11 fevral – Ilm-fanda xotin-qizlar ishtiroki xalqaro kuni. Dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida nishonlanadigan ushbu sana ayollarning ilmiy-texnologik hamjamiyatda muhim rol o‘ynashini, ilm-fanda ularning ishtirokini kengaytirish zaruratini eslatib turadi.
Mazkur xalqaro sanani keng nishonlash Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2015 yil 22 dekabrdagi rezolyusiyasida qayd etilgan. Ushbu rezolyusiya xotin-qizlarning ilm-fan bilan to‘la va teng huquqli tarzda shug‘ullanishiga erishish, gender tenglikni ta’minlash hamda xotin-qizlarning imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida qabul qilingan.
BMT rezolyusiyasi barcha mamlakatlarni ayollarning ilmiy faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni bartaraf etish, ilm-fan, texnika va innovatsiya sohalarida gender nomutanosiblik sabablarini aniqlash, xotin-qizlarni ilmiy muhitga jalb etish bo‘yicha dasturiy tadbirlarni amalga oshirishga chaqiradi.
Ilm-fanda yangi ufqlarni kashf etish insonning yoshi, irqi, tili, millati va jinsiga aslo bog‘liq emas. Insoniyat bu haqiqatni ancha oldin anglab yetgan.
Masalan, bundan ikki asr muqaddam Stendal taxallusi bilan mashhur bo‘lgan Anri Beyl gender tenglik nafaqat adolat va qadr-qimmat hurmat qilinishi uchun, balki ilm-fan va inson bilimini rivojlantirish uchun ham naqadar zarurligini ta’kidlagan.
XIX asrdan buyon bu borada sezilarli yutuqlarga erishildi. Ammo, afsuski, bugungi kunda ham gender tengsizlikning turli ko‘rinishlari mavjudligidan ko‘z yumib bo‘lmaydi.
Fan va gender tenglik 2030 yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish kun tartibida bayon etilgan taraqqiyot maqsadlariga erishishning ajralmas unsurlari hisoblanadi. Binobarin, BMT Barqaror rivojlanish maqsadlaridan biri – gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, davlat boshqaruvi tizimida ayollar ishtirokini ta’minlashdan iborat.
Barqaror rivojlanish maqsadlari asosida jahon hamjamiyati xotin-qizlarni ilm-fanga jalb etishda sezilarli yutuqlarga erishdi. Shunga qaramay, ayollar hali ham ayni jabhada cheklovlarga duch kelmoqda.
YuNESKO Statistika instituti tadqiqotlariga ko‘ra, qizlar matematika fani bo‘yicha o‘g‘il bolalar kabi ijobiy yutuqlarga erishgan bo‘lsa-da, bu soha olimlarining faqat 30 foizini ayollar tashkil etar ekan.
Ayollar farzand ko‘rgach, ilmiy faoliyatini cheklashi yoki to‘xtatishi ehtimoli ko‘proq kuzatiladi. Bunda ba’zi muassasalar uzoq vaqt davomida samarali faoliyat bilan shug‘ullanmagani uchun o‘z xodimlarini jarimaga tortib, ularning reytingini pasaytirishi aynan xotin-qizlar manfaatlariga daxl qilishi odatiy holga aylangani chinarlidir.
Yaqinda Britaniya universiteti bu masalani o‘rganib chiqdi. Ushbu jarayonda mamlakatda jarimaga tortilgan olimlarning barchasi yosh bolali onalar ekani aniqlandi.
Intellektual va ijodiy salohiyatga ega ayollar erkin ilmiy-ijodiy faoliyat yurita olmasa, gender tengsizlik qurboni bo‘lgan hisoblanadi.
YuNESKO Bosh direktori Odri Azule ta’kidlaganidek, "Butun tarix davomida va shu kungacha ayollar ko‘plab boshqa sohalar kabi ilm-fanda ham unutilganlar. Bu holat ayollar va erkaklar o‘rtasidagi tengsizlikning bardavomligiga olib keladi. YuNESKO butun zanjir bo‘ylab, ya’ni ta’limdan ilm-fanda ayollarning kollektiv vakilligigacha ishlash orqali bu muhim muammoni hal qilishga harakat qiladi. Birinchi navbatda, qizlar va ayollarga alohida urg‘u bergan holda barcha imkoniyatlarning asosi sifatida ta’lim hamda bizning ta’lim tizimlarimizdagi tengsizlikka qarshi tezkor kurashga e’tibor qaratiladi".
Shuning uchun YuNESKO faol olimalarni YuNESKOning L'Oreal – “Ilm-fanda ayollar” mukofoti bilan taqdirlash orqali ularni qo‘llab-quvvatlaydi. Ushbu mukofot har yili ilm-fan sohasida sezilarli muvaffaqiyatlarga erishgan besh nafar taniqli olimaga beriladi.
