Koronavirus va masofaviy o‘qitishning o‘ziga xos xususiyatlari

Koronavirus (COVID-19) pandemiyasining keng tarqalishi oqibatlari butun dunyo, jumladan, mamlakatimiz aholisi uchun ham sinovli kechdi. O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirus tarqalib ketishi oldini olish va uning asoratlarini bartaraf etish bo‘yicha maxsus choralar ko‘rilib, karantin cheklovlari joriy etildi. Mamlakatimizda pandemiyaning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar jahondagi ko‘pgina mamlakatlar uchun ibrat, namuna sifatida tan olindi.

Koronavirus pandemiyasi tufayli barcha idora va tashkilotlar, jumladan, ta’lim muassasalarda ham masofaviy yoki onlayn ishlash va o‘qish tartibi joriy etildi. Umuman olganda, masofaviy o‘qitish tizimi juda qulay bo‘lib, iqtisodiyot va hayotni yanada raqamlashtirishga olib keladi.

Dunyoda ko‘pgina oliy ta’lim muassasalari, yirik korxonalar mutaxassislar malakasini oshirish maqsadida, masofaviy o‘qitish tizimidan foydalangan holda, yiliga millionlab pul mablag‘larini tejamoqda. Shu bilan birga, bunday tizimdan nogironligi bo‘lgan shaxslar, uzoq hududlarda yashovchi bolalar ham foydalanishlari  mumkin.

Masofaviy ta’limning tashkiliy-iqtisodiy afzalliklari ham mavjud bo‘lib, masalan, o‘qitish uchun o‘quv xonalari, stollar va boshqa o‘quv qurollari zarur emas. Moliyaviy xarajatlar asosan o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlash va internet trafigi uchun sarflanadi. Tabiiyki, bunda xarajatlar kamayadi. O‘quv-uslubiy materiallar qanchalik tushunarli va batafsil bo‘lsa, talabaga shunchalik foydali bo‘ladi.

Virtual o‘qitish va o‘rganish jarayonida qo‘llash mumkin bo‘lgan ko‘plab shakl hamda uslublar mavjud. Bularning barchasi bir-birini to‘ldirib boradi. Albatta, virtual olamning imkoniyatlari cheksizdir. Masalan, campus youtube yordamida videoga bog‘lanish yoki matnli hujjatlarni qo‘shish yoxud camtasia studio orqali ovoz yozib ko‘rsatmali video darslar tayyorlash mumkin.

Hozirda “ZOOM” platformasi orqali onlayn darslar ham tashkil qilinmoqda. Universitetlarning har bir professor-o‘qituvchisi bu platformaga videoma’ruza, ma’ruzalar matni, mavzular bo‘yicha taqdimot materiallari, mustaqil ish, ochiq va yopiq testlar, glossariy kiritib o‘z vaqtida talabalarning bilimlarini baholab bormoqda.

Onlayn dars – bu an’anaviy o‘qitish usullariga qo‘shimcha ravishda yangi o‘qitish shakli, ya’ni masofaviy o‘qitishdir. Bunday zamonaviy ta’lim tizimi har bir o‘qituvchi-pedagogdan auditoriyaga bo‘lgan yondashuvlarni qisman unutib, virtual auditoriyalarga moslashish, ilg‘or o‘qitish texnologiyalarini o‘zlashtirishi zarurligini taqozo etadi.

Masofaviy ta’lim tizimi orqali kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, tinglovchilar uchun masofaviy malaka oshirish imkoniyatini yaratish, ta’limning turli interaktiv shakllarini bir-biriga yaqinlashtirishga erishish mumkin. Bugungi kunda xorijda masofaviy ta’limda:

  • uydan turib bilim olish;
  • Universitet tomonidan tayyorlangan video darslardan foydalanish;
  • ishlab chiqarishdan ajralmagan holda ta’lim olish;
  • bir vaqtning o‘zida qo‘shimcha tarzda boshqa yo‘nalishlarda ta’lim olish;
  • shaxsiy qiziqishlari bo‘yicha salohiyatini oshirish tajribasi keng tatbiq etilmoqda.

Yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalarida joriy qilinayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasi ham bu kabi imkoniyatlardan foydalanish uchun qulayliklar tug‘diradi.

Zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ta’lim tizimiga keng miqyosda joriy etilgani o‘qitish jarayonining barcha bosqichlari, jumladan, yangi o‘quv materiallarini tushuntirish, takrorlash, umumlashtirish, tinglovchilarning fan bo‘yicha erishgan bilim va malakalarini tekshirishda yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Shuningdek, talabalar va tinglovchilarning ijtimoiy va kasbiy faolligini oshirishga erishilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, masofaviy ta’limning ta’lim muassasalariga joriy etilishi har tomonlama foydalidir. Respublikamiz miqyosidagi barcha oliy ta’lim muassasalari zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan ta’minlanishi, ta’lim muassasasi faoliyatining axborotlashtirilishi ta’lim sifatining oshishiga xizmat qiladi.

Axborotlashtirishning asosiy maqsadi, birinchi navbatda, ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan bo‘lsa, keyingi o‘rinda jarayonlarni avtomatlashtirish orqali oliy ta’lim muassasasi xodimlari va professor-o‘qituvchilari faoliyatida ko‘p takrorlanadigan vazifalar uchun ketadigan vaqtni tejashga qaratilgan.

Albatta, koronavirus pandemiyasi sabab insonlar o‘rtasidagi birlik, mehr-shafqat naqadar kuchayganligi o‘rnak sifatida ko‘rsatilmoqda. Ammo, bunda hukumatimiz va boshqa davlat, jamoat  tuzilmalarining ushbu baloga qarshi samarali faoliyatini munosib qadrlashni ham unutmaylik.

Afsuski, har kuni bu kasallikka chalinganlar soni ko‘payib borayotgan bir paytda, vaziyat to‘liq nazorat ostida deb ayta olmaymiz. Bu esa, qo‘shimcha choralar kerakligini anglatadi va birinchi navbatda, har birimizdan mas’uliyat talab etiladi.

 Ish beruvchilar masofaviy ish uchun sharoit yaratdilar va pullik ta’tillarni ta’minladilar. Maktab o‘quvchilari uchun masofadan o‘qitish tizimi joriy etildi. Bularning barchasi aholi o‘zini o‘zi izolyatsiya qilishi va karantin qoidalariga amal qilishi uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirildi.

Bizdan bugungi og‘ir kunlarda faqat sabr-toqat qilish, sog‘ligimizni saqlash, ilm olish, ibodat qilish, o‘zligimizni anglash, o‘zimizni va atrofimizdagilarni asrash, eng asosiysi, INSON degan nomga munosib bo‘lishimiz talab etiladi, xolos.

 

Dilafruz Umarova,

“Demokratlashtirish va inson huquqlari”

jurnali tahririyatining kadrlar bo‘yicha inspektori

 

Izoh: ushbu maqola e’lon qilinishi arafasida ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda o‘quv jarayonlari yana an’anaviy shaklga o‘tkazilishi to‘g‘risida xabar tarqatdi.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan so‘nggi kunlarda yurtimizda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holati kamayayotgani inobatga olinib, bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2022 yil 7 fevraldan boshlab umumta’lim maktablari, professional, kasb-hunar ta’lim va oliy ta’lim muassasalari, akademik litseylar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘quv jarayoni an’anaviy shaklga o‘tkaziladi.

Bunda barcha ta’lim tashkilotlarida niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, shaxsiy gigiena qoidalariga qat’iy rioya etish va antiseptik vositalardan muntazam foydalanish talab etiladi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech