-tarixiy merosi bilan Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog‘laydigan noyob ko‘prik bo‘lib xizmat qilgan”.

Bunday yondashuv mintaqaning yalpi siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar manzarasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Ushbu siyosat asosini “Markaziy Osiyoni xavfsizlik, izchillik va barqaror rivojlanish mintaqasiga aylantirish ustuvorligi” tashkil etadi. Hozirgi paytda mintaqamizda, koronavirus pandemiyasining oqibatlariga qaramay, hamkorlikning chuqurlashuvi bo‘yicha barqaror tendensiya kuzatilmoqda.

 

Global aksilterror strategiyasi va Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi

 

BMTning 2006 yil 8 sentyabrda qabul qilingan Global aksilterror strategiyasining to‘rtta asosiy qismidan bittasi inson huquqlari mavzusiga bag‘ishlangan. Ushbu bo‘lim “Inson huquqlarining umumjahon miqyosida hurmat qilinishi va qonun ustuvorligini terrorizmga qarshi kurashning asosiy tayanchi sifatida ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar” deb nomlanganini qayd etish lozim.

Global aksilterror strategiyasida e’tirof etilganidek, terrorizmga qarshi kurashish va inson huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshiriladigan ta’sirchan chora-tadbirlarning biri boshqasini aslo inkor etmaydi. Aksincha, ular o‘zaro bir-birini to‘ldirib, terrorizm jabrdiydalarining huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish uchun nihoyatda zarur hisoblanadi.

Shuni ham ta’kidlash kerakki, “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”dagi oltinchi ustuvor yo‘nalish Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish” deb nomlangani bejiz emas.

Ayniqsa, ushbu ustuvor yo‘nalishning “Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning samarali mexanizmalarini shakllantirish” sarlavhali 82-maqsadi muhim ahamiyat kasb etadi. Hozirgi vaqtda Taraqqiyot strategiyasi doirasida, jumladan:

  • ekstremizm va terrorizmni keltirib chiqaruvchi omillarning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni takomillashtirish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilash, yot g‘oyalar ta’sirining oldini olish va bunday ta’sirga tushib qolganlar bilan tizimli ishlash orqali ularning muammolarini bartaraf etish;
  • aholi, ayniqsa yosh avlodda terrorizm va ekstremizm mafkurasiga qarshi qat’iy va barqaror immunitetni shakllantirish;
  • ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning xalqaro-huquqiy asoslarini takomillashtirish hamda xorijiy davlatlar, mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini kengaytirish;
  • diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi, shuningdek, chet elga uzoq vaqtga ketayotgan hamda yashab kelayotgan fuqarolar bilan shug‘ullanuvchi boshqa idoralarning kadrlar salohiyati va resurslarini mustahkamlash;
  • xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ekstremizm, terrorizm va ularni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasida axborot hamda tajriba almashish;
  • faoliyati ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda faol ishtirok etish;
  • Markaziy Osiyoda BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikdagi sa’y-harakatlarni birgalikdagi harakatlar rejasi doirasida muvofiqlashtirish;
  • Markaziy Osiyoda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha birgalikdagi ishlar doirasida axborot almashinuvi va hamkorlikni rivojlantirishga yordam beruvchi xalqaro tashabbuslarni amalga oshirishda O‘zbekistonning rolini kengaytirish;
  • dunyo hamjamiyati va mintaqaviy tashkilotlar e’tiborini Afg‘onistonda tinchlik va hamjihatlikni ta’minlashga jalb qilish borasidagi tashabbuslarni jadallashtirish va ushbu mamlakatni mintaqaviy hamkorlik jarayonlariga, shu jumladan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishga jalb qilish kabi muhim masalalar doirasida izchil ishlar boshlab yuborilgan.

