2022 yil boshidanoq jahonda O‘zbekiston nomi yaxshi ma’noda tez-tez tilga olinayotgani har bir yurtdoshimizga maroq va iftixor bag‘ishlaydi. Bu o‘rinda, jumladan, turli mamlakatlarda akademik Akmal Saidovning “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tayotgani haqida so‘z bormoqda.
Ma’lumki, 2020 yil 9 may — Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligi tadbirlari doirasida Toshkent shahrida “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi va g‘oyalari, xalqimizning bunyodkorlik salohiyati bilan ushbu betakror majmuani qurishdek ezgu tashabbus zamirida xalqimizning beayov jang maydonlarida va front ortida ko‘rsatgan beqiyos jasorati va matonatini tarix sahifalariga muhrlash, yosh avlodimizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalab, kamol toptirish maqsadi o‘z mujassamini topgan.
“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi timsolida tinchliksevarlik va insonparvarlikning o‘zbekona falsafasi amalda yorqin namoyon bo‘lgan. Xalqona tinchlikparvar siyosatga bunday yangicha, bunyodkorona yondashuv, ta’bir joiz bo‘lsa, Yangi O‘zbekistonning shiddatli islohotlariga xos muhim xususiyat hamdir.
Shu ma’noda, 2021 yilda “Tasvir” nashriyoti bilan hamkorlikda «KOLORPAK» MChJ bosmaxonasida yuksak did va zamonaviy matbaa dizayni asosida o‘zbek, ingliz va rus tillarida katta adadda chop etilgan “G‘alaba bog‘i falsafasi” nomli salmoqli kitob poytaxtimizda muhtasham “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi ochilganining 1 yilligiga munosib tuhfa bo‘ldi.
Kitobda “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasining yaratilish tarixi, mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida hikoya qilingan. Muallifning fikr va mushohadalari aniq dalil va raqamlar, tarixiy hujjatlar, fotosuratlar, tegishli mavzudagi she’rlar va tasviriy san’at asarlaridan namunalar bilan mustahkamlangan.
“G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi Ikkinchi jahon urushida beqiyos mardlik va jasorat ko‘rsatgan o‘zbekistonlik jangchilar, front ortida matonat va buyuk insonparvarlik fazilatlarini namoyon qilgan ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining fashizm ustidan qozonilgan buyuk G‘alabani ta’minlashga qo‘shgan munosib hissasini chuqur o‘rganish va keng miqyosda targ‘ib etishga xizmat qiladi. Shuning uchun ushbu kitob turli mamlakatlar ilmiy-ijodiy doiralari tomonidan qizg‘in kutib olindi.
Bu haqda so‘z borganda, xususan, yaqinda Rossiyaning Yekaterinburg shahridagi Ural federal okrugida “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi takdimoti bo‘lib o‘tganini ta’kidlash lozim. Taqdimot O‘zbekistonning ushbu shahardagi Bosh konsulxonasi tomonidan tashkil qilindi.
Taqdimot doirasida 27 yanvar – Leningrad shahri qamaldan to‘liq ozod etilgan kun ham nishonlandi.
Shu munosabat bilan Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekistonga Rossiya, Ukraina va Belorussiyadan evakuatsiya qilingan bolalar, yetimlar, xususan, leningradliklarga boshpana bergan va ularning hayotda o‘z o‘rinlarini topib ketishiga ulkan hissa qo‘shgan mehribon o‘zbek oilalari timsolida temirchi Shoahmad Shomahmudov va uning rafiqasiga bag‘ishlangan badiiy film namoyish etildi.
Tadbirda Sverdlovsk viloyati gubernatorining o‘rinbosari A.Kozlov, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Yekaterinburgdagi vakili A.Xarlov, Sverdlovsk viloyati Qonunchilik palatasining Parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi rahbari V.Vegner, Yekaterinburg shahar merining muovini M.Fadeeva, Bolgariya, Vetnam, Germaniya, Tojikiston bosh konsullari, Ozarbayjon bosh konsuli v.b., Sverdlovsk viloyati inson xuquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman T.Merzlyakova, Ural bojxona boshqarmasi rahbari general A.Frolov, Ural iqtisodiyot universiteti, Ural tog‘-kon universiteti, Ural davlat yuridik universiteti rektorlari, Ural federal universiteti, Rossiya professional pedogogika universiteti prorektorlari, Rossiya muftiysining Uraldagi vakili va Sverdlovsk xristian yeparxiyasi vakili, Ural savdo-sanoat palatasi prezidenti, viloyat arxivi rahbari, viloyat muzeyi boshlig‘i, siyosiy ekspertlar va jamoat vakillari hamda bir qator milliy diasporalar rahbarlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar 2020 yilda – koronavirus pandemiyasi avj olgan bir davrda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlab Toshkentda 15 gektar maydonda “G‘alaba bog‘i” barpo etilgani tom ma’noda tarixiy voqea bo‘lganini e’tirof etdilar. Anjumanda Yangi O‘zbekistonning “G‘alaba bog‘i” hamda xorijiy davlatlarning memorial majmualari o‘rtasidagi muhim farqlar xususida so‘z yuritildi.
Sverdlovsk viloyati inson xuquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsman T.Merzlyakovaning fikricha, G‘alabaga bag‘ishlangan bunday muhtasham bog‘ MDH mamlakatlaridan birontasida, hatto Rossiyada ham mavjud emas. Mazkur “G‘alaba bog‘i” o‘zbek xalqining Vatan tarixiga, o‘z farzandlari jasorati va matonatiga yuksak e’tibori hamda e’tirofining yorqin namunasidir.
Qo‘shni Qozog‘istonning Mangistau viloyatida ham “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekistonning Aqtau shahridagi Bosh konsuli Otabek Tursunbekov so‘zga chiqdi.
O‘zbek diplomati ta’kidlaganidek, ushbu kitobning dunyo yuzini ko‘rishiga sababchi bo‘lgan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi – qahramon ajdodlarimizning munosib nomlarini qayta tiklash va ularni abadiylashtirish, shular misolida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim badiiy ko‘rgazmali vositasi, shuningdek urush jasoratlarini hech qachon unutmaslikka chorlovchi da’vatdir.
O‘z navbatida, Mangistau viloyatidagi «Qog‘amdыq kelіsіm» Qozog‘iston xalq assambleyasi direktori Amangul Jaylxanova “G‘alaba bog‘i falsafasi” kitobini har bir zamondoshimiz mutolaa qilishi zarurligini qayd etdi. U o‘zi rahbarliq qilayotgan tashkilot kutubxonasi va muzeyidan ushbu kitobga faxriy joy ajratilishini ma’lum qildi.
"Har narsaga chidash mumkin, faqat urush bo‘lmasin! Urushni biz ko‘rdik, sizlar ko‘rmangiz, ilohim". Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan va o‘sha mashaqqatli davrda front ortida og‘ir hamda halol mehnati bilan metin matonatini namoyish etgan ota-bobolarimiz 77 yildan buyon bizga hayotning bu oddiy, ammo purhikmat haqiqatini anglatib, hamisha ezgu duolar qilib kelayotganlari bejiz emas. Zero, bashariyat ahli, ayniqsa, jahon yoshlari yer yuzidagi tinchlik va barqarorlik, insoniyat obodligi va farovonligining qadriga yetishlari kerak.
G‘ulom Mirzo
- Qo'shildi: 07.02.2022
- Ko'rishlar:
- Chop etish