Mukofot g‘oliblari dunyoning barcha yirik mintaqalaridan tanlab olinadi. Ular tabiiy fanlar, matematika va axborot texnologiyalari fanlari sohasidagi ulkan tadqiqotlari uchun mukofotlanadi. Ushbu mukofotning navbatdagi g‘oliblari 2021 yil 11 fevralda Fransiya poytaxti Parij shahrida taqdirlandi.
YuNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha axborot va telekommunikatsiya sohasida 3 foiz, tabiiy fanlar va matematika sohasida 5 foiz mutaxassislar ayollardan iborat.
Mamlakatimizda, ayniqsa, so‘nggi yillarda ushbu yo‘nalishda salmoqli islohotlar amalga oshirilib, xotin-qizlarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini kuchaytirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Natijada bugungi kunda ayollar jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida tobora yetakchi o‘rinlarni egallab, ta’lim, madaniyat va ilm-fan rivojiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Bu haqda so‘z borganda, avvalambor, yaqinda davlatimiz rahbari tasdiqlagan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 69-maqsadi aynan “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash”, deb nomlanganini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur maqsad doirasida, jumladan:
- jamiyatda xotin-qizlarga tazyiq va zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhitini yaratish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash;
- gender tenglikni ta’minlash siyosatini davom ettirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga doir islohotlarni amalga oshirish;
- xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish kabi bir qator muhim vazifalar belgilangan.
Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ilm-fan va ta’limni rivojlantirish sohasini, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak madaniyat va ma’naviyatga ega insonlar etib tarbiyalash borasida boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirish va yangi zamonaviy bosqichga olib chiqish kerakligini ta’kidlagani bejiz emas.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda ilmiy kadrlar tayyorlash tizimining rivojlanishi bu borada muhim omiliga aylandi. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish va innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tashkil etildi.
Shuningdek, “Fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Unda ilmiy ijod va axborot erkinligi, samaradorlik va ijodiy raqobat – fan va ilmiy faoliyat sohasining asosiy tamoyillaridan biri sifatida belgilandi.
Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2020 yilda e’lon qilingan “Olima ayollar grantlari” amaliy va innovatsion loyihalar tanloviga hozirga qadar xotin-qizlar tomonidan umumiy qiymati 1,7 trln so‘m bo‘lgan jami 111 ta ilmiy loyiha taqdim etildi. Dastlabki texnik ekspertiza natijalariga ko‘ra, 40 ta loyihaga ijobiy xulosa berilgan hamda umumiy hajmi 10 mlrd 450 mln so‘mlik 9 ta loyiha moliyalashtirilgan.
Respublika ilmiy va o‘quv muassasalarida 700 nafardan ortiq ayol fan doktori hamda 6 nafar akademik ayol faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi ilmiy institutlarda uch mingga yaqin xotin-qiz ilmiy-tadqiqot faoliyatini samarali olib bormoqda.
O‘zbek olimalari kimyo, biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi va boshqa ko‘plab sohalarda o‘z bilim hamda qobiliyatlarini namoyon etmooqda. Ularning intellektual ishlari xorijiy ilmiy markazlar tomonidan yuqori baholanmoqda.
Prezidentimizning 2020 yil 29 oktyabrdagi Farmoni bilan 2030 yilgacha fanni rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi. Ta’kidlash joizki, mazkur Farmon iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni jadal rivojlantirish, ilmiy, intellektual va moliyaviy resurslarni to‘liq safarbar etish bilan ilmiy va innovatsion salohiyatdan keng foydalanish, kelajakda ilm-fanni uzluksiz isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash, o‘z-o‘zini o‘ylaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash uchun muhim ahamiyatga ega.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 5 martdagi “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizning iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishi hamda bandligini ta’minlashga har tomonlama ko‘maklashishga xizmat qiladi.
Ilm-fanda erishilgan muvaffaqiyatlar insoniyatning umumiy mulki hisoblanadi. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ta’kidlaganidek, “Barqaror rivojlanish kun tartibining asosiy vazifalari – sog‘liqni saqlashni yaxshilashdan tortib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishgacha bo‘lgan ayrim vazifalarni hal etish barchaning iste’dodidan foydalanishga tayanadi”.
Muxtasar aytganda, ilmiy faoliyatga xotin-qizlarni ko‘proq jalb etish lozim. Tadqiqot faoliyatidagi gender xilma-xillik iste’dodli tadqiqotchilar doirasini kengaytiradi, bu sohada yangi istiqbol va ijodkorlikni ta’minlaydi.
Komila OLIMOVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i
- Qo'shildi: 11.02.2022
- Ko'rishlar:
- Chop etish