Xalqaro konferensiyada inson huquqlari masalalariga katta e’tibor qaratilayotgani, ta’bir joiz bo‘lsa, Prezident Shavkat Mirziyoevning Yangi O‘zbekistonni bunyod etish yo‘lida ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili bilan o‘zaro uyg‘un va hamohangdir. Buni anjuman doirasida “Inson huquqlarining umumjahon miqyosida hurmat qilinishi va qonun ustuvorligi ta’minlanishi – terrorizmga qarshi kurashning asosiy tayanchi” mavzusi alohida sessiya majlisida muhokama qilinishi ko‘zda tutilayotgani ham yaqqol tasdiqlaydi.

Mamlakatimiz BMTning Global aksilterror strategiyasini qo‘llab-quvvatlagan, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha 14 ta xalqaro konvensiya hamda protokolni ratifikatsiya qilgan.

Bundan tashqari, bu borada mamlakatimizda “Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”, “Terrorizmga qarshi kurash to‘g‘risida”, “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.

 

BMT va O‘zbekiston: terrorizmga qarshi kurash va inson huquqlari sohasida hamkorlik

 

2021 yil 16 dekabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida “Terrorizm va inson huquqlari” nomli 76/169-sonli rezolyusiya qabul qilindi. Rezolyusiyada terrorizm hamda terrorizm uchun sharoit yaratadigan zo‘ravonlik ekstremizmining barcha xurujlari, usul va amaliyotlari, qaysi shakl va ko‘rinishda yuz berishi, qaerda va kim tomonidan sodir etilishi, qanday motivatsiya yo moliyaviy, moddiy yoki siyosiy qo‘llab-quvvatlash negizida sodir etilishidan qat’i nazar, xalqaro huquqqa mutlaqo mos kelmaydigan xatti-harakat sifatida so‘zsiz qoralanishi ta’kidlangan.

BMT Bosh Assambleyasining Rezolyusiyasida, shuningdek, terrorizm hamda terrorizm uchun sharoit yaratadigan zo‘ravonlik ekstremizmi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini to‘la ro‘yobga chiqarishga g‘ov bo‘lishiga e’tibor qaratilgan. Bu salbiy omillar tufayli esa, bir tomondan, insonning siyosiy, shaxsiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini amalga oshirish yo‘lida to‘siqlar yuzaga kelsa, ikkinchi tomondan, davlatlarning hududiy yaxlitligi va xavfsizligi, hukumatlarning barqarorligi, huquq va demokratiyaning ustuvorligi, yanada tashvishlanarlisi, dunyoda farovon jamiyatlar, xalqaro tinchlik hamda xavfsizlikning mavjudligi ulkan tahdid ostida qoladi.

Bundan tashqari, 76/169-sonli rezolyusiyada  barcha davlatlar hukumatlaridan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlarini rag‘batlantirish va himoya qilish masalalari bo‘yicha maxsus ma’ruzachisiga uning zimmasiga yuklangan vazifa hamda majburiyatlarini bajarishida har tomonlama yordam ko‘rsatishi so‘ralgan.

Shu o‘rinda BMT Maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolaynning mamlakatimizga 2021 yil 28 noyabr – 7 dekabr kunlari amalga oshirgan tashrifi davomida O‘zbekiston tomoni u bilan yaqin hamkorlikda ish olib borgani haqida muxtasar to‘xtalish maqsadga muvofiqdir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev BMT Maxsus ma’ruzachisi F.Ni Aolaynni qabul qildi. Muloqot chog‘ida O‘zbekistonning BMT organlari va huquqni himoya qilish institutlari bilan sherikligini mustahkamlashga qaratilgan qator qo‘shma xalqaro tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.

BMT Maxsus ma’ruzachisi O‘zbekiston Prezidenti bilan muloqoti, shuningdek keng jamoatchilik ishtirokidagi matbuot anjumani va brifinglarda ham O‘zbekistonning “Mehr” operatsiyasi doirasida fuqarolarni mamlakatga qaytarish, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini yuksak baholadi.

F.Ni Aolayn Suriya, Iroq va Afg‘onistondan qaytib kelgan shaxslarning reabilitatsiya markaziga tashrif buyurdi. Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi mazkur maskanda o‘z vaqtida “qaynoq nuqta”lardan olib chiqilgan ayollar va bolalarni reabilitatsiya qilish uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

“Oila birligi va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashiga asoslangan o‘zbek modeli repatriatsiya qilish, bolaning manfaatini ko‘zlash va siyosiy, huquqiy va ijtimoiy harakatlar markazida o‘choqli hududlardan qaytgan ayollarni samarali reintegratsiya qilish bo‘yicha eng yaxshi amaliyot namunasidir", dedi BMT Maxsus ma’ruzachisi.

 

Jahon hamjamiyati va O‘zbekistonning “Mehr” operatsiyasi

 

Ma’lumki, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 47-sessiyasi doirasida 2021 yil 5 iyul kuni “Suriya va Iroqdan olib kelingan ayollar va bolalarning reabilitatsiyasi hamda reintegratsiyasi” mavzuida tashkil etilgan onlayn-tadbirda O‘zbekiston vakillari ishtirok etdi. Mazkur seminarda Suriyaning shimoli-sharqiy qismida joylashgan “Al-Hol” va “Roj” lagerlarida qariyb 70 ming inson – 57 davlat fuqarolari hisoblanuvchi asosan ayollar va bolalar og‘ir ahvolda saqlanayotgani tashvish bilan qayd etildi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, 2019 yildan buyon O‘zbekiston Suriya, Iroq va Afg‘onistondagi ayollar va bolalarni qaytarish bo‘yicha beshta «Mehr» operatsiyasini o‘tkazdi. Mojaroli hududlardan mamlakatga jami 531 nafar kishi olib kelindi.

Jahon hamjamiyati O‘zbekistonning o‘z fuqarolarini mojaro zonalaridan, shu jumladan Iroq va Suriyadan vataniga qaytarish va reintegratsiyasi bo‘yicha harakatlarini olqishladi. Bunday sa’y-harakatlarda O‘zbekiston kabi faollik ko‘rsatgan mamlakatlar kam ekani e’tirof etildi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, bu sa’y-harakatlar bolalarni jabrlanuvchilar sifatida tan olishga hamda bolalar va ayollar uchun gender masalalari inobatga olingan hamjamiyatlar darajasidagi reintegratsiya dasturlari yordamida ularning shaxsiy manfaatlarini himoya qilish zarurligiga asoslangani bilan nihoyatda ahamiyatlidir.

Yanada muhimi, kuchli texnik yordam ko‘rsatish va inson salohiyatini kuchaytirish orqali amalga oshirilgan ushbu sa’y-harakatlar inson huquqlarini amalga oshirish, demokratiyani rivojlantirish va qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Vataniga qaytib kelgan bolalar, ayollar va oilalarning jamiyatga qaytadan integratsiyalashuvi, bir tomondan, ularning ijtimoiy jihatdan yakkalanib qolishiga barham bersa, ikkinchi tomondan, jamiyatda kambag‘allikni kamaytirish orqali tinchlik va barqarorlikni mustahkamlaydi.

BMT Maxsus ma’ruzachisi F.Ni Aolayn terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashdagi yangi yondashuvlarni alohida qayd etdi. Binobarin, O‘zbekiston xalqaro maydonda terrorizmga qarshi kurashda faol ishtirok etmoqda. Xalqaro aksilterror koalitsiyalar faoliyatini izchil qo‘llab-quvvatlamoqda. Xususan, mamlakatimiz BMT Aksilterror qo‘mitasi va MDH Aksilterror markazi faoliyatida qatnashib keladi.

Xulosa qilib aytganda, Toshkent xalqaro konferensiyasida  BMT Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Markaziy Osiyo mamlakatlari hamkorligining noyob tajribasi taqdim etiladi.

Shuningdek, anjumanda terrorizmga qarshi kurash borasidagi xalqaro va mintaqaviy sa’y-harakatlarni birlashtirishda BMTning rolini kengaytirish va davlatlar salohiyatini mustahkamlash, ushbu murakkab jarayonlarda inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlash istiqbollari keng muhokama qilinishi kutilmoqda.

 

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

Powered by GSpeech